Viloyatda g‘allachilikka ixsoslashgan fermer xo‘jaliklari tomonidan kuniga 587 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekilmoqda. Mavsum boshidan buyon esa g‘alla ekilgan maydon 35 ming gektardan oshdi. Don unib chiqqan maydon 26 ming 875 gektar bo‘lib, shundan 12 ming 335 gektari 1-2 barg, 9 ming 100 gektar maydondagi boshoq esa 3-4 barg rivojlanish fazalariga kirgan.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan g‘allani to‘g‘ri va sifatli parvarishlanishi yuzasidan nazorat va profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
– Inspeksiya viloyat boshqarmasi tomonidan g‘alla parvarishi bo‘yicha 1012 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori Burxon To‘ychiyev. – Shundan 55 ta fermer xo‘jalik va klasterlarning 168 gektar g‘alla maydonida siyrak unib chiqqan, azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirilmagan, shuningdek, g‘o‘zapoyadan tozalanmagan g‘alla maydonlari mavjudligi aniqlandi. Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida fermer xo‘jalik va klaster rahbarlariga ogohlantirish hamda bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.
Viloyatda g‘alla ekilgan maydonlarni mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, mineral o‘g‘itlar zaxirasini yaratish va boshqa agrotexnik tadbirlar sifati yuzasidan nazorat tadbirlari muntazam olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
28 11 2022 / 12:11