Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti – umumiy muvaffaqiyat sari



Ulashing :


Dunyoda kechayotgan hozirgi globallashuv jarayoni insoniyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, o‘zida turli tahdid va xavf-xatarlarni ham namoyon etmoqda va mazkur holat barcha sohalarda munosabatlarni tartibga solishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Xalqaro tashkilotlar ko‘p tomonlama hamkorlikning eng yaxshi vositalaridan biri bo‘lib, uning doirasida davlatlar murakkab masalalarini hal qiladi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning 10-11 noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida Yevroosiyoning muhim strategik hududlarida joylashgan turkiy dunyo mamlakatlari rahbarlari ishtirok etishi olamshumul tarixiy voqelikdir. Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy vazifasi a’zo davlatlar o‘rtasida turli sohada aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro ishonch muhitini shakllantirish va xalqaro munosabatlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Turkiy davlatlar tashkiloti – xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, do‘stlik, qo‘shnichilikni mustahkamlash, jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni ta’minlashga qaratilgan.

O‘zbekiston ushbu tashkilotga 2019 yilning oktyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) yettinchi sammitida to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilgan.

Ayni vaqtda tashkilotga Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Ozarbayjon a’zo sanaladi. Vengriya va Turkmaniston esa kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Ta’kidlash joizki, boshqa mintaqaviy tashkilotlardan farqli o‘laroq, kuzatuvchilar tashkilot faoliyatida ishtirok etish uchun kengroq vakolatlarga ega. Qoidaga ko‘ra, ular ekspert uchrashuvlaridan tortib, davlat rahbarlarining sammitlarigacha bo‘lgan o‘zaro hamkorlikning deyarli barcha formatlarida taqdim etiladi.

TASHKILOTNING RIVOJLANISH BOSQICH

Tashkilotning rivojlanish bosqichlarini uchga bo‘lish mumkin. O‘zbekiston mustaqillikka erishgan vaqtlarda, ya’ni 1992 yil Turkiyaning Anqara shahrida Turkiy tilli mamlakatlar sammiti bo‘lib o‘tadi hamda 2009 yilgacha bu davlat rahbarlari sammiti sifatida faoliyat yuritadi.
2009 yil 3 oktyabr tashkilot rivojlanishining ikkinchi bosqichi deb ataladi va ushbu sanada Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimi imzolanadi. Unga asosan Turkiy tilli davlatlar kengashi xalqaro tashkilot sifatida tashkil qilinadi va uning nizomi tasdiqlanadi. 3 oktyabr – tashkilotning rasmiy tashkil topgan kuni bayram sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.
Uchinchi bosqich sifatida tashkilotning so‘nggi 8-sammiti 2021 yilning 11-12 noyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan edi va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash)ni Turkiy davlatlar tashkiloti deb qayta nomlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu Tashkilotga a’zo davlatlarning jiddiy maqsadlari va uzoq muddatli rejalari tasdig‘idir.

Sammitda davlat rahbarlari 10 dan ortiq hujjat – sammitning yakuniy deklaratsiyasi, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlarni imzolaganlar. Tashkilot bu o‘zgarish bilan yangi bir kuch oldi, chunki tashkilot kengashdan ko‘ra kengroq tuzilma. Zero, turkiy davlatlar hamkorligi bugungi davr talabiga javob berishi, hamkorlik mexanizmi mustahkamlanishi, o‘zaro bog‘liqlik uchun yanada mukammal siyosiy-huquqiy asos yaratilishi uchun muhim ahamiyatga ega edi.

Sammitda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Aminmanki, bugun qabul qilinayotgan qarorga binoan Turkiy Kengash nomi “Turkiy davlatlar tashkiloti“ deb o‘zgartirilishi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi», deb ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston tashkilotning tashkilot doirasida o‘z qarashlarini taklif etuvchi faol va muhim a’zolaridan biri hisoblanadi. Shu paytga qadar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 35 dan ortiq ko‘p qirrali aniq tashabbuslarning aksariyati amaliyotga joriy etilganligi tashkilot kun tartibini bugungi kun voqeligiga mos ravishda boyitishga hissa qo‘shmoqda. Ushbu tashabbuslar tashkilot doirasida ko‘p qirrali hamkorlikning yangi formatlarini yo‘lga qo‘yish, uning > UzA Abdulaziz: institutsional va amaliy salohiyatini mustahkamlash imkonini beradi.

Turkiy davlatlar tashkiloti turk dunyosi mamlakatlari muloqoti va hamkorligini rivojlantirish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Samarqand sammiti a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi barcha yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi, zero tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida samarali hamkorlik qilish xalqimizning tub milliy manfaatlariga to‘liq mos keladi.

Shuhrat RAHMONOV,
Adliya vazirligi qoshidagi
Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri,
yuridik fanlar nomzodi


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

11 11 2022 / 15:20