1 apreldan nimalar o‘zgaradi?
Endi “avtoshkola”lar ma’muriyatiga haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar o‘tkazish huquqi beriladi.
1 apreldan nimalar o‘zgaradi?
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab kuchga kiradigan o‘zgarishlar ro‘yxati quyidagicha:
– Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ayrim cheklovlar o‘rnatiladi.
Unga ko‘ra, to‘y va oilaviy marosimlarni 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish belgilandi. Bundan tashqari, teatr, kino, va konsert dasturlarini tashkil etishda bir qancha cheklovlar ham qo‘yilmoqda.
– “Zootexnik”, “veterinar-shifokor”, “feldsher-veterinar”, “usta-chavondoz”, “ot parvarishlovchi”, “taqachi” mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlar to‘lanadi.
– Olis va chekka hududlardagi pochta aloqasi ob’ektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi.
– Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi.
– Intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi.
– Avtomototransport haydovchilarini tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tadbirkorlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
Bunda haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholash inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda imtihonlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida o‘tkaziladi.
Shuningdek, imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag‘lar to‘liq hajmda uning tasarrufida qoladi va nazariy hamda amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos bo‘ladigan maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi.
– Mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
– Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi a’zolariga o‘zlari tomonidan import qilingan qo‘y bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom go‘sht ko‘rinishida (TIF TN bo‘yicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
26 03 2021 / 10:42