Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Naslli chorva mollari uchun subsidiya ajratilmoqda



Ulashing :


Prezidentimizning 2020 yil 29 yanvarda “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Hujjat chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda dasturilamal bo‘lmoqda.

Qarorga ko‘ra, 2020-2022 yillarda chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga davlat tomonidan respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo‘jaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million so‘m miqdorida, xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan intensiv usulda baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklarga O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan 1 dona nasldor ona baliqning 3,5 million so‘mgacha bo‘lgan xarajatlari uchun 50 foizi miqdorida davlat tomonidan subsidiya ajratilishi belgilangan edi.

Navoiy viloyatida ham 2020-2022 yillarda chetdan olib kelingan naslli qoramollar, qo‘y-echkilar, parrandalar, naslchilik xo‘jaliklari tomonidan sotilgan naslli qoramollarga jami 1 milliard 883 million so‘m, shundan import qilingan chorva hayvonlari uchun 12 ta sub’ektga 1 milliard 792 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi, – deydi viloyat “Chorvanasl” markazi direktori o‘rinbosari Dilmurod Hakimov. – Unga ko‘ra, 2020 yilda 7 ta qoramolchilik sub’ekti tomonidan chetdan olib kelingan 474 bosh naslli qoramol uchun davlat byudjetidan 948 million so‘m, 2 ta qo‘ychilik sub’ekti tomonidan chetdan olib kelingan 500 bosh naslli qo‘ylar uchun 200 million so‘m subsidiya ajratilgan. 2021 yilda esa 3 ta qoramolchilik sub’ektiga chetdan olib kelingan 322 bosh naslli qoramol uchun 644 million, 1 ta baliqchilik sub’ektiga 91 million so‘m subsidiya ajratilgan.

Chorva mollari sonini ko‘paytirish bilan birga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining go‘sht, sut, tuxum, baliq, asal va boshqa chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 iyuldagi “Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan viloyatda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan yetishtirilgan go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlariga subsidiyalar ajratilmoqda. Jumladan, 2021-2022 yillar davomida chorvachilik mahsulotlari yetishtirganlik uchun jami 45 ta sub’ektga 3 milliard 964 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

Davlat byudjet mablag‘lari hisobidan chorvachilik xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, jami 57 ta sub’ektga ajratilgan 5 milliard 756 million so‘m mablag‘ni chorvachilik xo‘jaliklarida intensiv va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirish hisobiga so‘nggi 3 yilda chorvachilik xo‘jaliklarida sezilarli darajada o‘zgarishlar kuzatildi.

bugungi kunda Xatirchi tumanida 128 ta chorvachilik sub’ekti mavjud bo‘lib, shundan 29 tasi qoramolchilik, 25 tasi qo‘ychilik, 36 tasi echkichilik, 31 tasi baliqchilik, 7 tasi parrandachilik xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi tuman bo‘limi tomonidan chorvachilik xo‘jaliklarida “Naslchilik to‘g‘risida” gi Qonun ijrosi va naslchilik resurslari yaxshilanishi, saqlanishi, takror ko‘paytirilishi va ulardan oqilona foydalanishi, shuningdek, hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar doimiy nazorat qilib borilmoqda.

– Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tumanda 161 ta nazorat tadbirlari, 148 ta monitoring, 13 ta tekshirish o‘tkazildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Xususan, avgust oyida Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan “Albiyon-2019” naslchilik maqomiga ega qoramolchilik yo‘nalishidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatida tekshirish o‘tkazildi. Mazkur MCHJda 31 bosh yirik shoxli mol, shundan, 24 bosh qora-ola zotiga mansub sigirlar parvarish qilib kelinayotgan bo‘lib, tekshirish davomida “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonun hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi va talablari buzilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, veterinariya va sanitariya talablariga to‘liq rioya qilinmasligi bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagani aniqlandi. Xo‘jalikda sigirlarni sun’iy urug‘lantirish punkti tashkil etilmagan, Xatirchi tuman “Chorvanasl” markazi bilan naslli buqalar urug‘lari sotib olish uchun shartnoma tuzilmagan, naslli buqalar urug‘lari olinmagan. Shuningdek, “Naslchilik to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan naslchilik hisob-kitoblari va hujjatlari, shuningdek, naslli mollar mahsuldorligi hisob-kitobi yuritilishi, 19-moddasida keltirilgan nasldor hayvondan foydalanish shartlari talablari buzilgan.

– Sentyabr oyida 20 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Xatirchi tuman bo‘limi katta inspektori Jahongir Cho‘tboyev. – 3 mingga yaqin broyler jo‘ja parvarish qilinayotgan “Taraqqiyot - 99” oilaviy korxonasi faoliyati tekshirilganda, bu yerda sanitariya qoidalariga zid ravishda epizotik barqarorlik ta’minlanmasdan parranda boqib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Baliqchilikka ixtisoslashgan “Qodir doda RMK” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham o‘tkazilgan tekshirish davomida baliq chavoqlari tashlangan hovuz atrofi tozalanmagani, sanitariya talablariga javob bermasligi aniqlandi. Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.

Chora-tadbirlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholiga sifatli, arzon chorvachilik mahsulotlari yetkazib berish va mazkur mahsulotlar narxlari barqarorligini ta’minlash, shu bilan birga chorvachilik mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish orqali chorvachilik xo‘jaliklari va aholi daromadlarini muntazam oshirib borishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

10 10 2022 / 12:34