Haftaning har dushanba kuni savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasida muammoli masalasi bo‘lgan ishbilarmonlarning viloyat hokimi va boshqa mas’ullar bilan uchrashuvini o‘tkazish an’anaga aylangan. Bundan tashqari, viloyat hokimi vaqti-vaqti bilan tadbirkorlar uchun sayyor qabullar tashkil etib kelmoqda. Bu galgi uchrashuv Samarqand shahrida tashkil etildi.
Uchrashuvdan bir hafta oldin e’lon berilib, tadbirkorlarning murojaatlari qabul qilindi. 117 nafar tadbirkor ish faoliyatida yuzaga kelayotgan turli masalalar bo‘yicha viloyat hokimi bilan muloqot qilish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Ular duch kelayotgan muammolar so‘raldi va 29 nafar ishbilarmonning masalasiga uchrashuvga qadar yechim topildi. Qolgan murojaatchilar bilan sektor rahbarlari va boshqa mas’ullar ishtirokida yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Jumladan, Pokistondan go‘sht import qiladigan “Meat vishts” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori X.Halimov viloyatdagi autsorsing korxonalari, tibbiyot muassasalari va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda go‘sht sotish uchun doimiy do‘konlar tashkil etishda yordam so‘radi.
– Masalamiz e’tibordan chetda qolmadi. Viloyatda o‘tadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalari va shaharning aholi gavjum hududlarida do‘konlar tashkil etishda yordam beriladigan bo‘ldi, – deydi X.Halimov.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar asosan yer va kredit ajratish, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar, qurilishga ruxsat berish bilan bog‘liq masalalarda to‘siqlarga duch kelayotganini bildirdi. Har bir bir murojaat qat’iy nazoratga olinib, 52 tasiga shu yerning o‘zida yechim topildi, o‘rganish talab qiladigan 46 masala yuzasidan muddat va mas’ullar belgilandi.
– Har bir rahbar, mutasaddi tashkilot o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashsa, majburiyatini bajarsa tadbirkorda muammo bo‘lmaydi, – dedi E.Turdimov. – Ammo, ayrim mas’ullarning e’tiborsizligi, sektorlarning yaxshi ishlamaganligi sababli oddiy masalalar ham yechilmay, tadbirkorga to‘siq bo‘lmoqda. Mas’uliyatsiz bunday rahbarlarga munosabat boshqacha bo‘ladi, o‘z xatti-harakati va harakatsizligi uchun qonun oldida javob beradi.
G‘.HASANOV, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
22 11 2022 / 11:12