Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Fermer paxtaning o‘zidan bir milliard so‘m daromad ko‘rdi



Ulashing :


Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi “Yashil vodiy paxtazori” fermer xo‘jaligi g‘alla va paxtadan mo‘l hosil oldi.

29,4 gektar yerga chigit qadagan mirishkorlar birinchi terimda uygan paxta xirmoni 130 tonnaga yetdi. Bu belgilangan rejadan 16 tonnaga ko‘p. Har gektar yerdan olingan hosildorlik salmog‘i 45 sentnerdan oshdi.

Muvaffaqiyatlarga o‘z -o‘zidan erishilmadi. Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaligiga paxta to‘qimachilik klasteri tomonidan kerakli bo‘lgan shart-sharoitlar yaratildi. Urug‘lik chigit, mineral o‘g‘it, yonilg‘i-moylash mahsulotlari o‘z vaqtida dala boshiga yetkazib berildi, suvdan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilgan islohotlar paykallarda mo‘l hosil to‘plash imkoniyatini berdi.

– Dalalarimizda hosil cho‘g‘i mo‘l,- deydi fermer Ahrorjon Yunusov.– Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, paxtachilikdan ko‘zlanayotgan daromadimiz bir milliard so‘mdan oshdi. Bu xo‘jaligimiz uchun o‘ziga xos imkoniyatlar beradi. Ilg‘or terimchilarni rag‘batlantiramiz, zamonaviy texnikalar xarid qilib, qo‘shimcha tarmoqlar faoliyatini yo‘lga qo‘yamiz.

Tumanda paxta tayyorlash yillik shartnoma rejasini bajargan fermer xo‘jaliklari safi tobora ortib bormoqda. Asosiy maqsad, katta mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmay terib olish. Bu ishlar uchun 100 ta paxta terim otryadlariga birlashgan 9 mingdan ortiq tashabbuskor terimchilar jalb etilgan.

M.Sulaymonov,O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

12 09 2022 / 12:21