Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Buxoro va Navoiy viloyatlari yoshlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkazildi



Ulashing :


Buxoro va Navoiy viloyatlari yoshlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkazildi

2022 yilning 13-14 aprel kunlari O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining “O‘quvchi-talabalar va yosh tadbirkorlarda biznesni yuritish hamda loyiha ishi bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish” dasturi doirasida O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan ”Men ham tadbirkor bo‘laman” loyihasi bo‘yicha navbatdagi o‘quv seminarlari Buxoro va Navoiy viloyatlari yoshlari uchun tashkil qilindi. Ushbu tadbir o‘quvchi-talabalar va yosh tadbirkorlarni biznes yuritishga o‘rgatish, mazkur sohada bilim va malakalarini oshirish hamda ularning biznes tashabbuslari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, band bo‘lmagan ishsiz yoshlarni foydali mehnat faoliyatiga o‘rgatish maqsadida o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv seminarlarining moderatori O‘zTFQM eksperti, TDIU dotsenti Akmal Aliyev tashkil etilayotgan o‘quv mashg‘ulotlaridan maqsad-yoshlarning tadbirkorlik va fermerlik faoliyatiga qiziqishini yanada kuchaytirish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridagi o‘quvchi-talabalarni ishbilarmonlikka o‘rgatish, band bo‘lmagan ishsiz yoshlarni foydali mehnat faoliyatiga o‘rgatish ekanligi haqida gapirgan bo‘lsa, Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati Botir Mardayev O‘zbekiston Respublikasida biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik va xususiy mulkni himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan muhim qonunlar va qonunosti me’yoriy-huquqiy hujjatlar haqida qiziqarli ma’ruza qildi.

Shuningdek, seminarga tashrif buyurgan Savdo-sanoat palatasidan D.Qalandarov tadbirkorlik faoliyati va uning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati, tadbirkorlik sub’ektlarining qanday tashkil etilishi, biznes-rejalar haqida, Soliq qo‘mitasidan R.Qo‘ziyev tadbirkorlik sub’ektlariga davlat tomonidan beriladigan imtiyozli soliq va preferensiyalar, Respublika Mikrokreditbank, Xalq banki, Agrobank, Qishloqqurilish tijorat banklari mutaxassislari Z.Isakova, J.Eshonqulov, X.Toshev, R.Masharipovalar tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish, subsidiya va kreditlar, imtiyozli kreditlar, kredit hujjatlarini rasmiylashtirish va ssudani qaytarish tartiblari haqida batafsil ma’lumotlar berdilar.

Jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi bosh mutaxassisi S.Nazirovning yoshlar tadbirkorligida innovatsiyaning o‘rni, startaplar, ularni amalga oshirish yo‘llari haqidagi prezentatsiyasi yoshlarni tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqlarini yanada oshirdi. Ayniqsa, bugungi kunda tadbirkorlikda munosib o‘ringa ega bo‘lgan, el orasida tanilib, deputatlikkacha ko‘tarilgan “Cleanliness Sources” korxonasi bosh direktor o‘rinbosari A.Tulyaganovning o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishi hamda O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi Toshkent shahar bo‘linmasi direktori, rieltorlar kengashi raisi B.Nasrullayevning biznes boshlash va yuritishdagi ilk qadamlari hamda erishgan natijalari haqidagi fikr-mulohazalari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. PGS xususiy korxona ta’sischisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Faxriy deputati P.Sveshnikov, “GREAT EVENT MEDIA” korxonasi rahbari G.Radjabovalarning biznesdagi amaliy ko‘nikmalarini o‘rtoqlashishi yoshlarga juda ma’qul keldi. Uch kun davom etgan seminarda o‘quvchi-talabalar va ish bilan band bo‘lmagan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar.

M.Yarmuhamedova

O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi





Sarlavxa :
Iqtisodiyot

19 04 2022 / 17:05