Shu maqsadda turli tekshiruvlar bekor qilinib, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi bir qator litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-taomillari qisqartirildi hamda soddalashtirildi.
Mazkur chora-tadbirlar mamlakatda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro miqyosdagi reytingiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) mazkur choralarning amaliyotga tatbiq etilishi, tadbirkorlar manfaatlari himoya qilinishiga ko‘maklashmoqda.
Biznes-ombudsman devoni xodimlari “Tornado Unit” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Chilonzor tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvidan norozi bo‘lib yozgan shikoyat arizasi o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Chilonzor tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan jamiyatda 2020 yil yanvar-dekabr oylari va 2021 yil yanvar-dekabr oylarida suv resurslaridan foydalanilganligi uchun kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.
Inspeksiyaning tekshirishga oid buyrug‘ida kameral soliq tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha aniq muddatlar ko‘rsatilgan bo‘lsada, soliqchilar tomonidan asossiz ravishda 2019 yil uchun ham kameral soliq tekshiruv o‘tkazilgan. Oqibatda jamiyatga 2019 yil uchun 16 million 74 ming so‘m miqdorida noto‘g‘ri soliq hisoblangan.
Mazkur kameral soliq tekshiruvi natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan xulosada tadbirkorlik sub’ektiga qo‘shimcha soliq hisoblanganligi ko‘rsatilgan. Ammo kameral soliq tekshiruvining yakunlanganligi to‘g‘risida jamiyatga berilgan xabarnomada xulosaga qarama-qarshi ma’lumot kiritilib, o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvida xato va tafovutlar aniqlanmagani qayd etilgan.
Kameral soliq tekshiruvida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va ularni soliq xavfi darajasi bo‘yicha toifalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom va Soliq kodeksining 138-moddasi talablari qo‘pol tarzda buzilishiga yo‘l qo‘yganilgan.
Aniqlangan holat bo‘yicha Vakil devoni xodimlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida xatoga yo‘l qo‘yigan soliqchi o‘rnatilgan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Bahrom Bobomurodov,
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni
yetakchi inspektori.
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
28 09 2022 / 15:25