Prezident Shavkat Mirziyoyev
18 oktyabr kuni “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga borib, Toshkent
shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.
– Toshkent – azim poytaxtimiz,
mamlakatimizning eng katta shahri. Besh yilda investitsiyaga, tadbirkorlarga
sharoit yaratdik, yangi uylar, zamonaviy inshootlar qurildi. Bu ham kerak. Endi
kelajakni o‘ylab, strategiyani aniq belgilab olmasak, o‘n yildan keyin shaharda
yashash qiyin bo‘lib ketadi. Qo‘shimcha bosimni infratuzilma ko‘tarmaydi. Endi
xato qilishga haqimiz yo‘q. Xalq uchun yaratilishi kerak bo‘lgan qulayliklarni
hisobga olib, loyihani 50 yil oldin to‘g‘ri qilmasak, shaharning arxitekturasi
ham, iqtisodiyoti ham, ekologiyasi ham bo‘maydi, – dedi Prezident.
Bugungi kunda Toshkent
shahrining hududi 43 ming gektar, aholi soni 3 millionga yaqinlashgan.
Infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortgan. Transportlar ham kun sayin ko‘payib,
yo‘l harakati qiyinlashib bormoqda. Chang, tutun ekologiyaga salbiy ta’sir
ko‘rsatmoqda.
Shu bois Prezidentimiz bu
masalani alohida e’tiborga olib, poytaxtning me’moriy qiyofasini saqlab qolish,
kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida qilish vazifasini qo‘ygan edi. Xususan,
o‘tgan yili “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining ochilish marosimida hamda toshkentlik
saylovchilar bilan uchrashuvda bu borada konsepsiya tayyorlanayotgani aytilgan
edi.
Poytaxtimiz kelajagi bilan
bog‘liq bo‘lgani uchun bu masalaga jiddiy va puxta yondashildi. “ToshkentboshplanLITI”
korxonasida chet ellik va mahalliy loyihachilar ikki yil davomida ishlashdi.
Aholining o‘sishi, transport va muhandislik tarmoqlari, iqlim o‘zgarishlari
tahlil qilinib, shu asosida transport tugunlari va aholi punktlarini
rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi.
Tashrif chog‘ida
Prezidentimizga mazkur strategiya haqida axborot berildi.
Ko‘zda tutilayotgan ishlardan
biri shuki, Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi
ochiq-oshkora qayd etib qo‘yiladi. Aholi o‘z mahallasi yoki tadbirkorlar biznes
ochmoqchi bo‘lgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol
ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Tirbandlik muammosini hal
etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15
daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek,
“Park and ride” tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil
etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bog‘lanadi.
Yana bir muhim chora –
binolarga ijtimoiy talablar belgilash. Masalan, shahar ichida ko‘p qavatli
inshoot qurilgudek bo‘lsa, uning turiga qarab, maktab, bog‘cha, maishiy xizmat,
avtoturargoh o‘rni, ko‘kalamzorlashtirish maydoni kabi me’yorlar qo‘yiladi.
Toshkent shahrining 2045
yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan
mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtimizning sharqiy qismida,
Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. 500 ming aholiga
mo‘ljallangan bo‘ladi.
Shundan kelib chiqib,
istiqbolli rivojlanish va qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni
birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda 6
ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.
Global isish kuzatilayotgan
bugungi dunyoda yashillik juda muhim. bugungi kunda Toshkent shahrida 7 ming
gektar yashil maydonlar mavjud. Prezidentimiz ilgari surgan “Yashil makon”
umummilliy loyihasidan kelib chiqib, Bosh reja loyihasida bunga alohida e’tibor
qaratilgan. Jumladan, katta halqa yo‘li atrofida “yashil kamar” yaratish,
shahardan o‘tgan kanallar bo‘yida tematik bog‘lar tashkil etish ko‘zda
tutilgan. Umuman, poytaxtimizda yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish
maqsad qilingan.
– Shaharni rivojlantirish
bo‘yicha bu stratageyamizni dunyodagi yetuk mutaxassislar ham ma’qulladi. Endi
har bir joy bo‘yicha xalq fikrini olib, aql bilan, sifatli qurish kerak. Bu
yangi shahar xalqimizga munosib, iqlimimizga mos, zamonaviy bo‘lishi zarur, –
dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu ulkan loyihaga yosh
mutaxassislarni jalb etib, tajribasini shakllantirish, tuman va shaharlar
arxitekturasini mutanosib rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois
Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Namangan kabi boshqa shaharlarimizda ham
loyihalashtirish markazlari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
O‘zbekiston amaliy san’at va
hunarmandchilik tarixi davlat muzeyini rekonstruksiya qilish, Surxondaryo
viloyati Denov tumani markazining arxitektura qiyofasini zamonaviylashtirish
loyihalari ham taqdimot qilindi.
O‘zAdan
olindi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
19 10 2022 / 14:45