Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston – Vengriya: Ishbilarmonlar kengashining ilk yig‘ini



Ulashing :


O‘zbekiston – Vengriya: Ishbilarmonlar kengashining ilk yig‘ini

Vengriya hukumati delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida 29 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston – Vengriya biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ishbilarmon doiralar aloqalarini mustahkamlash masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto, O‘zbekiston – Vengriya ishbilarmonlar kengashi hamraislari, mas’ul vazirlik, idoralar hamda ikki mamlakat tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz hukumati rahbari o‘rinbosari ta’kidlab o‘tganidek, keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanmoqda.

2020 yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro savdo aylanmasi 109.3 million dollarni tashkil etdi. Bu boradagi o‘sish ko‘rsatkichi bir yil avvalgi davrga nisbatan 53.9 foizga teng bo‘ldi. Ayni payt respublikamizda Vengriya ishtirokidagi 10 ta korxona mavjud. Jumladan, 4 ta kompaniya 100 foiz xorijiy kapital asosida faoliyat olib bormoqda. Ushbu forum esa ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari samarali faoliyatiga yanada keng yo‘l ochib, kelgusidagi yuqori natijalar uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Janob Siyyarto, o‘z navbatida, O‘zbekiston – Vengriya munosabatlari rivojlanish jarayonida kuzatilayotgan ijobiy o‘sish sur’atiga urg‘u berdi. Har ikki davlat rahbarlari iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga ishbilarmonlarni faollikni kuchaytirishga chaqirdi.

Qayd etish kerak, ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishda Savdo-sanoat palatalari faoliyati muhim o‘rin egallaydi. Bu jarayonda hududlararo kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasini takomillashtirish, tovar va xizmatlar almashinuvi uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarurligi aytib o‘tildi.

Vengriya kompaniyalariga xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonning ochiqligini ta’minlash va jozibadorligini oshirishga qaratilgan ishlar, shaffof ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda davlatning rolini bosqichma-bosqich qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar xususida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbekiston tomonidan Moliya va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Vengriya tomonidan “OTP Bank”, Vengriya eksport-import banki mas’ul vakillari o‘z faoliyatlariga bag‘ishlangan taqdimotlarini namoyish etishdi.

Forum davomida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z mahsulotlari va xizmatlarini hamkorlarga namoyish etib, sheriklikning afzal, ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdilar.

O‘zbekiston va Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari hamkorligining o‘ziga xos, samarali formatini yaratish imkonini bergan mazkur ochiq muloqot ishtirokchilarga istiqbolli loyihalar va kelishuvlarni o‘z ichiga olgan o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni aniq belgilab olishga ko‘maklashdi.

Biznes forumi yakunida o‘zaro muloqot, muzokara va uchrashuvlar natijasiga ko‘ra, turli sohalarda savdo, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, o‘zaro hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutgan qator ikki tomonlama shartnoma, bitim va kelishuvlar imzolandi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA

https://www.uza.uz/oz/posts/ozbekiston-vengriya-ishbilarmonlar-kengashining-ilk-yigini_252827


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

30 03 2021 / 9:31