Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston – Turkmaniston: savdo aylanmasi yil davomida 9 foiz o‘sdi



Ulashing :


O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Botir Atdayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Tadbirda Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, ikki davlat Savdo-sanoat palatalari hamda diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Muloqotda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqboli, sanoat kooperatsiyasi hamda ikki davlat transport-logistika salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Turkmaniston O‘zbekistonning yaqin strategik hamkori ekani, mamlakatlarimiz o‘rtasida ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqani yangi bosqichga ko‘tarish, yangi yo‘nalishlarni belgilagan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Masalan, 2021 yil davlatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 67 foiz oshib, 902 million dollarga yetdi. Joriy yil boshidan bu ko‘rsatkich 9 foiz o‘sib, 486 million dollarni tashkil etdi. Tomonlar yaqin kelajakda o‘zaro savdo va xizmat qiymatini 2 milliard dollarga yetkazish, jumladan, uchinchi davlatlardan, deyarli, 1 milliard dollarlik importni almashtirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligi bildirildi.

Shu bilan birga umumiy qiymati 418,4 million dollarlik 9 ta savdo shartnomasini amalga oshirish, 6 va 10 maydonli Lebap - Buxoro va Toshhovuz - Xorazm chegara savdo zonalari qurilishini faollashtirish zarurligi ma’qullandi.

Tadbir davomida sarmoyaviy hamkorlik istiqboli ham ko‘rib chiqildi. bugungi kunda O‘zbekistonda Turkmaniston kapitali ishtirokidagi 173 korxona faoliyat yuritmoqda. Ikki davlat hududida to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, dengiz portlari imkoniyatidan foydalangan holda xalqaro transport yo‘laklari bo‘ylab tajriba tashuvini tashkil etishni faollashtirish orqali transport-logistika aloqasini kengaytirish imkoniyati muhokama qilindi.

Delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvida mas’ul rahbarlarning transport, bojxona, energetika va kimyo sanoati bo‘yicha hamkorlikka oid fikrlari tinglandi.

Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish maqsadida muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

08 09 2022 / 10:35