
Sirdaryo viloyatida fermer, dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish, aholi tomorqalaridan mo‘l hosil yetishtirish mavzusida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda ham bu boradagi yangiliklar qayd etib o‘tildi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklar va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida joylashgan "Agro hamkor tomorqa xizmat", "Sirdaryo urug‘chilik tomorqa xizmati" MCHJ klasterlarining faoliyati bilan tanishdi.

A.Xaitov aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish va qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash muhim masala ekanini alohida qayd etdi.
Hozirda qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etilib, ularda «yagona darcha» tamoyili asosida 100 dan ortiq agroxizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu markazlar orqali yerning sifatini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish, urug‘liklarni tanlash bilan bog‘liq muhim xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Seminarda dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan yerlarni ochiq elektron tanlov orqali 10 yilga ijaraga berish loyihasi ishga tushganligi qayd etildi.
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
21 02 2022 / 11:18