2021 yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida tadbirkorlardan tushgan minglab murojaatlarda ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha dastur, 70 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun 130 trillion so‘m kredit, 3,5 trillion so‘mlik subsidiya va kompensatsiyalar ajratildi. O‘tgan yili xorijiy valyutada kredit olgan va valyuta kursining muntazam o‘sishi sababli qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarga 123 million dollarga teng kreditlari milliy valyutaga o‘tkazib berildi. Shuning hisobiga mamlakatimizda eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetdi, umumiy eksport hajmi 30 foiz ko‘paydi.
Shu yil 22 avgust kuni Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti bu boradagi ishlarni yanada izchil davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan kelib chiquvchi partiya tuzilmalari oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirni O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Yoqubov kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’mishlashda partiya tashkilotlari va deputatlar zimmasidagi mas’uliyat borasida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng parlament quyi palatasidagi partiya fraksiyasi a’zosi Durbek Ahmedov Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilab berilgan vazifalar mohiyati xususida ma’ruza qildi.
— Muloqotda beshta asosiy yo‘nalish ko‘rsatib o‘tildi, ularning har biri bo‘yicha ko‘plab tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarini toifalarga ajratib, ularning har biriga alohida-alohida yondoshuv tizimini yaratish, soliq yukini kamaytirish, ko‘chmas mulkka egalik qilish, mulk huquqini himoya qilish, bunda faqat sudlarning qarorlari asosida ish yuritilishi kabi qator imtiyoz va yengilliklar berilishi mamlakatimizda biznes muhitini yanada yaxshilash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Bu kabi yengilliklar nafaqat tadbirkorlar manfaatiga, balki xalqimiz turmush farovonligini ta’minlashga, oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari arzonlashuviga, Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga yoyadigan fidoyi va jonkuyar tadbirkorlarimiz safi yanada kengayishiga xizmat qiladi. Har bir viloyatda “Tadbirkorlar xiyoboni”ni barpo qilish, unda “Farovonlik bunyodkorlari” deb nomlanuvchi ko‘rgazmalarning namoyish qilinishi, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvonining ta’sis etilishi tadbirkorlarimizga qanot bag‘ishladi, — dedi Durbek Ahmedov.
Yig‘ilishda partiya elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlar manfaatini himoya qilish, qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish, partiya Call-markaziga kelib tushayotgan murojaatlarni tegishli vazirlik va tashkilotlar orqali muntazam o‘rganib, ijobiy hal etib borish vazifalari belgilab olindi. Shuningdek, partiya va uning barcha bo‘g‘inidagi tuzilmalari, deputatlari davlatimiz rahbari tomonidan berilgan imtiyozlar haqida tadbirkorlarga batafsil tushuntirib borishi zarurligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan tadbirkorlarning fikrlari bilan qiziqdik.
— Davlatimiz rahbari boshchiligida biz tadbirkorlarga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida faoliyatimiz kengayib bormoqda, — deydi Andijon viloyatidagi “Nil-granit” MCHJ rahbari, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi Baxtiyorjon To‘lqinov. — Ayniqsa, o‘tgan yili davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan so‘ng tadbirkorlik sohasidagi ayrim to‘siq va muammolar olib tashlandi, qator yengillik va imtiyozlar berildi. To‘qimachilik korxonamiz 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 10 mingdan ortiq ishchi xodimlar faoliyat olib bormoqda. O‘tgan 2021 yilda 45 ta davlatga 35 million dollarlik mato va trikotaj mahsulotlarini eksport qilgan bo‘lsak, joriy yarim yilning o‘zida 30 million dollardan ziyod mahsulot eksport qilishga erishdik. Yil yakuniga qadar eksport salohiyatimizni 65-70 million dollarga yetkazish niyatidamiz. Bunda, albatta, yurtimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun berilayotgan imtiyoz va yengilliklar muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, shu yil Prezidentimiz farmoyishi bilan mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirishda alohida ibrat ko‘rsatayotgan, shuningdek, biznesdagi muvaffaqiyatlari hamda ijtimoiy faolligi bilan namuna bo‘layotgan bir guruh tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida men ham ushbu ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilganimdan mamnun bo‘ldim. Bu, albatta, yosh tadbirkor sifatida zimmamga yanada mas’uliyat yuklaydi. Kelgusida yaratilgan sharoitlardan astoydil foydalanib, soha rivojiga yanada katta hissa qo‘shamiz.
Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’mishlash va targ‘iboti yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
26 08 2022 / 11:44