2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari
dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining farmoyishi
Ma’muriy
islohotlarni izchil davom ettirish yo‘lida o‘z yechimini kutayotgan masalalarni
hal etish, Yangi O‘zbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat
hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka
yo‘naltirish orqali aholi farovonligini ta’minlash va “mobil boshqaruv
apparati”ni yaratish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi
dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish
marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi
ma’ruzasi doirasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni realizatsiya
qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-2023 yillarga
mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqishni
muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi (keyingi
o‘rinlarda – Komissiya) 1-ilovaga muvofiq;
Davlat boshqaruvi
organlarining maqomini belgilash, tuzilmalarini takomillashtirish va shtat
birliklarini maqbullashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha
ishchi guruhi 2-ilovaga muvofiq;
Davlat boshqaruvi organlari
faoliyatida raqamli texnologiyalar, ochiqlik va davlat-xususiy sheriklikni
rivojlantirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi
guruhi 3-ilovaga muvofiq;
Davlat boshqaruvi
organlarining moddiy-texnika ta’minotini takomillashtirish yuzasidan
takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 4-ilovaga
muvofiq;
Davlat boshqaruvi
organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarni
ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 5-ilovaga
muvofiq;
Davlat boshqaruvi organlarida
korrupsiyaning oldini olish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha
ishchi guruhi 6-ilovaga muvofiq;
Mahalliy davlat hokimiyati
organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab
chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 7-ilovaga
muvofiq tashkil etilsin.
2. Komissiyaning asosiy
vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
ma’muriy islohotlarni amalga
oshirishda davlat boshqaruvi organlarining faoliyati o‘zaro kelishilgan
tarzda, samarali olib borilishini, sustkashliklar va mas’uliyatsizlikka yo‘l
qo‘ymasligini ta’minlash, shuningdek, ishchi guruhlari ishini puxta va
sifatli tashkil qilish, mazkur farmoyishda belgilangan chora-tadbirlar
bilan bir qatorda ularning qo‘shimcha vazifa va funksiyalarini belgilash;
vazirliklar, davlat
qo‘mitalari, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqa davlat
boshqaruvi organlari (keyingi o‘rinlarda – vazirlik va idoralar)ning davlat
siyosatini amalga oshirish, nazorat funksiyalarini bajarish, jismoniy va
yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi funksiyalarini
bo‘lish;
vazirlik va idoralar
faoliyatida aniq ko‘rsatkichlar va maqsadli indikatorlarga erishish
tizimini joriy qilish;
davlat boshqaruvi asoslari
to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining zamon
talablariga mos ravishda puxta ishlab chiqilishi hamda kiritilishini
ta’minlash.
3. Ishchi guruhlar
rahbarlari R.Q.Davletov, Sh.X.Shermatov, T.A.Ishmetov, O.A.Xasanov,
N.T.Yo‘ldoshev, D.A.Kuchkarov 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston
ma’muriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar 8-ilovada belgilangan asosiy
ustuvor yo‘nalishlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilishini
ta’minlasin.
4. 2022-2023 yillarga
mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturining loyihasini
ishlab chiqish sxemasi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib
o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
mazkur farmoyishning
2-7-ilovalariga muvofiq tashkil qilinayotgan ishchi guruhlari tomonidan
tayyorlangan takliflar ishchi guruhi rahbarining imzosi bilan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi;
takliflar taqdimot
ko‘rinishida taqdim qilinadi hamda
ularga tahliliy ma’lumotnoma va jadvallar, rivojlangan mamlakatlarning
tajribasini o‘rganish bo‘yicha ma’lumotnoma va boshqa materiallar, shuningdek,
zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ilova qilinadi (keyingi
o‘rinlarda – taqdimot materiallari);
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Administratsiyasi Vazirlar Mahkamasi hamda ishchi guruhlari bilan
birgalikda taqdim qilingan taqdimot materiallarini ko‘rib chiqadi hamda
Komissiyaga kiritadi;
Komissiyaning yig‘ilishida
taqdimot materiallarini shaxsan ishchi guruhlari
rahbarlari taqdimot qiladi.
6. Belgilansinki, ishchi
guruhi a’zolari asosiy ish joyidagi vazifalardan to‘liq ozod qilinadi hamda
tegishli davr mobaynida ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha shart-sharoitlar
saqlab qolinadi.
Vazirlik va idoralar
rahbarlari ikki kun muddatda ishchi guruhlari
tarkibiga kiritilgan a’zolar belgilangan tartibda o‘z ishida to‘liq faoliyat
yuritishini ta’minlasin.
7. Ishchi guruhlari
rahbarlari R.Q.Davletov, Sh.X.Shermatov, T.A.Ishmetov, O.A.Xasanov,
N.T.Yo‘ldoshev, D.A.Kuchkarov:
uch kun muddatda tashkiliy yig‘ilishlarni o‘tkazib, tegishli yo‘nalish doirasida belgilangan
vazifalar sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha savolnoma,
tarmoq grafigi va taqdimot materiallari namunalarini tasdiqlasin hamda
ishchi guruhi a’zolarining vazifalar taqsimotini belgilasin;
ishchi guruhlari faoliyatini
samarali tashkil qilish uchun barcha zarur choralarni amalga
oshirsin;
har kuni tegishli ishchi guruhlari tomonidan tayyorlanayotgan
takliflarning muhokamasini tashkil etib borsin, zarur
hollarda, ushbu ishlarni boshqa ishchi guruhlari bilan birgalikda amalga
oshirsin;
takliflarni tayyorlash
jarayonida ishchi guruhlari o‘rtasida samarali va doimiy kommunikatsiya
hamda hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin;
2022 yil 20 yanvarga qadar ishchi guruhlari tomonidan har tomonlama asoslantirilgan
takliflar ishlab chiqilishini va ularning manfaatdor vazirlik va idoralar, shu
jumladan, mahalliy hokimliklar bilan kelishilishini hamda O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini ta’minlasin.
8. Ishchi guruhlari
rahbarlariga:
belgilangan vazifalarni amalga
oshirishda vazirlik va idoralar, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro
tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek, mahalliy hamda
xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilish;
jurnalist va blogerlarni jalb
qilish hamda tayyorlanayotgan takliflarni ommaviy axborot vositalari va
ijtimoiy tarmoqlarda yoritish, belgilangan vazifalar bo‘yicha so‘rovnomalar
tashkil qilish huquqi berilsin.
9. Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Kamilov):
ishchi guruhlarining
so‘rovlariga asosan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi
diplomatik vakolatxonalarini jalb qilgan holda tegishli masalalar yuzasidan
rivojlangan davlatlarning tajribasini chuqur o‘rganib, ular bo‘yicha
ma’lumotlarning tezkor taqdim etilishini ta’minlasin;
ushbu ma’lumotlarni tayyorlashda
xorijiy davlatlarning nufuzli ekspertlari, olimlari va mutaxassislari
bilan uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkazish (shu
jumladan, videokonferensaloqa shaklida), ulardagi asosiy
normativ-huquqiy hujjatlarni tarjima qilish choralarini ko‘rsin;
Investitsiyalar va tashqi
savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya
institutlaridan ma’muriy islohotlar yuzasidan tayyorlangan tahliliy axborotlar
va hisobotlar, shuningdek, tavsiya va takliflarini so‘rab olsin va ishchi
guruhlariga taqdim etsin, zarur hollarda, ularning tajribali ekspertlarini
ishchi guruhlari faoliyatiga jalb qilishga ko‘maklashsin;
Davlat xizmatini
rivojlantirish agentligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda zarur
hollarda ishchi guruhlari a’zolarini rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa
muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.
Bunda, ishchi guruhlari
a’zolarini xorijga yuborish bilan bog‘liq xarajatlar (transport, mehmonxona,
kunlik va boshqalar) Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash
jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
10. Komissiya (A.N.Aripov,
Z.Sh.Nizomiddinov):
2022 yil 10 fevralga
qadar taqdimot materiallarini ko‘rib chiqsin;
2022 yil 20 fevralga qadar har
bir yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimot
qilsin;
2022 yil 1 martga qadar 2022-2023 yillarda
Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l
xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,2021 yil 22 noyabr.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
23 11 2021 / 15:48