Uchrashuvda Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i R.Kobilov, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Qodirov hamda mutasaddi bo‘lim boshliqlari tomonidan tadbirkorlarga farmon mazmun-mohiyati, bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari turlari, bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qo‘llashning soddalashtirilgan tartibi hamda ushbu bojxona rejimi doirasida faoliyat yuritayotgan korxonalarga berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’lumki, rivojlangan mamlakatlarning tashqi savdosida “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimining o‘rni yuqori hisoblanadi.
bugungi kunda mamlakatimizda ham bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini rivojlantirish uchun qator yengillik va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Avvallari tovarlarni qayta ishlash natijasida hosil bo‘lgan mahsulotlarni reeksport qilganda tadbirkorlarga yengilliklar bo‘lmagan. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, bug‘doyni qayta ishlash natijasida hosil bo‘lgan un mahsulotini reeksport qilishda tashish xarajatiga 1 tonna unga 50 AQSH dollar sarflangan bo‘lsa, endilikda 25 AQSH dollari kompensatsiya qilib beriladi.
Bojxona sohasiga oid yuqoridagi farmon tadbirkorlar uchun valyuta tushumi ta’minlovisiz eksport qilish, tashish va sug‘urta xarajatlarini 50 % gacha kompensatsiya qilish, moliyaviy resurslar (subsidiya va imtiyozli kreditlar)ni taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar undirilmasligi kabi qulayliklarni yaratdi.
Ochiq muloqotda mazkur farmon bo‘yicha tadbirkorlarni qiziqtirgan savollariga bojxona xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.
Uchrashuv so‘nggida ishtirokchilar “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududida velosiped ishlab chiqarayotgan “KOKAND BICYCLES” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 08 2022 / 14:17