1 iyundan parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga don zaxirasi
yaratish uchun 3 oylik imtiyozli davr bilan 12 oygacha revolver kreditlar
ajratiladi. Bundan tashqari, parrandachilik xo‘jaliklariga davlat tomonidan
imtiyoz va subsidiyalarni my.vetgov.uz sayti orqali berish yo‘lga
qo‘yilmoqda.
Chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev «Parrandachilik sohasini davlat
tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.
Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan parrandachilik mahsulotlarini ishlab
chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan
qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan
foydalanish huquqi faqatgina my.vetgov.uz saytida ro‘yxatdan o‘tgan hamda
tegishli mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xo‘jaliklariga beriladi.
Qayd etilishicha, 2022 yil 1
iyundan 400 mlrd so‘mgacha kredit mablag‘lari hisobidan
parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi
tadbirkorlarga don zaxirasi yaratish uchun Markaziy bank asosiy stavkasida 3
oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha revolver kreditlar ajratiladi.
Bundan tashqari, inkubatsion tuxum, bir kunlik jo‘ja, ozuqa mahsulotlari
va uning qo‘shimchalari, dori vositalari, qo‘shimcha komponentlar,
bug‘doy, makkajo‘xori va boshqa don mahsulotlari uchun aylanma mablag‘lar
jamg‘arishga hamda go‘sht yetishtirishdagi loyihalar, inkubatsion sexlar,
parrandachilik mahsulotlarini ishlash, saqlash texnologiyalari va boshqa
zarur ehtiyot qismlari uchun parrandachilik xo‘jaliklari va parrandachilik
omuxta yemi ishlab chiqaruvchilarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli
kreditlar ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli davlat
dasturlari bo‘yicha kredit mablag‘lari 10 yilgacha muddatga 3 yilgacha
imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Shuningdek, Tiklanish
va taraqqiyot jamg‘armasining parrandachilik xo‘jaliklari va parranda
omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari loyihalarini
moliyalashtirish uchun «Mikrokreditbank» ATBga yo‘naltirilgan miqdoridagi
mablag‘larini qaytarish muddati 7 yildan 10 yilgacha 5 yillik imtiyozli
davr bilan uzaytiriladi.
Tadbirkorlarga ularning
mavjud quvvatlarini to‘liq ishga tushirish uchun oldin ajratilgan kreditlarning
qaytarish muddati ularning arizasiga ko‘ra hamda Veterinariya
va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi takliflariga asosan 10
yilgacha uzaytiriladi.
«Parrandasanoat»
uyushmasiga a’zo parrandachilik xo‘jaliklariga 2022 yil 1 iyuldan 2024 yil 1
yanvargacha davrda parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor
jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya
miqdori 12 ming so‘m etib belgilandi.
Parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmlari yil yakunigacha kamida 35 foizga
oshirilib, 600 ming tonnaga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 24 yanvardagi qarori bilan 1 yanvardan 2024
yil 1 yanvargacha parrandachilik xo‘jaliklariga o‘z xo‘jaliklarida
yetishtirilib, sotilgan parranda go‘shtining har bir kilogrami uchun subsidiya
miqdori 2500 so‘m etib belgilandi.
«Газета.уз»dan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 06 2022 / 11:34