Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Prokurorlar tadbirkorlarni “Tez yordam” tamoyili asosida himoya qilmoqda



Ulashing :


Tadbirkor huquqi buzilsa, qayerdan yoki kimdan yordam so‘raydi? Muammoga o‘rin yo‘q. Chunki ularning ham endi “tez yordam”i bor.

Chunki prokuratura organlari tadbirkorlarga “Tez yordam” tamoyili asosida ko‘maklashmoqda. Tadbirkor o‘z faoliyatida to‘sqinliklarga duch kelsa, muammo bo‘lganda, uni o‘zi hal qila olmasa, prokuratura xodimlari ularga yordamga keladi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida tadbirkorlar, shu jumladan xorijiy investorlarning 14 ming 605 nafariga tez yordam ko‘rsatilgan.

Shundan 3 ming 615 nafariga 578,1 milliard so‘m kredit, 183 nafariga 837 ga yer maydoni, 299 nafariga bino ajratilishi, 419 nafariga ruxsatnoma berilishi, 4 ming 281 nafari muhandislik tizimlariga ulanishi ta’minlandi. 5 ming 781 nafariga boshqa masalalarda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Natijada 5 ming 843 yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatmayotgan 3 ming 616 tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati tiklangan. Muhimi, 11 ming 639 yangi ish o‘rni yaratilgan.

Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan turli noqonuniy aralashuv va byurokratik to‘siqlar yaratish kabi salbiy holatlar sodir etilgani aniqlangan.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mas’ul idoralarni qonunga zid hujjatlarini bekor qilish yuzasidan 387 ta protest keltirildi. Ta’sir choralari natijasida 529 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi. Tadbirkorlar manfaati uchun sudlarga 98,2 milliard so‘mlik 207 da’vo arizasi kiritildi.

Shuningdek, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 80 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uch mingdan ziyod tadbirkorning huquqlari tiklandi.

Prokuratura organlari tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoyasini ta’minlash borasida qat’iy va tizimli nazorat o‘rnatilgan holda tegishli chora - tadbirlarni davom ettirmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

29 07 2022 / 15:56