Administratsiya rahbari boshchiligida o‘tgan majlisda issiqxonalarni tabiiy gaz ta’minotidan ogohlantirishsiz uzish holatlari bo‘yicha ko‘plab e’tirozlar bildirilayotgani, xususan, joriy yilning 25 oktyabr kuni respublikaning turli hududlaridan issiqxonalari gazdan uzilgan tadbirkorlar norozilik bildirib, Toshkentda to‘plangani bo‘yicha tegishli mas’ullar qattiq tanqid ostiga olindi.
Jumladan, "Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddi rahbarlarining ushbu masala bilan umuman shug‘ullanmagani, tadbirkorlarning muammolariga yechim topmagani uchun ular Prezident Administratsiyasiga kelishmoqda", dedi S.Umrzoqov.
Gaz ta’minotidan uzilgan issiqxonalar 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlanadi
Yig‘ilish davomida issiqxona egalari bo‘lgan tadbirkorlar fikrlari ham tinglandi. Ular o‘zlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi og‘riqli masalalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.
Ma’lumki, mavsum paytida issiqxonaning har bir kuni o‘ta muhim bo‘ladi. Bu nafaqat o‘sha tadbirkor uchun, balki O‘zbekiston oziq-ovqat ta’minoti va xavfsizligi uchun ham juda ahamiyatli.
Ma’lum bo‘lishicha, “Hududgazta’minot” AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qo‘ygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yo‘qotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band bo‘lgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin.
Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz ta’minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlash topshirig‘i berildi.
Shuningdek, Hisob palatasiga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan “Hududgazta’minot” AJning hududiy boshqarma boshliqlari harakatiga huquqiy baho berish, agar ularning harakatida jinoyat alomatlari aniqlansa, qonuniy tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.
Issiqxona yurituvchi tadbirkorlar 1 kun ichida tegishli manbalardan moliyaviy mablag‘ bilan ta’minadi
O‘z navbatida yig‘ilishda issiqxonalarni muqobil energiya (ko‘mir)ga o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi.
So‘zga chiqqan tadbirkorlarning barchasi issiqxonalarni ko‘mir orqali isitishga o‘tish ma’lum vaqt talab etishi, buni avval har tomonlama o‘rganib chiqish, sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkazish, tijoriy tomonlarini hisob-kitob qilish zarurligini ta’kidladi. Mazkur masala yuzasidan ishchi guruh tuzilib, tegishli mutaxassislar va tadbirkorlar bilan birgalikda holatni batafsil o‘rganib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.
Bunda ishchi guruh har bir issiqxona kesimida ularning moliyaviy ahvolini o‘rganib chiqib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq asoslangan takliflar tayyorlaydi. O‘z navbatida issiqxona yurituvchi tadbirkorlarga o‘z hosillarini nes-nobud qilmasdan yetishtirib olishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 1 kun ichida tegishli manbalardan moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
28 10 2022 / 12:29