Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston – Rossiya: investitsiyaviy va sanoat hamkorligining yangi qirralari



Ulashing :



Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohasida O‘zbekiston – Rossiya hamkorligi, qator istiqbolli investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilishi hamda qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlikning joriy holati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Suhbat davomida tomonlar farmatsevtika, metallurgiya, mashinasozlik, aviasozlik va iqtisodiyotning boshqa sohalarida istiqbolli loyihalarni shakllantirishga katta e’tibor qaratdilar. Shu bilan birga ikki mamlakatning tegishli vazirlik, idoralari va xususiy sektor kompaniyalari darajasida hamkorlikni rivojlantirishga oid navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.

O‘zbekiston va Rossiya korxonalari o‘rtasida, jumladan, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimiz vazirlik, idoralari va hududiy ma’muriyatlari delegatsiyalarining RF hududlariga rejalashtirilgan tashriflari chog‘ida ikki tomonlama yangi investitsiya va savdo bitimlarini birgalikda ishlab chiqishni faollashtirishga kelishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tashkil etilgan Loyiha ofisi doirasida yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalasi atroflicha muhokama etildi.

5,8 milliard dollarlik 104 ta loyihani o‘z ichiga olgan Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlik dasturini hayotga tatbiq etishda birgalikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Tomonlar, shuningdek, ilgari ma’qullangan Amaliyot va o‘quv dasturi asosida RF Sanoat va savdo vazirligida tarmoqlar sanoatini rivojlantirish sohasi bo‘yicha O‘zbekiston davlat xizmatchilari malaka oshirishlarini ta’minlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari Mintaqalararo hamkorlik II Forumi, “Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi” (“XXYUK”) Butunrossiya ko‘rgazma markazi hududidagi 66-pavilonda O‘zbekiston Respublikasi ko‘rgazma-madaniy markazining ochilishi, Moskva shahrida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” mahsulotlar Milliy ko‘rgazmasi namoyishi, shuningdek, Media forumi, Ta’lim forumi kabi qo‘shma tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan muddatlarda aniq natijalarga erishish maqsadida o‘zaro manfaatlar kesishayotgan barcha sohalarda faol va tizimli ish olib borishga sodiqlik bildirdilar.

https://www.uza.uz/oz/posts/ozbekiston-rossiya-investitsiyaviy-va-sanoat-hamkorligining-yangi-qirralari_249211


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

16 03 2021 / 16:06