Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Epizootik barqarorlik ta’minlanmoqda



Ulashing :


Epizootik barqarorlik ta’minlanmoqda

Navoiy viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish hamda viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida “Epizootik barqarorlikni ta’minlash, chorvachilikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Dastlab ishtirokchilar veterinariya va chorvachilikda foydalaniladigan buyumlar va asbob-uskunalar ko‘rgazmasi bilan tanishib, birlamchi ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Viloyatda 528,4 ming bosh yirik shoxli, 2 million 321 ming bosh mayda shoxli mol, 21 ming 320 bosh yilqi, 8,5 ming bosh tuya mavjud.

Viloyatda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilib, 171 ming tonna go‘sht, 481 ming 600 tonna sut, qariyb 498,3 million dona tuxum, 13 ming 502 tonna baliq va qariyb 1 400 tonna asal yetkazib berilgan.

Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida epizootik barqarorlikni ta’minlash maqsadida chorva mollarini o‘ta yuqumli kasalliklardan asrash uchun emlash ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, kuydirgi kasalligiga qarshi qariyb 269,5 ming bosh yirik shoxli, 892 ming 250 bosh mayda shoxli mollar, 8 ming bosh ot, 4 ming 588 bosh tuya, oqsil kasalligiga qarshi 121 ming 761 bosh yirik shoxli, qariyb 342 ming bosh mayda shoxli mollar, qorason kasalligiga qarshi qariyb 72,5 ming bosh yirik shoxli mollar, bradzot kasalligiga qarshi 40 ming bosh mayda shoxli mollar, quturish kasalligiga qarshi 47,1 mingta it, 616 ta mushuk, tuyalar o‘lati kasalligiga qarshi qariyb 5,2 ming bosh tuya, leptospiroz kasalligiga qarshi 4 ming bosh yirik shoxli mollar, gemorragik kasalligiga qarshi 2,5 mingta quyon va nodulyar dermatit kasalligiga qarshi qariyb 306 ming bosh yirik shoxli mollar emlangan. Shuningdek, brutselloz kasalligiga qarshi 46 ming 596 bosh yirik shoxli va 17 ming 427 bosh mayda shoxli mollar serologik tekshiruvlardan o‘tkazilgan.

– Joriy yil o‘tgan davrida 36 ming 720 ta chorvachilik bino va inshootlarida 1 million 541 ming 300 kvadrat metr maydonda dezinfeksiya, 26 ming 699 ta bino va inshootda 1 million 589 ming 200 kvadrat metr maydonda dezinseksiya va 22 ming 189 ta bino va inshootda 121 ming 400 kvadrat metr maydonda deratizatsiya tadbirlari amalga oshirildi, – deydi viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Nizomov. – Viloyatda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan 700 kilometrdan ziyod chegara hududida bufer zonalari tashkil etilgan. Shuningdek, hududimizda kuydirgi kasalligining 10 ta eski, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi, tuyalar o‘lati, bradzot, enterotoksemiya, qo‘ylar chechagi, leptospiroz, quturish kasalliklari o‘chog‘i mavjud bo‘lib, rejali profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi natijasida ushbu kasalliklar bo‘yicha epizootik barqarorlik ta’minlangan.

Tadbirda soha xodimlari chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun ajratilgan subsidiyalar, daydi itlar va xonadonlarda parvarishlanayotgan parrandalar, yirik va mayda shoxli mollar profilaktikasi bilan bog‘liq savollarga javoblar qaytarishdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

16 05 2022 / 11:46