Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Yangi O‘zbekiston — vakillik organlari rivojining yangi bosqichi



Ulashing :


Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda. Ushbu g‘oya zamirida chuqur ma’no bor. Zero, so‘nggi yillarda “inson – jamiyat – davlat”, “davlat – inson uchun”, “inson qadrini ulug‘lash”, “inson qadri uchun” kabi tamoyil va tushunchalar real hayotimizga chuqur kirib bormoqda.

Mustaqillik shukuhi kezib yurgan ayni damlarda qaysi soha yoki tarmoqda bo‘lmasin, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tagzamirida inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni o‘ylantirayotgan masalalargayechim topish maqsadi turganiga barchamiz guvoh bo‘lyapmiz.

Erishilayotgan yutuqlar va marralarni tahlil qilar ekanmiz, mamlakatimiz Prezidentining davlat va jamiyat hayotiga daxldor har qanday masalani, eng avvalo, xalqimizning fikri, talab va istaklarini inobatga olgan holda hal etishga qaratilgan ish uslubi bugun o‘zini to‘la oqlamoqda, deb ishonch bilan ayta olamiz. Zero, bugun “mahallaga tushish”, “xalq ichiga kirish, uning dardiga quloq solish”, “tashvishiga sherik bo‘lish”, “muammolarni joyida hal etish” kabi tamoyillar barcha davlat xizmatchilari faoliyatida asosiy mezonga aylandi.

bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi joylarga chiqib o‘rganilmoqda, turli soha vakillari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari, yoshlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda sohani rivojlantirish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tibbiyot xodimlari, yoshlar va tadbirkorlarning takliflari eshitildi. Ularni o‘ylantirayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Albatta, bu kabi ochiq muloqotlar barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarni yanada jadallashtirish, tizimli muammolarni bartaraf etish, dolzarb masalalarga o‘z vaqtida yechim topishga xizmat qilmoqda.

Harakatlar strategiyasi asosida to‘plangan tajribalardan kelib chiqib, 2022 − 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi hamda unda yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning rivojlanish tendensiyalari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar va maqsadlar ko‘zda tutilgan.

Taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholi farovonligini yanada oshirishda, davlat va jamiyatning har tomonlama rivojlanishida, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kelgusi besh yillikning bosh muhim hujjati sanalgan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirdi.

O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonida keng jamoatchilik tomonidan Bosh qomusimizga o‘zgartirishlar kiritish, uni bugungi kun talablari darajasiga olib chiqish borasida ko‘plab takliflar ilgari surilgan edi. Bular xalqimizning mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga befarq emasligini, islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganligini yaqqol ko‘rsatdi.

Konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarning samarali va puxta amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

Konstitutsiyaviy islohotlarga doir tadbirlar mamlakatning barcha hududlarida, aholining hamma qatlamlarini qamrab olgan holda, ochiq-oshkoralik prinsiplari asosida tashkil qilinmoqda. Deputatlar saylov okruglaridagi faoliyati, hududlardagi uchrashuvlari va aholi bilan olib borilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlari davomida konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazmoqdalar.

Taraqqiyot strategiyasi doirasida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar Oliy Majlis palatalari faoliyatida ham muayyan ijobiy natijalarga erishilishi uchun zamin yaratdi.

O‘tgan qisqa davrda xalq saylagan vakillik organlari – parlament va xalq deputatlari Kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati tubdan o‘zgardi.

Qonun ijodkorligida hayotiy va xalqchil tamoyillar
ustuvor ahamiyat kasb etmoqda

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida norma ijodkorligi sohasida o‘ta dolzarb vazifalar turganligini nazarda tutib, quyi palataning qonun ijodkorligi borasidagi ishining sifatini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

“Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart” degan ustuvor tamoyil asosida norma ijodkorligiga ilgari mavjud bo‘lmagan qator yangi demokratik tartib-qoidalar kiritildi.

Jumladan, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning huquqiy asosini yaratish maqsadida amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish holatlari ortib bormoqda. Bunday qonunlarning asl mazmun-mohiyatini sodda va tushunarli tarzda aholiga yetkazish, huquqni qo‘llash amaliyoti vakillari tomonidan normalarni to‘g‘ri qo‘llash va talqin qilinishini tashkil etish maqsadida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish xususiyatidagi qonunlarning kirish qismida ularning mazmun-mohiyatini, masalaning dolzarbligini ochib beruvchi muqaddimalarni bayon etish amaliyoti joriy etildi.

Bu esa o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan qonunning fuqarolarga, qonunni qo‘llovchilarga sodda va xalqchil tilda tushunish imkonini bermoqda.

Milliy qonunchilikni tizimlashtirish va rivojlantirish maqsadida yangi tahrirdagi qonun o‘rniga yangi qonunni qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu qonunchilik bazasining tizimliligini va kompleksliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Qonunchilik palatasi har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylanib bormoqda. Qonun loyihalari muhokamasida tashabbuskor idoralar vakillari bilan birga soha ekspertlari va mutaxassislari faol ishtirok etib, ularga o‘z fikrlarini bildirishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Qonun loyihalari quyi palataga kiritilguniga qadar xalq muhokamasiga qo‘yilmoqda va ular yuzasidan aholining munosabati har tomonlama o‘rganilmoqda. Keng ommani jalb qilishning zamonaviy usullari, jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birga Qonunchilik palatasida ham qonun loyihalarini ko‘rib chiqish jarayonida keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, bunda fuqarolarning xohish-istaklariga quloq tutish, aholi o‘rtasida ochiq muhokamalar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish bo‘yicha alohida tartib qabul qilinib, qonun loyihalari joylarda saylovchilar muhokamasidan doimiy ravishda o‘tkazilmoqda.

bugungi kunda Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyati ko‘lami ham, ish hajmi ham yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga hamohang bo‘lmoqda. Jumladan, 2016 yilda 19 ta qonun qabul qilinib, Senatga yuborilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 49 tani tashkil etgani so‘zimiz tasdig‘idir.

Qonun loyihalarini ko‘proq Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalarida muhokama qilish amaliyoti qaror topmoqda. Ushbu amaliyot qonun loyihalarini tashabbuskor sub’ekt vakillari, mutasaddi idoralar mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida har tomonlama ko‘rib chiqqan holda maromiga yetkazishda, shu jumladan, qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarda saylovchilar manfaatlarini yanada to‘liq ifodalashda hamda ushbu qonunlarni hayotga samarali joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni vaqtda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqib o‘tkazilayotgan islohotlar doirasida butun bir sohani tartibga soluvchi qonunchilik jarayonlari qayta ko‘rib chiqilmoqda va qator yaxlit qonunlar qabul qilinmoqda.

Xususan, «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi, «Reklama to‘g‘risida»gi, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi, «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi, «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi, «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi, «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi kabi qonunlar shular jumlasidandir.

Ta’kidlash joizki, ma’muriy tartib-taomillarning yagona huquqiy asoslarini belgilab berish maqsadida ishlab chiqilib, qabul qilingan «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunning qo‘llanilish sohasi kengaytirildi. Uning pensiya, soliq, bojxona, davlat nazorati, yer uchastkalarini ajratish va olib qo‘yish sohalariga tatbiq etilishi aniq belgilandi.

Fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida mansabdor shaxslarga o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilishni taqiqlash, qonun hujjatlarida mavjud bo‘lgan huquqni qo‘llashning rad etilishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi yangi prinsiplar kiritildi. Fuqarolar davlat organining qarorlari va harakatlarining qonuniyligidan kelib chiqib ish tutishlari mumkinligi belgilandi. Davlat organi qaror qabul qilishda xatoga yo‘l qo‘ysa, buning natijasida fuqaro uchun salbiy oqibatlar kelib chiqmasligini ta’minlaydigan normalar bilan to‘ldirildi.

Shuningdek, ushbu qonun bilan «umumiy vakil»instituti kiritildi. Endilikda bitta murojaat bo‘yicha 50 va undan ortiq fuqaro ishtirok etayotgan bo‘lsa, ular tomonidan umumiy bir nafar vakil tayinlanishi mumkinligi, ma’muriy ish cho‘zilib ketishining oldini olish maqsadida barcha jarayonlar bitta majlis davomida amalga oshirilishi belgilandi.

«Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunda yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi, mulk huquqining ustuvorligi, xususiy mulkning daxlsizligi, olib qo‘yilgan yer uchastkasidan maqsadli foydalanilishi, qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, kompensatsiyaning kafolatlanganligi kabi prinsiplar aniq belgilangan.

Norma ijodkorligi bugungi islohotlarni ro‘yobga chiqarishning asosiy omili ekanligidan kelib chiqib, uni yanada takomillashtirib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, qabul qilinayotgan qonunlarning har jihatdan mukammal bo‘lishi xalqimiz farovonligini oshirishga, huquq va erkinliklarini yanada to‘laqonli ta’minlashga xizmat qiladi.

Ta’sirchan parlament nazorati islohotlar samaradorligini ta’minlamoqda

O‘tgan davrda Qonunchilik palatasi o‘zining nazorat-tahlil faoliyatini tashkil etishda, birinchi navbatda, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» Davlat dasturida belgilangan maqsadlarning bajarilishi ustidan ta’sirchan parlament monitoringini olib borishga alohida e’tibor qaratdi.

Mamlakatimiz Prezidentining davlat hokimiyati turli tarmoqlarining o‘zaro bir-birini tiyib turishi va muvozanati mexanizmlari tizimida parlamentning rolini oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida e’tiborga loyiqdir.

Jumladan, so‘nggi yillarda Qonunchilik palatasi faoliyatiga davlat dasturining bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisobotini har chorakda ko‘rib chiqish, Hukumat a’zoligiga nomzodlarni ma’qullash amaliyoti joriy etildi. «Hukumat soati» instituti kirib keldi, xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga ham parlament so‘rovini yuborish mumkinligi belgilandi, ularning o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini quyi palata majlislarida eshitish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Parlament faoliyatida olib borilayotgan bu kabi islohotlar, ayniqsa, hisobdorlikning bunday shakllari joriy etilishi hukumatning ochiqligini va mas’uliyatini tubdan oshirmoqda. Joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni hukumat oldiga qo‘yishda ayni muddao bo‘lmoqda.

To‘rtinchi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatida nazorat qilish vakolatlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nazorat qilish vazifalarini amalga oshirish doirasida Qonunchilik palatasi tomonidan birgina joriy yilning o‘tgan davrida qonunlar ijrosi yuzasidan 24 ta nazorat-tahlil tadbiri, 16 ta «parlament eshituvi» o‘tkazildi, 5 ta «hukumat soati» tashkil etildi, 3 ta parlament so‘rovi va 206 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Parlament nazorati tadbirlari davomida tegishli sohani rivojlantirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish hamda mansabdor shaxslar ishiga tanqidiy baho berishga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa, hukumat a’zolarining, mansabdor shaxslarning faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, pirovardida, fuqarolarning davlat organlari faoliyatidan roziligini ta’minlashga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Saylovchilar va elektorat manfaati

Siyosiy partiyalar – jamiyatni taraqqiyotga yetaklovchi, odamlarning farovon yashashi uchun dadil g‘oya va tashabbuslarni taqdim etuvchi katta kuch. Siyosiy partiyalar manfaatlarini ilgari suruvchi organ esa ularning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari sanaladi.

Qonun loyihalaridagi normalarning xalqchilligini ta’minlash hamda jamiyat hayotini yanada yaxshilash borasidagi samaradorligini oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan «elektorat bilan maslahatlashuv» instituti fraksiyalarning qonun ijodkorligi faoliyatida muhim o‘rin tutmoqda.

Joylardan qonun loyihalari bo‘yicha kelib tushgan fikr va takliflar siyosiy partiyalar tomonidan umumlashtirilib, fraksiyalar majlislarida ko‘rib chiqilmoqda. Natijada Qonunchilik palatasida muhokama qilinadigan har bir qonun loyihasida saylovchilar va partiya elektoratining manfaatlari o‘z aksini topmoqda. Qolaversa, fraksiyalar qonun loyihalari muhokamasida prinsipial pozitsiyalarini atroflicha namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Zero, davlat rahbari ta’kidlaganidek, deputatlar muhokamaga kiritilgan har bir qonun loyihasi bo‘yicha o‘zining mustahkam pozitsiyasini ko‘rsatgan taqdirdagina, saylovchilar ishonchini oqlay oladi.

Shu nuqtai nazardan, mazkur yo‘nalishda qaror topgan amaliyot Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalari muhokamasi bo‘yicha fraksiyalararo raqobat muhitini keskin kuchaytirdi. Ana shunday fraksiyalararo bahs-munozaralar va tortishuvlar tufayli joriy yilning o‘tgan davrida 3 ta qonun loyihasi tashabbuskor sub’ektga hamda 4 ta qonun loyihasi qayta ishlanishi uchun mas’ul qo‘mitalarga qaytarildi.

Shuningdek, yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, davlat mulkini boshqarish, sudlar faoliyatini takomillashtirish, elektron dalillar bilan ishlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, reklama sohasini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihalari yuzasidan fraksiyalararo muhokamalar keskin tarzda o‘tdi.

Xalq vakillari – xalq irodasining chinakam ifodachisiga aylanmoqda

Mamlakatimiz Prezidentining deputat bilan saylovchilar o‘rtasida mustahkam munosabatlar o‘rnatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir tashabbuslari parlamentga aholini qiynab kelayotgan muammolarni chuqur o‘rganish, xalq va davlat institutlari o‘rtasida ko‘prik bo‘lish, saylovchilarning manfaatlarini to‘laroq ifodalash imkoniyatini bermoqda.

bugungi kunda aholi, xususan, saylovchilar bilan doimiy muloqot qilish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Avvallari deputatlar bir yilda uch-to‘rt marta uchrashuvlarga chiqqan bo‘lsa, endilikda har oyning oxirgi haftasi deputatlarning saylov okrugida ishlashi uchun belgilandi. Bu saylovchilar manfaatlarini to‘laqonli ifoda etish borasidagi yana bir muhim qadam bo‘lib, deputatlar o‘z saylovchilarining ehtiyojlari, muammolari va u yerdagi haqiqiy vaziyat to‘g‘risida axborot olishini ta’minlovchi barqaror mexanizm shakllandi.

Deputatlar saylov okruglaridagi faoliyati davomida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning borishi, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati to‘g‘risida saylovchilarga axborot bermoqdalar. Yangi qabul qilingan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini yetkazmoqdalar.

Xalq noiblari nafaqat fuqarolar tomonidan bildirilayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rganmoqda, balki ijtimoiy hayotning muhim jabhalaridagi hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga xalqning fikri hamda aholi manfaatlarini inobatga olgan holda alohida e’tibor qaratmoqda.

Shu bilan birga, ijtimoiy va iqtisodiy soha ob’ektlari, mahallalar, aholi xonadonlari hamda bozorlar va savdo markazlariga tashrif buyurilib, xalq bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari hamda yoshlar bilan suhbatlashilmoqda.

Jumladan, joriy yilning birinchi yarim yilligida deputatlar tomonidan jami 7 ming 331 ta xonadonga tashrif buyurilib, 4 024 ta uchrashuv o‘tkazildi. Ularda 86 mingdan ziyod fuqaro, shu jumladan 8 mingdan ortiq tadbirkor bilan bevosita uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi hamda 2 ming 354 ta ijtimoiy soha ob’ektining faoliyati bilan tanishildi.

Deputatlarning joylardagi ushbu faoliyati aholi va saylovchilarni o‘ylantirayotgan, jamiyat oldida turgan muammo hamda kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkonini bermoqda.

bugungi kunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ishi ham yangi mazmun-mohiyat bilan boyidi. Masalan, mahalliy Kengashlarga hokim va uning o‘rinbosarlari bilan bir qatorda, prokuror, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, moliya, soliq organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish vakolatlari berildi. Natijada mahalliy Kengashlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni yanada mustahkamlanib bormoqda.

So‘nggi yillarda Oliy Majlis palatalari bilan mahalliy Kengashlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik tobora kuchayib bormoqda. Xususan, «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» davlat dasturi belgilangan maqsadlar doirasida Oliy Majlisi palatalarining mahalliy Kengashlar bilan hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Deputatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga amaliy yordam ko‘rsatmoqdalar. Mahalliy Kengashlar deputatlarini ham partiyaviyligidan kelib chiqib, joylardagi muloqotlarga jalb qilishmoqda. Tabiiyki, bu Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari tomonidan mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni muntazam va tizimli asosda olib borishga imkon bermoqda.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi deputatlari saylov okruglaridagi faoliyatlari davomida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, ularning doimiy komissiyalari, partiya guruhlari hamda Kengashlarda tuzilgan kotibiyatlarning faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilishiga doimiy ravishda amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Bu, o‘z navbatida, Oliy Majlis palatalari hamda mahalliy Kengashlarning o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish, vakillik organi sifatidagi funksiyalarini to‘laqonli bajarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ochiqlik va shaffoflik bosh mezonga aylandi

Qonunchilik palatasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlarning borishi, qabul qilinayotgan qonunlarining mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida aholini keng xabardor qilish, shuningdek fuqarolarning siyosiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida deputatlar tomonidan ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda va «YouTube» videoxostingida «Oliy Majlis Qonunchilik palatasi» nomli rasmiy sahifalar ochilib, ular orqali Qonunchilik palatasi majlislari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borilmoqda.

Xalq vakillarining ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi saylovchilar bilan yanada yaqindan muloqot qilish, aholi muammolarini o‘rganish, eng ahamiyatlisi, mavjud qonunchilikka o‘zgartishlar kiritishda muhim o‘rin tutmoqda.

Qonunchilik palatasi majlislari jonli efirga uzatilayotganligi xalqimiz, keng jamoatchilikning quyi palatada qonun loyihalarining muhokamalari va qabul qilish jarayoniga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

Majlislarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi natijasida jamoatchilik tomonidan Qonunchilik palatasida ko‘rilayotgan masalalar yuzasidan ko‘plab fikrlar, takliflar bildirilmoqda.

Qayd etish joizki, bugungi kunda Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini muhokama qilish jarayonida fuqarolarning fikrlarini inobatga olish yuzasidan mutloqo yangi tizim shakllanmoqda.

Albatta, jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan takliflar Qonunchilik palatasining norma ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim o‘rin tutmoqda. Ayni paytda deputatlar korpusi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Xalqaro hamkorlik aloqalari kuchaymoqda

Bugun jahon hamjamiyati O‘zbekistonning yangi tarixidagi tinchliksevar tashqi siyosati o‘zaro ishonch, hamkorlik va ochiqlik tamoyillari asosida izchillik bilan amalga oshirilayotganligini e’tirof etmoqda.

O‘zbekistonning tashabbuslarini xalqaro tashkilotlarda ilgari surish, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni jadallashtirish masalalari doimo parlament e’tiborida bo‘lib kelmoqda.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan bog‘liq g‘oyat dolzarb, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni bajarishda parlamentning roli va ta’sirini oshirishni hayotning o‘zi talab etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasi doirasida xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan ko‘pqirrali va samarali hamkorlik aloqalari izchil davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston dunyodagi eng nufuzli xalqaro parlament tashkilotlari bo‘lgan Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Hozirgi kunda Oliy Majlisda jami 53 ta xorijiy davlat parlamenti bilan parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu parlamentlararo hamkorlik guruhlari xorijiy davlatlarning qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish uchun doimiy muloqot maydoni vazifasini o‘tamoqda va o‘z navbatida, chet ellik parlament vakillari bilan ochiq, konstruktiv va jonli muloqot olib borishning qulay mexanizmiga aylanmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda parlamentning faoliyat yo‘nalishlariga yangi institut kirib keldi. Ya’ni, mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib, qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday institut xalq vakillarining mas’uliyatini yanada oshirish bilan birga, parlamentning olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan chetda turmasligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda parlamentarizm tarixi mamlakatimiz mustaqilligining tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab shakllangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘ttiz bir yillik tariximizning barcha bosqichlarida mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlash, xalq hokimiyatining chinakam demokratik tizimini shakllantirish borasida muhim o‘rin egalladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning milliy siyosiy tizimni hamda davlat boshqaruvi asoslarini demokratlashtirishga qaratilgan tashabbuslari parlamentning jamiyatimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini yanada kuchaytirdi.

Oliy Majlisning muhim va mustaqil institut sifatidagi faoliyati mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlash, haqiqiy huquqiy davlatni shakllantirish, mamlakatda konstruktiv va bunyodkorlik muhitini yaratish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Kelgusida mamlakatimiz ravnaqini yanada yuksaltirish borasida oldimizda muhim va katta ishlar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz, albatta. Ishonchimiz komilki, fuqarolarning manfaatlarini ifodalovchi haqiqiy demokratik organ sifatida shakllangan, davlat hokimiyati organlari tizimida munosib o‘rin egallagan, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga faol jalb etilgan parlamentimiz kelgusida xalqparvar davlat barpo etishga, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga, xalqimiz farovonligini ta’minlashga va Vatanimizning gullab-yashnashiga qaratilgan islohotlarning davomchisi bo‘lib qoladi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqib, davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar deputatlik korpusidan yanada faol bo‘lishni, ish jarayoniga yangicha ruh va o‘zgacha mazmun olib kirishni taqozo etadi.

Nuriddinjon ISMOILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri

O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

05 09 2022 / 9:57