Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda



Ulashing :


Davlatimiz rahbari tomonidan 20 avgustni «Tadbirkorlar kuni» deb e’lon qilinishi hamda bir yillik ishlar natijalari sarhisob qilinib, eng ilg‘or biznes vakillari aynan shu kuni davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan e’tiborning yana bir ko‘rinishidir.

Prezidentimizning joriy yildagi «Tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti»ni o‘tkazish uchun ko‘rilayotgan tayyorgarliklar qanday bo‘lyapti? Bu haqda Biznes-ombudsman devoni yetakchisi D.Alimuhamedov quyidagilarni gapirib berdi.

– Joriy yilda ham Prezidentimizning «Tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti»ni o‘tkazish uchun ham qizg‘in jarayonlar amalga oshirilmoqda. – Xususan, tashkil etilgan respublika shtabida 70 dan ortiq vazirlik va tashkilotlar mas’ul xodimlari 7 ta ishchi guruhlarga bo‘linib, 15 ta yo‘nalishda kelib tushayotgan taklif va tizimli muammolar sohalarga ajratilib saralanmoqda hamda yechimini topish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlar murojaatlari respublika shtabiga 1094 qisqa raqami yoki taklif2022.uz sayti orqali qabul qilinmoqda.

Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, Respublika shtabiga 7 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlar sohalar kesimida ko‘rib chiqilsa, quyidagilarni tashkil etadi.

Jumladan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bo‘yicha 273 ta, qurilish sohasi bo‘yicha 47 ta, biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiyalar bo‘yicha 711 ta, biznesni boshlash yuzasidan 87 ta, yer ajratish masalasida 704 ta, bino ajratish va xususiylashtirish bo‘yicha 98 ta, xususiy mulkni himoya qilish bo‘yicha 73 ta, soliq tizimi bo‘yicha 751 ta, savdo, shu jumladan, bojxona-tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha 85 ta, imtiyoz va preferensiyalar bo‘yicha 66 ta, ruxsatnoma va litsenziyalar berish, sertifikatlashtirish va boshqalar bo‘yicha 50 ta, davlat boshqaruv organlari faoliyati va ularning iqtisodiyotga aralashuvi bo‘yicha 90 ta, birja faoliyati 26 ta, davlat xaridlari bo‘yicha 11 ta, boshqa masalalar 2467 tani tashkil etadi.

Quvonarlisi, bu yil tadbirkorlar tomonidan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarga takliflar berish soni ko‘paygan.

Kelib tushgan 7 mingdan ortiq murojaatlarda 1400 dan (20 foiz) ortiq turli takliflar bildirilgan.

Hududlar kesimida Qashqadaryo, Namangan, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahri tadbirkorlaridan murojaatlar va takliflar ko‘p kelib tushgan.

Respublika shtabiga jalb qilingan Biznes-ombudsman devoniga ham turli masalalar yuzasidan murojaatlar va takliflar kelib tushgan bo‘lib, Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan chuqur o‘rganib chiqilib, tadbirkorlarga amaliy hamda huquqiy yordam berilmoqda.

Masalan, «OV» fermer xo‘jaligi (nomi o‘zgartirilgan) tegishli davlat muassasa xodimlari tomonidan uning yer uchastkasiga belgilangan me’yorda suv berilmayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.

Biznes-ombudsmanning aralashuvidan so‘ng tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbirkorga belgilangan me’yorda suv berilishi ta’minlangan.

Shuningdek, tadbirkor B.R. o‘z murojaatida unga tegishli fermer xo‘jaligining yer maydoni o‘lchab berilmayotganligi va yer maydonlari geoportalida koordinata nuqtalari belgilanmayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.

Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorning yer maydonida o‘lchash ishlari amalga oshirilishida hamda geoportalda koordinata nuqtalari belgilanishida amaliy yordam berildi.

Darhaqiqat, unutmasligimiz lozimki, mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘ini tadbirkorlar hisoblanadi.

Gulnoza Boboyeva,O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

10 08 2022 / 10:41