Oxirgi to‘rt yil davomida davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmat turlari 4,5 baravarga ortgan holda 37 tadan 175 taga yetdi va aholiga 40 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatildi.
Respublika bo‘yicha 170 ta zamonaviy Davlat xizmatlari markazlari binolari davlat-xususiy sheriklik asosida qurilib, foydalanishga topshirildi. Tuman (shahar) markazlaridan 50-100 km uzoq hududlarda 141 ta filiallar tashkil etildi. Buning natijasida har kuni o‘rtacha 40-45 ming fuqaro davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib, tegishli xizmatlardan foydalanmoqda.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da aytib o‘tildi. Unda deputatlar “Fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasini yanada takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masalani muhokama qildilar.
Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga adliya vaziri Ruslan Davletov javob berdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Deputatlar kun tartibidagi masala yuzasidan savollar bilan murojaat qildilar. Deputatlar joylarga borganida fuqarolar tomonidan davlat xizmatlariga oid ayrim e’tiroz va murojaatlar bo‘layotgani, qator masalalarda hal qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar borligini ta’kidladilar. Xususan, haydovchilik guvohnomasini almashtirish masalasida aholidan ko‘plab savol va e’tirozlar bo‘lgani, shuningdek, uy-joy, shaxsiy mulkka doir masalalarda davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasida savollar berildi.
Vazir tomonidan berilgan javoblarda keltirilganidek, bugungi kunga qadar 200 tadan ortiq tartib-taomillar soddalashtirilib, xizmat ko‘rsatish vaqti va talab etiladigan hujjatlar soni 2 baravarga qisqartirildi. Shuningdek, byurokratiya qog‘ozbozlikni qisqartirish maqsadida davlat organlari tomonidan aholi va tadbirkorlardan 73 turdagi hujjat va ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilindi.
Davlatda mavjud bo‘lgan ma’lumotni davlat organlari fuqarolardan talab qilmasdan “Elektron hukumat” tizimi orqali olishi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali yiliga o‘rtacha 15 milliondan ortiq aholi ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod bo‘ldi.
Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblarga boy bo‘lgan “Hukumat soati”da deputatlar mavjud muammolarni bartaraf etish hamda soha istiqboliga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berdi.
M.Komilova, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
21 07 2022 / 11:06