Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkorlarning sudlarga murojaat qilish imkoniyatlari kengaymoqda



Ulashing :


Bugun dunyo sahnasida barcha geosiyosiy vaziyatlarda bo‘lgani kabi tadbirkorlik sohasida ham yangicha iqtisodiy munosabat va dunyoqarash shakllanib bormoqda.

Ayniqsa, bu jarayon pandemiya ta’siridan keyingi tiklanish jarayonlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Misol uchun, ko‘pchilik rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti, u yerda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sohalari o‘z vaqtida ehtimoliy ta’sirlarga qarshi chora-tadbirlar amalga oshirilmaganligi bois hamon qiyin ahvolda qolmoqda.

O‘zbekistonda qanchalik og‘ir bo‘lmasin pandemiyaning og‘ir davrida ham mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida boshlangan islohotlar izchil davom ettirildi. Xususan, ularga bir qator soliq imtiyozlari qo‘llanilib, qarzdorliklarini to‘lash muddatlari kechiktirildi va davlat subsidiyalari ajratildi.

Jumladan, 2021 yil 20 avgust kuni mamlakatimiz tarixida ilk bor Davlatimiz rahbari va tadbirkorlarning ochiq muloqoti tashkil etildi. Ushbu muloqotda so‘nggi 4-5 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratilgani, ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning aksariyatiga barham berilganligi e’tirof etilgan edi.

Shu bilan birga, sohani aynan uning ichida yurgan mutaxassislar fikri va takliflari asosida rivojlantirish uchun bu kabi muloqotlar muntazam ravishda tashkil etib borilishi belgilangan edi. Kuni kecha, Davlatimiz rahbarining navbatdagi ana shunday tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi.

Ushbu muloqot jarayonida ham o‘tgan bir yillik vaqt davomida tadbirkorlar hamda soha ekspertlari tomonidan bildirilgan e’tiroz va takliflar chuqur o‘rganib chiqilib, ularga soliq siyosatida imtiyozlar qo‘llash, tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish, kredit ajratish, tadbirkorlarning mulk huquqini himoya qilish hamda tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari bilan bog‘liq bir qator imtiyozlarni nazarda tutuvchi beshta yo‘nalish belgilab berildi.

Jumladan, tadbirkorlar uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi amaldagi 15 foizdan 12 foizga tushirilishi, 2022 yil 1 iyuldan boshlab, bo‘sh bino yoki foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan soliqlarning oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilinib, tadbirkorlarning shu tarzda ilgari oshirib hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan voz kechilishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun qulay moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bir qator moliyaviy resurslar ajratilishi ta’kidlandi. Xususan, kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltirilib, bunga qo‘shimcha tarzda tijorat banklariga xalqaro moliya institutlaridan ham mablag‘lar jalb etiladi.

Shuningdek, tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan kafillik berish imkoniyatlari qo‘shimcha 2 barobarga oshirilib, kamida 15 ming nafar tadbirkorning kredit olishdagi garov masalasi hal etiladi. Albatta, bu aytilishidan kamsonli tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoit bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo, ushbu ajratilib beriladigan kredit orqasidan minglab ish o‘rinlari yaratilishi hisobga olinsa, kelgusida ko‘plab oilalar daromadi oshib mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

Eng muhimi, ushbu muloqotda bildirilgan tashabbuslar qaysi hududda faoliyat ko‘rsatishidan qat’iy nazar har bir tadbirkor uchun bir xil imtiyoz va qulayliklar yaratib berishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir. Jumladan, 2023 yildan shart-sharoiti bo‘yicha barcha tuman va shaharlar 5 ta toifaga ajratiladi. Ularda soliq, subsidiya, kredit foizlari uchun kompensatsiya va kafillik berish, infratuzilmaga ulash bo‘yicha alohida tartiblar belgilanadi.

Yerni xususiylashtirish uchun belgilangan summa, ya’ni yer solig‘ining 20 karrasi miqdoridagi to‘lov Toshkent shahri va viloyat markazlarida 10 karraga, boshqa hududlarda 5 karraga pasaytiriladi.

Yana bir yo‘nalish bu — tadbirkorlarning mulk huquqi himoyasi borasidagi tashabbusdir. Ushbu tashabbus orqali endilikda yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish, tergov jarayonida mol-mulkni xatlab qo‘yishni faqat sud hal qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirkorlarning sudlarga murojaat qilish imkoniyati kengaytirilib, ma’muriy sudlarga ariza berishda davlat boji stavkasi 2 barobar kamaytirilishi, tadbirkorlarning soliq idoralari qarori ustidan sudga shikoyat kiritish muddati esa hozirgi 1 oydan 3 yilgacha uzaytirilishi belgilandi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilindi. 2023 yildan 26 ta idoraning takrorlanuvchi nazorat funksiyalari bekor qilinib, barcha turdagi tekshiruvlar Biznes-ombudsman tomonidan muvofiqlashtirilishi, jarimalar miqdori tadbirkor to‘layotgan soliq miqdoridan oshmasligi belgilandi.

Xulosa qilib aytgan, muloqot jarayonida qarib chorak asrdan oshiq vaqt davomida tadbirkorlarimizni qiynab kelayotgan tadbirkorlik qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikning bekor qilinishi kabi bir qator muammolar to‘liq bartaraf etilib, ayrim masalalarda navbatdagi bosqichga qadam qo‘yildi.

O‘ylaymanki, bu kabi soha vakillari bilan bo‘lib o‘tayotgan do‘stona muloqotlarning muntazamlik kasb etib borishi, tadbirkorlarning islohotlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, nafaqat ichki bozorda xalqimiz istak va xohishiga munosib bo‘lgan tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarishga, shu bilan birga jahon bozorida ham O‘zbekiston nomidan o‘z so‘zini aytishida ulkan kuch bag‘ishlaydi.

Maxfirat Xushvaqtova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

24 08 2022 / 17:59