A.Mavlonov Bryusselda Jahon bojxona tashkilotining «Ishda farovonlik – inson kapitaliga g‘amxo‘rlik demakdir» shiori ostida bo‘lib o‘tgan Xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
Gibrid formatda tashkil etilgan Global konferensiyada 150 dan ziyod davlatdan 1,2 ming nafar ishtirokchi bevosita va onlayn tarzda qatnashdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi ushbu tadbirga maxsus taklif etilgan va u konferensiyaning “Bojxona sohasida samarali boshqaruv orqali farovonlik ekotizimini shakllantirish” mavzusidagi asosiy panelida spiker sifatida ishtirok etdi.
DBQ raisi nafaqat Markaziy Osiyo, balki MDHga a’zo davlatlarning bojxona tuzilmalari rahbarlari ichida konferensiyaga spiker sifatida jalb qilingan yagona ishtirokchi hisoblanadi.
A.Mavlonov bilan bir safda Peru bojxonasi rahbari, Jahon bojxona tashkilotining Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Karib davlatlari bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Marilu Llerena, taniqli “P&O Consulting PwC” kompaniyasi direktori Tobias Sattler, Shveysariyaning iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati Savdoga ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Martin Peterlar konferensiyada spiker sifatida ishtirok etmoqda.
Konferensiya doirasida Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunia Mikurianing faqatgina O‘zbekiston delegatsiyasi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazganining o‘zi ham mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bojxona sohasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar xalqaro jamoatchilikning diqqat markazida ekanini anglatadi.
DBQ raisi o‘z chiqishida mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat bojxona xizmati organlari xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib yashash va xizmat sharoitlarini muhayyo qilish, xodimlarning o‘zlarini to‘la namoyon qilishlariga imkon berish, pirovardida ularda o‘z kasbiga sadoqat va daxldorlik hissini kuchaytirish borasida qilingan ishlar yuzasidan atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan xorijiy tillarni biluvchi bojxona xodimlari soni 5 barobarga, ilmiy izlanishlar olib borayotgan xodimlar soni 2 barobarga ortdi. 700 dan ortiq xodim Jahon bojxona tashkilotining masofaviy ta’lim platformasi orqali tahsil olib, xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi.
Tabiiyki, bu bojxonadagi asosiy ko‘rsatkichlarning oshishiga ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda. Masalan, hozirga kelib davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari 4 barobarga, bojxona qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlash 7 barobarga, xususan, giyohvand moddalarni aniqlash 2,3 barobarga, naqd xorijiy valyutalarni aniqlash 9,3 barobarga ortdi.
Mavzu yuzasidan O‘zbekiston tajribasi bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar konferensiyaning yakuniy hisoboti va tavsiyalariga kiritiladi.
Tashrif davomida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov va Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator takliflar ilgari surildi. Xususan, kadrlarni tayyorlash, inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishlarida Jahon bojxona tashkiloti mutaxassislarining O‘zbekistonda bojxona organlari xodimlarining o‘quv jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish, Jahon bojxona tashkilotining hududiy o‘quv markazlarida Bojxona institutining professor-o‘qituvchilari uchun muntazam amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish, Jahon bojxona tashkilotining navbatdagi yillik “PICARD” nufuzli xalqaro konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi.
Tashrifi davomida A.Mavlonov yirik ishbilarmon doiralari vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri Belgiyaning yirik «Camco Technologies» kompaniyasi rahbari Verner Piters bilan bo‘lib o‘tdi.
«Camco Technologies» kompaniyasi logistika terminallari va chegara o‘tkazish punktlari uchun vizual terminal, darvoza va kranlarni avtomatlashtirish tizimlarini ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi. Endilikda kompaniya konteyner va vagonlarni boshqarishda ham avtomatlashtirilgan tizimlarni taklif qilmoqda.
Uchrashuv so‘ngida «Camco Technologies» kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini rejalashtirish va konstruktiv muhokamalarni tashkil etishga kelishib olindi.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA muxbiri
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
12 10 2022 / 15:28