Fermerlik faoliyatini takomillashtirish va qishloq xo‘jaligida tayyor mahsulot yetishtirishning asosiy tamoyili bu — aniq iqtisodiy hisob-kitob va istiqbolli reja hisoblanadi. Bu borada Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining hududiy bo‘limlari huzurida tashkil etilgan buxgalteriya markazlari fermer xo‘jaliklarining soliq va statistika hisobini yuritish va istiqbolni belgilashdagi ko‘makchisiga aylangan.
Birgina Zomin tumanida tashkil etilgan buxgalteriya markazida g‘allachilikka ixtisoslashgan 660 fermer xo‘jaliklariga bepul konsalting xizmati ko‘rsatiladi. Hozirgi kunda Zomin tumanida jami 1 ming 68 ta fermer xo‘jaliklari mavjud. Ularning 408 tasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining boshqa turlariga ixtisoslashgan.
2016 yilda tashkil qilingan “Umidlar so‘qmog‘i” fermer xo‘jaligi ixtiyoridagi 50 gektar lalmi yerlarning 7 gektari bog‘, 17,5 gektari g‘alla, qolganida ozuqabop ekinlar ekilgan.
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar qamrovi shunchalik kengki, bu qishloq xo‘jaligida ham o‘z aksini topmoqda, – deydi “Umidlar so‘qmog‘i” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Abdurahmon Shodmonqulov. – Zomin tumani Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlarining ochilgani bizga yana qo‘shimcha imkoniyat bo‘ldi. Avvallari bir odam faqat hisobot uchun chopardik. Hozir barcha hisob-kitob ishlarimiz elektron tarzda amalga oshirilmoqda. Markaz ochilib ishlarimiz ancha yengillashdi. Bizga nima kerak bo‘lsa, ularga aytamiz iloji bo‘lsa kelib yetkazib berishadi. Masalan, o‘g‘it, urug‘lik, yoqilg‘i kerakmi, o‘zlari yetkazib beradi. Markazda ishlayotgan xodimlar o‘z ishining ustasi, salohiyatli. Shu bois biz, fermerlar ularning faoliyatidan mamnunmiz.
Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 dekabrdagi qaroriga asosan har bir buxgalteriya markazida agronom shtatlari tashkil qilindi. Bu bilan agronom tomonidan aholiga o‘z xonadonlaridagi tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha, shuningdek, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish bo‘yicha maslahatlar berish, sifatli urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlash, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishida amaliy yordam berish ko‘zda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining hududiy bo‘limlari huzurida tashkil etilgan buxgalteriya markazlari fermer xo‘jaliklarining faoliyatida katta yordamchi bo‘lmoqda. Jumladan, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan muntazam ravishda joylarda tashkil etilayotgan amaliy seminarlarda har bir fermerning muammolari o‘rganib borilmoqda hamda buxgalteriya markazlariga biriktirilgan holda muammolar hal etilmoqda.
J.Galayev,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yetakchi mutaxassisi
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
15 09 2022 / 16:12