Prezidentimiz tomonidan besh yo‘nalish bo‘yicha berilgan takliflarning barchasi ushbu sohada mehnat qilayotgan ishbilarmonlar uchun juda katta imtiyozdir. Jumladan, korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuv belgilandi va tez o‘sib borayotgan salohiyati yuqori bo‘lgan o‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun kelgusi yildan kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi. Shuningdek, mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi. Soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi. Tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini joriy etish maqsadida kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltirilishi ham katta imkoniyat.
Endilikda yangidan faoliyat boshlagan tadbirkorlarning kichik loyihalari uchun 300 million so‘mgacha kredit 5 yil muddatga, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan beriladi. 2023 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirilishi, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechilishi, yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshirilishi, tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinishi ham bu yilgi muloqotning o‘ziga xos jihatlari bo‘ldi.
Tuman va shaharlarda tadbirkorlar xiyobonlari tashkil etish tashabbusi bildirilishi, Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy bo‘linmalari vakolatlarining kengaytirilishini ham barchamiz qo‘llab-quvvatladik. 2017 yilda tashkil etilgan bizning zavodimiz yiliga o‘n turdan ortiq 1200 ta energo tejamkor transformator ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirda 80 nafarga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Korxonamizda yangi loyihalarni ishga tushirish natijasida yana bir necha turdagi elektr uskunalari tayyorlayapmiz. Lekin shu paytgacha import va logistika masalasida ayrim muammolarimiz bor edi.
Prezidentimiz ma’ruzasida bildirilgan tashabbuslar tufayli bu muammolarimiz hal etiladigan bo‘ldi. bugungi kunda biz ko‘p tarmoqli korxona sifatida intensiv bog‘, tikuvchilik sexi tashkil etganmiz, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz. Lekin bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Bugun ishlash uchun imkoniyat berilayotgan ekan, bundan foydalanishimiz kerak. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirib, 500 ta yangi ish o‘rni yaratishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Davlatimiz rahbarining ochiq muloqoti bizning bu intilish va harakatlarimizga kuch bag‘ishlaydi.
Anvar Norboyev,
“Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi” MCHJ rahbari
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
25 08 2022 / 10:31