Majlisda dastlab «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov ma’ruza qildi:
— Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, odamlarni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovni samarali ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Lekin shunga qaramay, bugungi kunda davlat organi qarori, mansabdor shaxs harakati ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan muddatning qisqaligi ko‘pgina hollarda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash imkonini bermayapti. Shu bois, keng jamoatchilik, xususan, sohada faoliyat yuritib kelayotgan amaliyotchi-yuristlar, faol huquqshunos-blogerlar tomonidan bildirilgan takliflar, shuningdek, sud amaliyoti tahlili natijalaridan kelib chiqqan holda ushbu muddatlarni qayta ko‘rib chiqish va uzaytirish zaruriyati kelib chiqmoqda. Aholidan kelib tushayotgan takliflarni inobatga olib, sudga murojaat qilishni yanada erkinlashtirish, aholining odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida davlat organi qarori, mansabdor shaxs harakati ustidan sudga shikoyat qilish muddatini 3 oydan 6 oygacha uzaytirish zarurati vujudga kelmoqda. Shu bois mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining, ular mansabdor shaxslarining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilishning uch oylik muddatini olti oyga uzaytirish nazarda tutilyapti. Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining sud orqali samarali himoya etilishini ta’minlashga, turli sabablarga ko‘ra vaqtida shikoyat qilolmagan taraflarning sud qarori ustidan shikoyat qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi, — dedi Sh.Polvonov.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qonun loyihasining ahamiyati xususida o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
KORRUPSIYAGA QARSHI EKSPERTIZA O‘TKAZISH TARTIBI BELGILANMOQDA
Majlisda «Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
— Ushbu hujjatda korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazadigan organlar va ularning vakolatlari, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalaridagi korrupsiyaviy omillar, korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish tartibi o‘z aksini topmoqda, — dedi deputat Dilmurod Ismoilov. — Shuningdek, huquqiy ekspertiza doirasida normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, muhokamasi jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi, korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilishi majburiy bo‘lgan sohalarning normativ-huquqiy hujjatlari, korrupsiyaga qarshi mustaqil ekspertiza kabi normalar nazarda tutilmoqda. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasini moddama-modda ko‘rish davomida undagi ayrim normalar deputatlarning qizg‘in muhokama va tortishuvlariga sabab bo‘ldi. Xalq vakillari o‘zlarining savol va e’tirozlariga tegishli mutasaddilardan javoblar olishdi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi.
DAVLAT HISOBIDAN YURIDIK YORDAM KO‘RSATISHDA SHAFFOFLIK TA’MINLANADI
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi — kun tartibidagi ushbu hujjat loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
5 ta bob, 32 ta moddadan iborat qonun loyihasida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari belgilanmoqda. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlarini hamda davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasini kengaytirish nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasiga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestrini yuritish va unga advokatlarni kiritishning ochiq va shaffof mexanizmlarini hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tasodifiy tanlash tartibini joriy qilish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlardan kelgan taklif va mulohazalar asosida hujjat yanada takomillashtirilgani ta’kidlandi. Qonun loyihasining qabul qilinishi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning shaffof tartibini joriy etish, davlat tomonidan ushbu maqsadda ajratiladigan mablag‘lar sarflanishi ustidan samarali nazoratni o‘rnatishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish va malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga, mamlakatimizning tegishli xalqaro reytinglar, shu jumladan, Huquq ustuvorligi («Rule of law») indeksidagi o‘rnini yaxshilashga zamin yaratadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
SOLIQNING O‘RNINI QOPLASH MUDDATLARI 60 KUNDAN 30 KUNGACHA QISQARTIRILMOQDA
Mamlakatimizda tadbirkorlikni, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ularning faoliyatida kelib chiqayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xorijiy valyutadagi tushumni kechiktirish holati uchun qo‘llaniladigan moliyaviy jarima miqdori 2 baravarga kamaytirildi, kassa operasiyalarini yuritish tartibini buzganlik hamda debitor va kreditor qarzdorliklar muddatini o‘tkazib yuborganlik uchun ma’muriy jarima qo‘llash bekor qilindi. Shuningdek, hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat kassa texnika cheklarida olingan tovarlar nomenklaturasida muvofiq bo‘lmagan identifikasiya kodlarini aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydigan bo‘ldi. bugungi kunda hisobvaraq-fakturalarni va soliq hisobotlarini faqat elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi joriy etilgan bo‘lib, QQS, aksiz, aylanmadan olinadigan va yer soliqlari bo‘yicha hisobotlarni shakllantirilishi deyarli 90-95 foizi avtomatlashtirilgan.
Endilikda Soliq kodeksining ayrim moddalariga kiritilayotgan o‘zgartishlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlarining pul mablag‘larini qaytarish muddatlari qisqartiriladi va pul mablag‘larini tasarruf etish kafolatlari ta’minlanadi. Gap shundaki, Soliq kodeksining 138-moddasiga o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi asoslantirilganligining kameral soliq tekshiruvini tashkil etish hamda 274-moddasining uchinchi qismiga, ya’ni, soliqning o‘rnini qoplash muddatlari 60 kundan 30 kungacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur tartiblarni nazarda tutuvchi «Kameral soliq tekshiruvi tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Bildirilgan fikr-mulohaza va takliflardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shuningdek, majlis kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
07 12 2022 / 11:21