Tantanali tadbirni viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari T. Atamurodov ochib, yig‘ilganlarga viloyat rahbarining tabrigini o‘qib eshittirdi.
Barchaga ma’lumki, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng qadim, hech qachon o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotmaydigan, shu bilan birga eng mas’uliyatli hamda mehnati og‘ir bo‘lgan sohalaridan biri hisoblanadi.
Navoiy viloyatida qishloq xo‘jaligining ibratli maktabi yaratilganligi, sohada katta tajriba to‘planganligi ulkan zafarlar qo‘lga kiritilishiga omil bo‘lganligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Qishloq xo‘jalik mavsumining qanchalik injiq va noqulay kelishiga qaramay, navoiylik zahmatkash bobo dehqonlar mo‘l hosil olish yo‘lida hamisha jasorat ko‘rsatib kelishayotganligi chinakam mardlik va fidoiylik namunasidir.
E’tirof etish kerakki joriy yil viloyat pillakorlari tomonidan 1022 tonna “kumush tola” yetishtirilib, bu boradagi shartnomaviy reja 100,3 foizga bajarildi.
Shuningdek, viloyatda jami 263 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik gektaridan 69,3 sentnerni tashkil etdi va bu mirishkor dehqonlarimizning samarali mehnatlari va ona zaminimiz saxovatining natijasidir. Jami davlat zaxirasiga 93,5 ming tonna don topshirildi.
Bu yil viloyatda 31,6 ming gektar maydonga paxta ekib, 115,1 ming tonnalik “oq oltin” xirmonini yaratdilar. Chigit qadashdan tortib, hosilni terib yig‘ishtirib olishgacha bo‘lgan har bir kun va daqiqa dehqonlarimiz uchun haqiqiy sinov davri bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan sanalgan meva-sabzavotchilik, uzumchilik, parrandachilik, asalarichilik, yo‘nalishlarida ham erishilgan yutuqlar salmog‘i har yilgidan samarali kechganligini e’tirof etish o‘rinlidir. Takroriy ekinlar bilan birga viloyat dehqon va fermerlari tomonidan joriy yilda 326 ming tonnadan ortiq sabzavot, 107 ming tonnadan ortiq meva yetishtirildi, bu orqali xalqimiz turmush farovonligiga munosib hissa qo‘shildi. 7,6 million AQSH dollariga teng mahsulotlar eksport qilindi.
Shu bilan birga, keyingi yillarda mamlakatimizda asal yetishtirishning bir necha barobarga oshgani, joriy yilda Navoiy viloyatida 1650 tonnadan ortiq asal yetishtirilgani ona zaminimiz imkoniyatidan dehqonlarimiz unumli foydalanayotganining ifodasidir. Bugun viloyat bo‘yicha 98 ta fermer xo‘jaligi ham qo‘shimcha tarmoq sifatida asalarichilik bilan shug‘ullanmoqda. Viloyat bo‘yicha 70,1 ming asalari oilasi boqilib, yuzlab ishsizlar imtiyozli kredit mablag‘i evaziga asalarichilik bilan shug‘ullana boshladi.
Eng muhimi, bugungi kunda viloyatda yetishtirilgan pillaning 100 foizi yoki 957 tonnasi, paxtaning esa 95 foizi hududning o‘zida qayta ishlanmoqda.
Tadbirda erishilgan bu kabi yutuqlar e’tirof etilib, sohaning bir guruh fidoyilari "Ilg‘or fermer", "Mehnatkash dehqon", "Namunali tomorqachi", "Qishloq xo‘jaligi fidoyisi", “O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi”, “O‘zbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori”, “Suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda viloyat hokimligining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bektemir Pirnafasov,
Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 12 2022 / 12:59