Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish orqali moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladigan mazkur forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, aksionerlik tijorat “Xalq banki” mas’ullari, viloyat sektorlari rahbarlari ishtirok etdi.
– Ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini belgilashda muhim omildir, – deydi viloyat hokimi Botir Zaripov. – Bugunga kelib viloyatda qariyb 2 million aholining teng yarmi, aniqrog‘i 986 ming 444 nafarini xotin-qizlar tashkil etayotgan ekan, birgina tadbirkorlik va fermerlik sohasida 10 ming nafardan ortiq rahbar ayol faoliyat yuritayotgani ularning jamiyat rivojida nechog‘li katta kuch sifatida shakllanganidan dalolatdir.
Xotin-qizlarning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini bartaraf etish uchun joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va ularga kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi yaratildi. Joriy yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha 1 ming 945 nafar xotin-qizga issiqxona uchun 23,8 milliard so‘m, bundan 2 ming 89 nafariga parrandachilik uchun 23,7 milliard so‘m, 2 ming 662 nafariga tikuvchilik sohasida 35 milliard so‘m, 2 ming 123 nafar xotin-qizga chorvachilik uchun 23,8 milliard so‘m, 305 nafariga asalarichilik sohasi uchun 8,9 milliard so‘m, 2 ming 463 nafar xotin-qizga 65,1 milliard so‘m, 102 nafar xotin-qizga baliqchilik sohasidagi loyihalari uchun 3,1 milliard so‘m, quyonchilik uchun 500 million so‘m, 143 nafar xotin-qizga bog‘dorchilik tarmog‘iga 4,2 milliard so‘m, hunarmandchilikni rivojlantirish uchun 2 milliard so‘m kredit ajratildi.
Viloyatda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida 897 nafar xotin-qizga tikuvchilik uchun, 225 nafariga duradgorlik uchun, 210 nafariga to‘qimachilik uchun, 773 nafariga issiqxona, 670 nafariga pazandachilik uchun, 197 nafariga ko‘chat va sug‘orish, 1 ming 155 nafariga qishloq xo‘jaligi uchun subsidiyalar ajratib berilgan.
Tizimda olib borilayotgan sa’y-harakat tufayli “Ayollar daftari”ning 3-bosqichiga kiritilgan 15 ming 87 nafar ishsiz xotin-qizga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Viloyatda joriy yilda 6 mingga yaqin xotin-qiz kooperatsiyalarga jalb qilingan. Birgina pillachilik tarmog‘ida rag‘batlantirishning oshirib borilayotgani tufayli 42 mingdan ortiq xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Yana 6 mingga yaqin xotin-qiz tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida band. Qo‘li gul chevarlardan 1 ming 442 nafari ayni kunda “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar soni bugun viloyatda 11 ming 500 nafarga yetgan. Ular o‘z faoliyatini kengaytirgan holda qo‘shimcha 8 mingga yaqin xotin-qizni ish o‘rinlariga joylashtirgan. Qolaversa, 5 mingdan ziyod xotin-qizning xizmat ko‘rsatish, servis va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida bandligiga ko‘maklashilmoqda.
“Ming tadbirkor ayol” forumi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan anjumanda o‘z tashabbusi, biznes g‘oyasini muvaffaqiyatli amalga oshirib, qator yutuqlarga erishib kelayotgan bir guruh xotin-qizlar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Shundan so‘ng joylarda xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida G‘ijduvon, Shofirkon tumanlariga borildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 09 2022 / 12:34