Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Agrar sohada O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi mustahkamlanadi



Ulashing :


bugungi kunda butun dunyoda agrar sohani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining sifatli meva va sabzavotlarga bo‘lgan talabini qondirish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Zero, hayotimizni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Ushbu soha eng muhim hayotiy ehtiyojlarimizni ta’minlab beradi. Shu bois ham ushbu soha rivojiga doimiy e’tibor qaratilib, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashga, xalqaro darajadagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratiladi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida Germaniyaning “Mangold Consulting” kompaniyasi rahbari professor Dr.Klaus Mangold bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

Tadbirda agrar va oziq-ovqat xavfsizligining hozirgi kundagi dolzarbligi va bu sohalarda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish lozimligiga to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, tadbir davomida butun dunyoda sifatli meva va sabzavotlarga talab yuqoriligi ta’kidlandi. Xususan, “Landgard AG” kompaniyasi tomonidan import qilinadigan qovun, tarvuz, pomidor, o‘rik, mango va avokadolar talabgor mahsulotlar hisoblanadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston vakillari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan yutuqlar hamda kelgusidagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Mehmonlarga keyingi yil yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan “Yashil haftalik—2023” ko‘rgazmasida qatnashish taklifi bildirildi.

Muloqot yakunida kelgusidagi rejalarga to‘xtalib, ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi. Ta’kidlash joizki, bu kabi hamkorlik aloqalari agrar soha rivojida alohida ahamiyat kasb etadi.



Muhtarama Komilova, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

22 07 2022 / 10:13