Mutaxassislar “Yashil makon” loyihasi doirasida millionlab daraxt va ko‘chatlarni kerakli joyga ekib, ularga to‘g‘ri g‘amxo‘rlik qilish zarurligini, shuningdek, daraxtlarni parvarish qilishda ehtiyotkorlik bilan yondashish lozimligini ta’kidlashadi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi ekologik axborot, AKTni joriy etish va multimedia markazi direktori Davron Abdullayevning ma’lum qilishicha, respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish maqsadida “Yashil makon” platformasi tashkil etilgan bo‘lib, platformada ekiladigan daraxt ko‘chatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ekiladigan ko‘chatlarning joylashuv lokatsiyasi, daraxtlarning soni, fotofaktlari hamda ekilgan hududda sug‘orish tizimining holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilib boriladi.
– Endilikda har bir ekilayotgan ko‘chatlarning o‘z egasi bo‘ladi, – deydi D.Abdullayev. – Ekilgan darxtlarning mas’ullarga biriktirish tizimini o‘z ichiga oladigan “Yashil makon” yagona elektron bazasi (yashilmakon.eco) shakllantirilgan va ularni raqamlashtirish orqali aniq hisob-kitoblar bilan kiritib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur elektron tizimning mobil ilovasi ishga tushirilgan bo‘lib, hududlardagi Davlat inspektorlariga jami 557 ta maxsus planshetlar xarid qilindi va respublika hududlaridagi yangi ekiladigan daraxt ko‘chatlari monitoringini joyida amalga oshirish imkoni yaratildi. Shuningdek, ekilgan daraxt ko‘chatlarning nazorat mexanizmi, operativ ma’lumotlar va onlayn rejimda tuman va shaharlar kesimida hisobotlari, ekilgan daraxt ko‘chatlarining hisobi, kunlik ekilgan daraxt ko‘chatlarning tashkilotlar kesimida ma’lumotlari shakllantirilishi yo‘lga qo‘yildi. 100 yoshdan oshgan daraxtlar haqida ma’lumotlar modullari Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilib, ushbu daraxtlar bilan bog‘liq holatlar ham nazoratga olinmoqda.
Joriy yil kuzgi ko‘chat ekish mavsumi “Dolzarb 40 kunlik”ning 2 noyabr holatiga ko‘ra, respublikaning barcha tuman va shahar hokimliklarida tashkil etilgan shtablar tomonidan ekilgan jami 13 million 109 ming 500 dona ko‘chatlarning 9 million 328 ming 670 donasi tuman va shahar Ekologiya bo‘limlari davlat inspektorlari tomonidan “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan.
Bundan tashqari, “Yashil makon” platformasini yanada takomillashtirish maqsadida hududlar tuproq-iqlim hususiyati va daraxt turlari haqida hududlarning ko‘kalamzorlik darajasi, daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomalar ro‘yxati hamda aniqlangan huquqbuzarliklar va ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yashil makon” platformada aks etishi va shu orqali mavjud masalalarni tizimli ravishda hal etilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA muxbiri
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
04 11 2022 / 16:06