O‘zbekiston
prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 fevral kuni qishloq va suv
xo‘jaligi sohasida joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar
muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
«Qishloq xo‘jaligi – mamlakatimiz
eksport salohiyatini oshirish, ish o‘rinlari va aholi daromadini ko‘paytirishda
katta manbalardan biri hisoblanadi. Shu bois sohaga doir ko‘plab hujjatlar
qabul qilinib, zarur sharoitlar yaratib berildi. Bog‘dorchilik, uzumchilik,
meva-sabzavotchilik, sholichilik, chorvachilikni rivojlantirish, suvni tejash,
agrokorxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi»,
deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Ekinlarni oqilona joylashtirish va ilm
bilan yetishtirish orqali bu yil har bir gektardan olinadigan daromadni 5 ming
dollarga yetkazish maqsadi belgilangan.
«Ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko‘paytirish va suvdan oqilona
foydalanish sohadagi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerak», deya ta'kidlagan davlat rahbari.
Buning uchun ekinlarni har bir tumanning
o‘ziga xosligi, mahallalarda tarixan shakllangan dehqonchilik ko‘nikmalari, suv
ta'minotidan kelib chiqib joylashtirish zarurligi qayd etildi. Misol uchun,
Mirzaobod tumanidagi ayrim maydonlarda paxta hosildorligi 12 sentnerni tashkil
qilmoqda. Lekin, u yerdagi mahallalarning ixtisoslashuvi o‘rganilganda, anor
yetishtirish imkoniyati va qayta ishlash korxonasi borligi aniqlangan.
Xuddi shuningdek, Forish va Ellikqal'a
tumanlarida vinobop uzum navlarini o‘stirish mumkin. Buloqboshi tumanida
sarimsoqpiyozdan yaxshi daromad olish, xonadonlarga imtiyozli kredit berish
orqali yiliga 1 ming tonna eksportbop uzum yetishtirish imkoniyati bor.
«Joriy yil 1 martdan boshlab, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida
bog‘, tok va issiqxona uchun aholiga ajratiladigan kreditlar muddati 3 yildan 7
yilgacha, imtiyozli davri esa 1 yildan 3 yilgacha uzaytiriladi. Bu –
odamlarning istagi, o‘zgarishlar uchun imkoniyat», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Lalmi va yaylov yerlarni foydalanishga
kiritish, bu orqali doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratish muhimligi
ta'kidlandi.
Yig‘ilishda joriy yilda qishloq xo‘jaligi korxonalarini 702 ming
tonna urug‘ va 105 million tup ko‘chat bilan ta'minlash zarurligi qayd etilgan.
Bu borada tizim yo‘lga qo‘yilmagani aholiga ham, eksportchilarga
ham qiyinchilik tug‘dirayotgani, navlarning sifati, mahsulotlarning yetilish
muddati tashqi bozorlarda yetakchi o‘rinlarga chiqish imkonini bermayotgani
ta'kidlangan.
Shu bois, endi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy
markazining Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy
tadqiqot instituti hamda uning ilmiy-tajriba stansiyalarida davlat-xususiy
sheriklik asosida yuqori hosilli, eksportbop meva va uzum ko‘chatlari
yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun
har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda hududlarning tuproq-iqlim
sharoitlariga mos intensiv ko‘chatchilik xo‘jaliklari tashkil etiladi. Mahalliy
urug‘chilik xo‘jaliklaridan urug‘ va ko‘chat sotib olinganda, bunga ketgan
mablag‘ning 20 foizigacha qismi to‘lab beriladi.
Shuningdek, muqobil energiyada ishlaydigan
limonchilik issiqxonalari qurish xarajatlarining ham bir qismini qoplab berish
tartibi joriy qilinadi.
Yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik
klasterlari samaradorligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
«Klaster – izlanish, innovatsiya, degani. Agar klasterlar ertangi kunni
tasavvur qilib ishlasa, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni bozorga olib chiqib,
raqobatbardosh bo‘lishi mumkin. Dunyo tajribasini o‘rganib, mahsulotni
ko‘paytirib, tannarxni kamaytirish kerak», degan prezident.
Agrar tarmoqni barqaror moliyaviy
resurslar bilan ta'minlash uchun bu yil Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga 24
trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bunda, birinchi marta, sabzavot
yetishtirishga Markaziy bankning asosiy stavkasida kreditlar berish uchun 300
milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, boshoqli don va paxta
yetishtirish, paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalariga 19 oygacha
kreditlar berish uchun ham qo‘shimcha mablag‘lar talab etiladi.
Shu maqsadda, bugun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi faoliyati hamda
ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini
takomillashtirish to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi. Yig‘ilishda ushbu qaror mazmun-mohiyati, ijrosi haqida
so‘z bordi.
Davlat rahbari sohada ilm-fan va axborot
texnologiyalarini rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratdi.
Poliz va sabzavotchilikni rivojlantirishda AQSh, meva yetishtirishda Buyuk
Britaniya, donchilikda Avstriya, o‘simliklar himoyasi bo‘yicha Niderlandiya,
o‘simliklar oziqlanishi va hujayra biologiyasi bo‘yicha Germaniya tajribasini
o‘rganish, ekspertlarni jalb etish zarurligini ta'kidladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirining axborot texnologiyalarini
rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi va alohida tuzilma tashkil etilmoqda. Ushbu
tuzilmaga yil yakuniga qadar 3 million gektar sug‘oriladigan yerlar
monitoringi, tuproq tarkibi va ekinlar haqidagi ma'lumotlarni mujassam etgan
axborot tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu maqsadlarga xalqaro moliya
tashkilotlarining 10 million dollari yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatining
Yuqori Chirchiq tumanida Agroxizmatlar markazini ishga tushirish bo‘yicha
topshiriq berildi.
Videoselektor yig‘ilishida suvdan tejab
foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.
Joriy yil sug‘orish mavsumida suv
ta'minoti me'yorga nisbatan 25 foiz kam bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois suv
isrofiga umuman yo‘l qo‘ymaslik hayotiy zarurat.
Xususan, 430 ming gektarda suv tejovchi
texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish
mumkin.
Bu, o‘z navbatida, shunday texnologiya va
uskunalarga talabni oshiradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tomchilatib
sug‘orish tizimlari va quvurlar ishlab chiqarish uchun joriy yil fevral-aprel
oylarida 35-40 ming tonna polietilen zarur. Shu bois, suv tejovchi
texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan polietilen va polipropilen uchun import boji
1 oktyabrgacha bekor qilingani aytildi.
Suv xo‘jaligi vazirligiga 3 mingdan ziyod
nasoslarni ta'mirlash va yangilash, nasos stansiyalarida elektr energiyasi va
suv sarfini “onlayn” monitoring qilish tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda chorvachilik, parrandachilik
va baliqchilikni rivojlantirish chora-tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Bu yil 1 iyuldan boshlab, qo‘shilgan
qiymat solig‘idan qarzdorligi bo‘lmagan chorvachilik, parrandachilik,
quyonchilik va baliqchilik xo‘jaliklariga yetishtirgan mahsuloti uchun
budjetdan subsidiya ajratilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, chorvachilik korxonalariga
xomashyo va texnologiyalarni import qilishda bir qator yengilliklar beriladi.
Baliq va parranda yetishtirishdagi nobudgarchilikni sug‘urtalash tartibi ishlab
chiqiladi.
Chorvachilikda ozuqa-yem masalasi dolzarb.
Shu bois yangi o‘zlashtiriladigan yerlar chorva komplekslari uchun taqsimlab
berilishi, 28 ming gektar lalmi va yaylovlarda hamda 173 ming gektar asosiy
ekindan bo‘shagan maydonlarda omuxta-yem yetishtirilishi belgilandi.
Mazkur yo‘nalishlarda malakali kadrlar
tayyorlash masalasiga ham e'tibor qaratildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar
bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, qishloq xo‘jaligi
tarmoqlari rahbarlari axborot berdi.
kun.uz.dan olindi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
25 02 2021 / 9:56