Prezidentimiz tomonidan xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘liq erkinlik berish, bu boradagi barcha to‘siqlar va cheklashlarni bartaraf etish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan. Bu masalalar amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarida ham o‘z aksini topmoqda.
Qonunchiligimizda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish yoki mulkdorlar huquqini buzganlik uchun davlat, nazorat va huquqni muhofaza etuvchi organlar mansabdor shaxslarining qat’iy javobgarligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, qonunchiligimizda xususiy mulkni himoya qilish kafolatini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yanada liberallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash bilan bog‘liq taomillarni soddalashtirish kabilarda o‘z aksini topmoqda.
Mamlakatimizda alohida qonun bilan 20 avgust kuni tadbirkorlar kuni sifatida belgilandi va har yili shu kuni davlat rahbari tadbirkorlar bilan bevosita muloqot o‘tkazib, ularning muammolari, hal etish yo‘llari, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilinadi. Eng muhimi, tadbirkorlar oldida turgan muammolarni hal etishning muhim yo‘nalishlari belgilab olinadi.
Navoiy viloyat sudlari tomonidan ham joylardagi manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etilib, unda tadbirkorlarning muammolari va taklif-istaklarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Mazkur uchrashuvlarda sudlarda tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokidagi nizolarni hal qilishning muqobil mexanizmlarini (arbitraj va mediatsiya) takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlari huquqiy himoyasini kuchaytirish, korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Turg‘un Qahhorov,
Navoiy viloyat sudi sudyasi.
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
27 07 2022 / 15:14