Qarorga muvofiq, Biznes yuritish shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishga oid islohotlarni izchil davom ettirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, ularni zarur moliyaviy va infratuzilmaviy resurslar bilan ta’minlash maqsadida, 2021 yil
1 maydan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi joriy qilindi.
Shunga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub’ektlariga umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining
1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etilishi hamda ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimida ro‘yxatga olingan fuqarolarga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan ortiq bo‘lmagan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafillik berilishi belgilandi.
Shuningdek, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning 70 foizi kichik biznes loyihalariga,
30 foizi ustuvor ravishda o‘zini o‘zi band qilishga, tomorqadan unumli foydalanish, uy sharoitida hunarmandchilikni va kasanachilikni rivojlantirishga yo‘naltirilishi belgilandi. Bunda ajratiladigan mablag‘larning kamida 15 foizi joylarda, ayniqsa shaharlarda xizmat ko‘rsatish sohasida kichik loyihalarni moliyalashtirishga qaratilishi belgilandi.
Mazkur qarorga ko‘ra xalq deputatlari tuman-shahar Kengashlariga olis va chekka hududlarda joylashgan yer uchastkasiga mulk huquqi va ijara huquqini auksionga qo‘yishda ularning boshlang‘ich narxini 50 foizgacha kamaytirish vakolati berildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga yer uchastkasiga mulk huquqi va ijara huquqini auksionga qo‘yishda boshlang‘ich narxga chegirma belgilanadigan olis va chekka hududlar chegaralarini belgilash vakolati berildi.
2021 yil 1 iyundan boshlab infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan, respublika ahamiyatidagi yo‘llarga tutash bo‘lgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini sanoat va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga “E-ijro auksion” savdo maydonchasi orqali ajratishga ruxsat berildi.
Shuningdek, uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash hamda uch yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berildi.
Ushbu tartib bo‘yicha garovsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanadigan soliq yoki to‘lovlar summasi tadbirkorlik sub’ekti tomonidan oxirgi uch yil davomida to‘langan soliq yoki bojxona to‘lovlari summasining 50 foizidan oshmasligi belgilandi.
bugungi kunda Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ushbu qaror tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan birgalikda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishning asosiy omili sifatida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga asos bo‘ladi.
Farhod Ahmedov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Biznes-Ombudsman devoni
mas’ul xodimi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
07 11 2022 / 13:16