Davlat rahbarining adliya tizimida ma’muriy islohotni amalga oshirishga
qaratilgan “Fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat
ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada
oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Adliya tizimida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat
xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya
vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga
qo‘shish.
Natijada boshqaruv xodimlari soni 110 taga ya’ni 2,2
foizga (birgina markaziy apparat 10 foizga ya’ni
356 tadan 320 taga) qisqartirildi. Qisqartirilayotgan
shtatlarning asosiy qismini rahbar lavozimlar tashkil qiladi.
Hududlardagi Davlat xizmatlari boshqarmalari hamda Intellektual
mulk markazlari hududiy adliya boshqarmalari tarkibiga o‘tkazildi. Tumandagi
davlat xizmatlari markazlari, FHDYo organlari va yuridik xizmat ko‘rsatish
markazlari tuman adliya bo‘limlari bilan birlashtirilib bitta binoda faoliyat
yurituvchi yagona Adliya bo‘limlariga aylantirildi,
uning tarkibida intellektual mulk obektlarini muhofaza qilish bo‘yicha alohida
mas’ullar faoliyat yuritadi.
Vazirlik tizimidagi bir-birini takrorlovchi vazifa va funksiyalar
qayta ko‘rib chiqilib, qisqartirilmoqda.
Vazirlik tizimidagi boshqaruv tuzilmalari 666 tadan 222 taga (67
foizga), bir-birini takrorlovchi vazifalar 35 tadan 23 taga (34 foizga) va
funksiyalar 388 tadan 215 taga (46 foizga) qisqarmoqda.
Takrorlovchi vazifa va funksiyalarning qisqartirilishi bevosita
xodimlar ish unumdorligi oshishiga, fuqarolarning murojaatlari yanada tez va
samarali hal etilishiga yordam beradi.
Adliya vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda
raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash ko‘zda tutilgan.
Dastur doirasida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan davlat xizmatlarini,
jumladan ko‘chmas mulk hamda manzilga ro‘yxatga qo‘yish, nogironlik va turli
kasalliklarga oid nafaqalar tayinlashni kompozit tarzda ya’ni bir vaqtda
ko‘rsatish tizimini joriy etish orqali aholining sarsongarchiligi oldi olinadi.
1990-2016 yillar oralig‘ida qabul qilingan hukumat
qarorlari xatlovdan o‘tkaziladi va ularning bugungi
kundagi ahamiyati tahlil qilinib, fuqarolarga va tadbirkorlarga yengillik
yaratish nuqtai-nazaridan qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, “ye-shartnoma” tizimi
yagona elektron portali yaratiladi, bu tizim orqali tadbirkorlar onlayn
ravishda turli shartnoma namunalarini bepul olishi mumkin bo‘ladi hamda
shartnomaviy-huquqiy munosabatlarda yagona huquqni qo‘llash amaliyoti vujudga
keladi.
Xalq deputatlari kengashlarining hududlardagi islohotlar ustidan
nazoratini kuchaytirish maqsadida deputatlik nazoratining yangi shakli – “kengash
so‘rovi” joriy etiladi.
2023 yildan mualliflik huquqi
obektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazada jamlash
tartibini joriy qilish. Yagona baza orqali mualliflik huquqi obektlarini
kafolatli elektron saqlash mexanizmi yaratiladi.
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini ilmiy qo‘llab-quvvatlash uchun
qonunchilik hujjatlarini qo‘llash amaliyotini joyiga chiqqan holda o‘rganadi.
Vazirlikning bildirishicha, adliya tizimida amalga oshirilgan
islohotlarning asosiy maqsadi tizimda qabul qilinayotgan qarorlarning samarali
amalga oshirilishini ta’minlash va uning amalga oshirilish jarayonini tezkor
kuzatib borish imkonini yaratish orqali xalqchil, ixcham, zamonaviy, aholi
uchun qulay tizim yaratishdan iborat.
Avvalroq, adliya vaziri Ruslanbek Davletov O‘zbekistonda davlat
tashkilotlari soni ortib ketganini tanqid qilib, davlat boshqaruvini
ixchamlashtirish lozimligini ta’kidlagandi.
Kun.uzdan
olindi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
18 03 2022 / 14:44