O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan turkiy davlatlar
o‘rtasida agrar sohada hamkorlik bo‘yicha yangi mexanizm yaratildi.
O‘zbekiston
olib borayotgan faol va ochiq tashqi siyosat bugungi kunda yangi hamkorlik
yo‘nalishlarini kashf qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, barcha sohalarda xorijlik
sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va samarador aloqalar o‘rnatilishi va
rivojlanishiga zamin yaratmoqda.
Xususan,
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar
– BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi
(MDH) va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida ilgari surilgan salmoqli
g‘oyalar va takliflar amaliyotda o‘z ifodasini topmoqda.
Shu
o‘rinda davlatimiz rahbari tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida
ilgari surilgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston TDTga 2019 yilda
to‘laqonli a’zo bo‘lib kirgan bo‘lsada, o‘tgan qisqa muddat davomida
Tashkilotga faol tashabbuskorlik ruhini olib kirdi hamda muhim tadbirlar
tashkil qilindi.
Xususan,
joriy yilning 3-4 iyul kunlari Toshkent mezbonlik qilayotgan Turkiy davlatlar
tashkilotiga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi
yig‘ilishini hamda Turkiy agroforumni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi 2021
yil 31 mart kuni Tashkilotning norasmiy sammitida Prezidentimiz tomonidan
ilgari surilgan edi.
Pandemiyaning
salbiy oqibatlari natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar, tovarlarni
“ishlab chiqarish – yetkazish” zanjirining uzilishlari, xalqaro munosabatlar
tizimining keskin o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan geosiyosiy jarayonlar,
shuningdek, ortga qaytarib bo‘lmaydigan darajaga yetib kelgan ekologik
muammolar hamda iqlim o‘zgarishi butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat xavfsizligiga
tahdid solib, ayrim davlatlarda hatto ocharchilik xavfini yuzaga keltirmoqda.
Aynan
shunday murakkab davrda Turkiy davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlari birinchi
yig‘ilishi hamda Turkiy agroforumning O‘zbekistonda o‘tkazilishi turkiy
davlatlar o‘rtasidagi yangi hamkorlik mexanizmini yaratibgina qolmay, balki
butun mintaqada mavjud bo‘lgan oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolarga birgalikda
yechim topishda muhim platforma hisoblanadi.
Shu
o‘rinda, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan
e’lon qilingan ayrim raqamlarga murojaat qilish e’tiborga molik. FAO
ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarini yetishtirish hamda oziq-ovqatlarning xalqaro savdosi uchun jami
yer resurslarining 37 foizi hamda suv manbalarining 29 foizi sarflanadi. Agar
ayrim mintaqalardagi keskin suv tanqisligi, qishloq xo‘jaligi uchun yaroqli
yerlarning kamligi hamda cho‘llashish jarayonining tezlashib borayotganligini
inobatga olsak, global hamda mintaqaviy darajadagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda
mukammal ishlovchi agrar tizimni yaratish hayotiy zarurat ekanligi yaqqol
ko‘zga tashlanadi.
FAO Bosh
direktori Syuy Dun’yuy 2022 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bozor
munosabatlaridagi o‘rni bo‘yicha e’lon qilgan hisobotida samarali savdo-sotiq
butun dunyo bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi
turmush-tarzini yaxshilashga xizmat qiluvchi muhim drayver ekanligini
ta’kidlaydi. Bundan tashqari, savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirish oziq-ovqat
ta’minoti tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash bilan bir qatorda, tanqis
hisoblangan tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanishga, shuningdek,
zamonaviy texnologiyalarning keng yoyilishiga sharoit yaratadi. Statistik
ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi kam daromadli mamlakatlarda savdo xarajatlari
tovar tan narxidan 400 foizgacha qimmat bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda.
Davlatlardagi turli xil bojxona tariflari, sug‘urta to‘lovlari, tovarlarning
eksport va import jarayonlarida chegaralarda ushlanib qolish holatlari bilan
bog‘liq xarajatlar va boshqa turli xil standartlarning mavjudligi savdo
xarajatlarining oshishiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan hisoblanadi.
Toshkentda
o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar agroforumi qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat
ta’minoti sohasida band bo‘lgan klasterlar, fermerlar, tadbirkorlik sub’ektlari
hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida
to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sheriklar bilan hamkorlik aloqalarining
o‘rnatilishiga imkoniyat yaratadi. 160 milliondan ortiq aholi istiqomat
qiladigan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning jami savdo aylanmasi
815 milliard dollarni tashkil etadi. Ammo Tashkilot ishtirokchilari o‘rtasidagi
o‘zaro savdo ayirboshlash o‘tgan yillar davomida 33,2 milliard dollarlik
ko‘rsatkich bilan kifoyalangan (umumiy tashqi savdoning 4 foizi). Raqamlar
turkiy davlatlar o‘rtasidagi ayrim hamkorlik aloqalarida hali foydalanilmayotgan
imkoniyatlar va salohiyat yetarli ekanligini ko‘rsatadi.
Prezidentimiz
tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar turkiy davlatlar o‘rtasida
agrar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish hamda
ushbu sohada kelajakda birgalikda qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab
olishda muhim hisoblanadi. Tashkilotga a’zo hisoblangan Ozarbayjon, Turkiya,
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, shuningek, kuzatuvchi davlatlar
Vengriya hamda Turkmaniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish,
ularni qayta ishlash va saqlash bo‘yicha boy tajribaga ega. Xususan, Turkiya
bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – asal, o‘rmon yong‘oqlari, anjir,
o‘rik va uzum yetishtirish hamda ularni eksport qilish bo‘yicha dunyoning yetakchi
davlatlaridan hisoblanadi. Turkiya 2023 yilgacha qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha dunyoning eng kuchli beshtaligiga kirishni
rejalashtirgan.
Qolaversa,
turkiy davlatlar qishloq xo‘jaligi sohasida tuzilmada kuzatuvchi maqomidagi
Vengriyaning ilg‘or tajribasidan foydalanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu
mamlakatning 70 foiz hududi aynan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini
yetishtirishga ixtisoslashtirilganligi va agrar sohadagi ko‘plab ilmiy
muassasalarning faoliyat ko‘rsatishi Vengriyaning agrar sohada yetakchi
davlatlardan ekanligini ko‘rsatadi.
Shu
o‘rinda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasini
rivojlantirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari
to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish joiz. 2021 yilning 30 mart kuni Vengriya Bosh
vaziri Viktor Orbanning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Toshkent
viloyatida kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan o‘zbek-venger ilmiy markazi
ochilishi va faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mutaxassislar tomonidan istiqbolli
loyiha sifatida baholanmoqda. Xususan, 2021-2023 yillarda kartoshka
hosildorligini 30-50 foizgacha oshirish mo‘ljallangan bo‘lsa, 2024 yilga borib
kartoshka urug‘ini mahalliy darajada yetishtirish va import qilishni to‘xtatish
rejalashtirilmoqda.
Turkiy
davlatlarning barchasi o‘ziga xos yer-suv resurslari va iqlimining alohida
xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ma’lum yo‘nalishda qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarini yetishtirish bilan an’anaviy tarzda shug‘ullanib kelgan.
Nisbatan tog‘li hududlarga ega bo‘lgan Ozarbayjon va Qirg‘izistonda
bog‘dorchilik sohasi rivojlanayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston donli mahsulotlarni
eksport qilishda mintaqadagi yetakchi davlat hisoblanadi. Hududining katta
qismini cho‘l va dashtliklar tashkil qilgan Turkmaniston paxta yetishtirish
hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekistondan keyin ikkinchi o‘rinda
turadi. Tarixdan ma’lumki, agrar madaniyat qardosh turkiy xalqlar hayotining
ajralmas qismi bo‘lib, asrlar davomidagi o‘zaro aloqalar natijasida bir birini
boyitib kelgan. bugungi kunda rivojlangan davlatlarda zamonaviy texnologiyalar
va innovatsion yondashuvlarning qishloq xo‘jaligi sohasiga kirib kelganligi va
keng qo‘llanilayotgani natijasida erishilayotgan muvaffaqiyatlar ushbu
hamkorlik yo‘nalishida turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yanada
kuchaytirish, tajriba almashish va mavjud muammolarga birgalikda yechim
topishga undamoqda.
Toshkentda
o‘tkazilayotgan ushbu yuqori darajadagi tadbirlar qardosh turkiy xalqlar
o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilib, yangi hamkorlik
ufqlarini kengaytiradi.
R.NURIMBETOV,
Tashqi ishlar vazirligi
Mintaqaviy
tashkilotlar bilan
hamkorlik
boshqarmasi boshlig‘i.
M.MUSTAFOEV,
Tashqi
ishlar vazirligi
Mintaqaviy
tashkilotlar bilan
hamkorlik boshqarmasi
2-kotibi.
O‘zA da olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 07 2022 / 17:17