Unga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 17 mingdan ziyod tadbirkor ayollar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yil boshidan 79 mingdan ziyod xotin-qiz tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.Tadbirkorlik faoliyatini boshlash va rivojlantirish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga tijorat banklari mablag‘lari va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 548 ming 166 ta imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Bundan tashqari, so‘nggi uch yil va joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida 57 ming 427 nafar xotin-qizga davlat byudjetidan subsidiyalar berildi. Mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 388 ming 874 nafar xotin-qiz kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. Bu maqsadlar uchun 12 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ jalb etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” tomonidan 154 ming 85 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilib, ularning 68 ming 57 nafarining bandligi ta’minlandi.
Ushbu markaz faoliyatini takomillashtirish doirasida joriy yilning o‘zida 154 ta tuman (shahar)larda filiallari tashkil etildi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun 2022 yilda qo‘shimcha 1 trillion so‘m ajratiladi.
Ta’kidlanishicha, 2022 yilda mazkur dastur doirasida ajratilayotgan mablag‘larning jami 4 trillion so‘m qismi tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga yo‘naltirilishi ta’minlanadi.
Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro moliya institutlarining 300 million AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy resurslari jalb etilishi belgilangan.
Xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga ko‘maklashish maqsadida Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda mahalliy va jahon logistika kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatilmoqda.
M.Qosimova, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
05 09 2022 / 12:52