Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Mamlakatimizning 8 ta tumanida qurilish materiallari klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi



Ulashing :


Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan navbatdagi anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 fevraldagi “Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.

"O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi va Qurilish vazirligi mutasaddilari ushbu qarorda belgilangan ustuvor vazifalar va mamlakatimizda qurilish sohasini va qurilish materiallarini ishlab chiqarish kompleksini yanada rivojlantirish, hududlarda aholi uchun arzon uy-joylar qurilishini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr yuritdi.

– Mazkur qarorga muvofiq, respublikaning 8 ta tumanida xomashyoni qazib olishdan uni qayta ishlash, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish, tayyor qurilish va pardozbop materiallar ishlab chiqarishgacha qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibidagi “O‘zqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi direktori Saidahmad Razzoqov. – Shuningdek, 16 ta tuman va shaharlarida boshqa hududlar bilan sanoat kooperatsiyasini yaratish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Har bir hududda kamida bittadan qurilish materiallarini ishlab chiqarishdan tortib ko‘p qavatli uy-joylar qurishgacha qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi uy-joy qurilishi klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, qaror bilan ushbu tashkil etiladigan klasterlarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha 2022-2023 yillarda davlat byudjetidan 200 milliard so‘m, shundan joriy yilda 101 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yil 1 martdan boshlab barcha yuridik shaxslarga respublikada ishlab chiqariladigan sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportga sotishga ruxsat berildi. Natijada joriy yilda qurilish materiallarining eksporti o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobarga oshib, 600 million dollarga yetkaziladi. Ushbu ko‘rsatkich 2026 yilga borib 1 milliard dollardan oshiriladi.

– Oxirgi besh yilda mamlakatimiz investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va qurilish sohasini rivojlantirishga katta e’tibor berildi, – dedi Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Elyor Komilov. – Olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida qurilish materiallari sanoti jadal rivojlanmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 21 fevraldagi qarori respublikada qurilish sohasini va qurilish materiallarini ishlab chiqarish kompleksini yanada rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, unda hududlarda aholi uchun arzon uy-joylar qurilishini ta’minlash, uy-joy qurilishi bozorida talab va taklif nomutanosibligini qisqartirishga xizmat qiladi. Bunda Andijon viloyatining Ulug‘nor, Buxoro viloyatining Qorovulbozor, Jizzax viloyatining Forish, Samarqand viloyatining Paxtachi, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Toshkent viloyatinig Ohangaron kabi tumanlarida tabiiy toshni ishlab chiqarish, pardozlash, g‘isht va sement ishlab chiqarishga hududning imkoniyatiga qarab moslashtirildi. Shuningdek, sanoat korporatsiyasini tashkil etish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayotgan 14 ta tuman va bitta shahar ro‘yxati tasdiqlandi.

Tadbirda mutasaddilar qarorda belgilangan vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berilar ekan, unda materiallarini eksport qiluvchi korxonalarga barcha davlatlarga, shu jumladan, chegaradosh davlatlarga eksport qilganda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etilishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ularning qayd etishicha, 2022 yil yakuniga qadar “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan kurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish uchun 300 million dollar miqdorda xalqaro korporativ obligatsiyalari joylashtiriladi. Uy-joy qurilishi klasterlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 million dollar miqdorida hukumat kafolatisiz xorijiy kredit liniyalarining mablag‘lari jalb qilinadi. 2022-2023 yillarda Davlat byudjetidan Davlat geologiya qo‘mitasiga geologiya-qidiruv ishlari uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilsa, 400 ta foydali qazilma kon uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

18 03 2022 / 16:36