Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Asaka tumani adirliklarida “Sabo hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 111 gektar maydonda tashkil etilayotgan “Net House” usulidagi zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Ayni kunda mazkur issiqxonada 10 turdan ortiq mahsulotlar yetishtirilmoqda.
Issiqxonalarda malina, qulupnay, pomidor, bodring, baqlajon, karam, bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlar ekilgan bo‘lib, bugungi kunda yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olish ishlari boshlangan. Umumiy qiymati 40 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha hali to‘la ishga tushgani yo‘q. Shu kunlarda issiqxona hududidagi 15 gektar maydonda qurilish ishlari yakunlanib, yo‘llarni asfaltlash ishlari olib borilmoqda. Umuman, loyiha to‘la quvvat bilan ishga tushgach, 600 nafar fuqaro doimiy, 2 ming nafardan ziyod fuqaro esa mavsumiy daromadli ish bilan ta’minlanadi.
Bu aholi bandligini ta’minlash hamda bozor rastalarini arzon va sarxil mevalarga to‘ldirish, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish, eng muhimi, unumdorligi past bo‘lgan maydonlardan yaxshigina daromad olish borasidagi imkoniyatlarni oshiradi.
– Bilamizki, Andijonda ekin maydonlari cheklangan, – deydi O'zLiDeP yetakchisi Aktam Xayitov. – Shu bois, unumsiz yerlarning unumdorligini oshirish, foydalanilmasdan turgan adir hududlarini o‘zlashtirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, eksport hajmini oshirish, qolaversa, yildan yilga ortib borayotgan aholining qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi e’tiborga molik. Bu kabi namunali loyihalar partiyamiz tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanadi.
Aktam Xaitov tadbirkorlar faoliyati bilan tanishish jarayonida issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar bozorini topish, eksportini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish yuzasidan o‘z taklif, fikr va mulohazalari bildirdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
15 11 2022 / 14:11