Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Jizzaxda Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqlarini tiklamoqda



Ulashing :


Jizzaxda Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqlarini tiklamoqda

Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish, hamkorlikda ishlashda – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman Jizzax viloyati devoni xodimlari ham faol faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyida Biznes-ombudsmanning Jizzax viloyatidagi xodimlari ish yurituviga 417 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 388 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. 206 ta murojaat qanoatlantirilib, 182 tasiga qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berilgan, 17 ta murojaat Vakilning ko‘rib chiqish doirasiga kirmagan masalalar bo‘lgani sababli tegishliligi bo‘yicha mutasaddi idoralarga yuborilgan va 12 ta murojaat keyingi hisobot davriga qoldiq bo‘lib o‘tgan.

Ushbu murojaatlarning 50 dan ortig‘i yer ajratilishi, tadbirkorga tegishli bo‘lgan yer maydonlarini noqonuniy olib qo‘yish kabi muammolar hisoblanadi. Bu kabi murojaatlar yuzasidan qonuniy yechimni ta’minlash maqsadida Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan tegishli idoralarga 10 dan ortiq ogohlantirishlar berilgan.

Ana shunday murojaatlardan biri Jizzax viloyati hokimligi tomonidan yer ajratish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilib, yeri tortib olingan “Samin novostroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bo‘lgan.

Mazkur jamiyatga 2019 yil 16 mayda viloyat hokimining qarori bilan Sharof Rashidov tumani hududidan 5 gektar yaylov yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan. Ammo 2020 yil 26 noyabrga kelib, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritilib, jamiyatga ajratilgan yer maydoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’ektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni talablariga zid ravishda “E-IJRO AUKSION” elektron savdosisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilganligi sababli yer ajratish to‘g‘risida qarorni bekor qilish so‘ralgan. Natijada, 2020 yil 28 noyabrda viloyat hokimiyati tomonidan tadbirkorga ajratilgan yer maydonidan foydalanish huquqi bekor qilingan.

Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan jamiyat faoliyati o‘rganilganda jamiyat a’zolari ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirish maqsadida aksiyadorlik tijorat “Aloqa bank” Jizzax filialidan 2019 yilning noyabr oyida 4 yil muddatga 400 ming AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘i olinganligi aniqlandi. Ushbu olingan mablag‘ evaziga Xitoy davlatidan suyuq beton va plita ishlab chiqarish minizavodini olib kelib, zimmalariga yuklatilgan 8 milliard 670 million so‘mlik investitsiya kiritish majburiyatini to‘liq bajargan. Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi sababli ushbu minizavod joriy yilning may oyida ishga tushirildi va natijada 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

– “Samin novostroy” MCHJda ayni paytda kuniga 20 dona plita, 40 dona poydevor bloki va 80 kub suyuq beton ishlab chiqarilmoqda, – deydi Biznes ombudsman devoni yetakchi inspektori Asil Ergashev. – Mazkur jamiyatga qarashli minizavodda qo‘shimcha 15 ta yangi ish o‘rni yaratish va ushbu ish o‘rinlarga “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan band bo‘lmagan yoshlarni ishga qabul qilish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan. Shu bois tadbirkorning huquqini himoya qilish maqsadida Jizzax tumanlararo ma’muriy sudiga qarorni haqiqiy emas, deb topish haqida ariza kiritib, tadbirkorning huquqini tiklashda ko‘maklashdik.

Ammo ming afsuski, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari qonun bilan himoya qilingan bo‘lsada, ular faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim “mansabdor” shaxslar hamon uchrab turibdi.

A.Qayumov, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

15 11 2021 / 15:19