Misol uchun bitta tadbirkor, kamida 5 ta ish o‘rni yaratadi. Agarda yuzlab odamlarning tadbirkor bo‘lishiga amaliy yordam berilsa, bunyodkorlik yanada keng quloch yozadi. Buning natijasida minglab oilalarga rizq-ro‘z kiradi. Tadbirkorlikni kengaytirish uchun ishbilarmon kishiga emin-erkin ishlashi uchun sharoit yaratib berilsa, qo‘llab-quvvatlansa uning faoliyati kengayib boraveradi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarga ana shunday sharoit bilan birga, keng imkoniyatlar, soha rivoji uchun katta sharoitlar yaratilmoqda.
Ilgari tadbirkorlik sub’ektlarida kredit bilan bog‘liq qator muammolar mavjud edi. Endilikda tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlash jarayoni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, 2021 yil 1 maydan boshlab, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun beriladigan kompensatsiyani, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolingan holda taqdim etish yo‘lga qo‘yildi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan fuqarolarga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafillik berish, tadbirkorlik sub’ektlariga bank kreditlari bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklarni kredit shartnomalari sonidan qat’i nazar berish joriy etildi.
Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni moliyaviy manba bilan ta’minlash maqsadlariga 100 million AQSH dollari ekvivalentida mablag‘ ajratishi belgilandi.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo‘lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat, bu borada boshlangan islohotlar qisqa vaqtda yanada faollashdi.
Ayni kunlarda yurtimizda bayram shukuhi kezib yuribdi. Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Kuni kecha Mustaqilligimizning 31 yillik shodiyonasi arafasida ishbilarmon doira vakillari uchun yilning eng kutilgan voqeligi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi bo‘ldi. Bu uchrashuv ishbilarmon doira vakillariga haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvda 5 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha yangi imtiyoz va imkoniyatlar berilishini qayd etdi. Biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerak. Shu sababli, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib, biznes uchun alohida yondashuvlarni joriy etilishi ta’kidlandi. Shuningdek, xususiylashtirish uchun belgilangan yer solig‘ining 20 karrasi miqdoridagi to‘lov Toshkent shahri va viloyat markazlarida 10 karraga (ya’ni, 1 sotix uchun o‘rtacha 6 million so‘mga), boshqa hududlarda 5 karraga (1 million so‘m) pasaytiriladi.
Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi. Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning to‘layotgan solig‘idan oshib ketmasligi kerak. Shu bilan birga, ko‘plab tadbirkorlarimizni qiynab kelgan yana bir masala – amaldagi tartib bo‘yicha yuridik shaxs tugatilganida, uning yerga bo‘lgan huquqi ham bekor qilinmoqda. (Bu tartib 1998 yilda o‘rnatilgan va o‘sha vaqtda yerning bozor qiymati bo‘lmagan.
Bundan buyon auksionda yer sotib olgan tadbirkor biror-bir sababga ko‘ra faoliyatini yakunlasa, uning yerga bo‘lgan huquqi albatta saqlanib qolinadi. Soha vakillariga bo‘lgan bunday e’tibor va ishonch tadbirkorlarimizga katta kuch va motivatsiya berdi.
– To‘qimachilik sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanaman, – deydi tadbirkor Ilhom Shukurov. – Korxonamizda o‘tgan yili 7,5 milliardlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bunda soliq to‘lovlari 1 milliard so‘mga yaqinlashgan edi. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvlarida biz kutgan bir qator yengilliklar taqdim etildi. Buni barcha tadbirkorlar mamnuniyat bilan kutib oldi. Misol uchun, birgina qo‘shilgan qiymat solig‘ini 15 foizdan 12 foizga tushirilishi shaxsan bizning korxonamiz hisobida kelajakda bir yilda 300 million so‘m iqtisod qilish imkonini beradi. Yana bojxona, kredit bo‘yicha imtiyozlar berilishi aytib o‘tildi. Shuni ham aytish o‘rinli, soliq sohasida yo‘lga qo‘yilgan kamchiliklar uchun jazolashni bekor qilish bo‘yicha yengilliklar yaratilishi yana bir quvonarli yangilik. Hozirgacha bilib bilmay, kutmagan holda soliq yoki boshqa organlardan kamchilikka yo‘l qo‘ygan tadbirkorlar jarima to‘lar edi. Endilikda o‘sha qo‘llanilgan jazo mablag‘lari o‘zida qolishi imkoniyati yaratiladi. Endi tadbirkorlarimiz o‘sha mablag‘ni tadbirkorlikni rivojlantirishga, ishlab chiqarishini kengaytirishga ishlatadi. Buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu uchrashuvdan men o‘zimga katta kuch oldim.
Shuni ham aytish joiz, mazkur muloqotda davlatimiz rahbari 29 nafar biznes vakillarining fidokorona mehnatini e’tirof etib, davlatimizning yuksak orden va medallarini topshirdi. Toshkentlik tadbirkor Farhod Botirov shulardan biri. U “Shuhrat” medali sohibi bo‘ldi.
– Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan qator muammolarga e’tibor qaratdi, –deydi Farhod Botirov. – Bir qator imkoniyatlar yaratildi. Ayniqsa, eksport, import yo‘nalishida kredit masalalarida garov ta’minotlarida muammolarga duch kelar edik. Bu borada ham imkoniyatlar yaratildi. Ilgari tadbirkorlarda yer xususiy mulk bo‘lmas edi. Mana hozirda tadbirkorlarga xususiy mulk qilib berildi. O‘tgan yilgi pandemiyada olingan valyutadagi kreditlar so‘mga aylantirildi. Buning natijasida minglab tadbirkorlar ziyon qilmasdan valyutani so‘mda to‘lashdi. Davlatimiz rahbari kechagi ikkinchi muloqotda o‘tgan yildagidan ham ko‘proq tashabbuslar bilan chiqdi. Bu sohamizda g‘ov bo‘layotgan muammolarga yechim bo‘ladi. Bu bizga katta kuch va g‘ayrat bag‘ishladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda biznes vakillariga emin-erkin ishlashi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda. Buning samarasida, tadbirkor bo‘laman, degan insonlar soni ortib bormoqda. E’tiborlisi, ular orasida xotin-qizlar, yoshlar safi ham tobora kengayib bormoqda. Eng muhimi, bugun nafaqat vazirlik va idoralar, balki davlatimiz rahbari ishbilarmonlarning dardini tinglab, faoliyatidagi muammolariga yechim topib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 08 2022 / 13:27