Xususan, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga oid modernizatsiya jarayonlari davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan strategik rejalarda iqtisodiyotning muhim vositalaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu strategik rejalar aholining turmush farovonligini ta’minlovchi yangi bosqich hisoblanadi.
Jumladan, mamlakatda qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar shiddat bilan ilgarilamoqda. Umuman, davlat tomonidan so‘nggi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish hamda shakllangan dehqonchilik ko‘nikmalari, tuproq-iqlim sharoiti, suv ta’minotidan kelib chiqib, respublikaning barcha tumanlari hududlari muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga bosqichma-bosqich ixtisoslashtirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda asosiy e’tibor uning hosildorligi, eksportbopligi, yaxlit maydonlarda yetishtirilishiga hamda kooperatsiya va klaster tizimi asosida mahsulot yetishtirish, uni qayta ishlash, saqlash, ichki va tashqi bozorlarga sotish tizimi yo‘lga qo‘yilishini o‘z ichiga oladi.
Albatta, bu jarayonda o‘zining fidokorona mehnati, boy bilim va tajribasi bilan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan dehqon va fermerlarimizning hissalari katta bo‘lmoqda. Shu bois dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Bu yil ham ushbu shukuhli ayyomda, avvalo, halol peshona teri, fidokorona mehnati bilan yerdan noz-ne’mat undirib, hayotimizga qut-baraka, fayzu quvonch olib kirayotgan bir guruh mirishkor dehqonlarimiz va soha xodimlarining mehnatlari munosib e’tirof etildi. O‘z vaqtida qilingan bunday e’tirof va rag‘bat dehqonlarimizga ulkan kuch va shijoat berishi shubxasiz.
Chunki Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi Osiyo qit’asida yashamoqda. Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning o‘zida aynan ushbu mamlakatlar jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi.
Hech shubhasiz, dunyoda oziq-ovqat taqchilligi tobora ortib, mintaqamizda cho‘llashish jarayoni kuchayib borayotgani sohada kechiktirib bo‘lmas islohotlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni taqozo etmoqda. Shu bois dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun joriy yilda 100 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ochiq elektron auksion orqali aholiga tarqatildi. Buning hisobidan 420 mingdan ortiq yangi xo‘jalik tashkil etilib, 1 million 200 mingdan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgani, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida suv ta’minotini yaxshilash, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar boshlab yuborilgan. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro darajadagi uchrashuv va muloqotlarda ham oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish, ichki mintaqaviy savdo-sotiq o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish, Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha yaxlit tizim yaratish tashabbuslari ilgari surib kelinmoqda.
Xususan, joriy yil kuzida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning VI sammitida davlatimiz rahbari tomonidan mintaqa aholisi uchun sifatli va arzon narxda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish masalalarini FAO shafeligida kelgusi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilish taklif etildi.
Umuman olganda, mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasi doirasida qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish hamda suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturi amalga oshirilishi belgilangan.
Bu esa hozirgi geosiyosiy jarayonlarda mamlakatimiz aholisini uzluksiz ravishda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va davlatning qishloq xo‘jaligi sohasida o‘z oldiga belgilab olgan strategiyalarini to‘la-to‘kis amalga oshirishiga xizmat qiladi.
Muzafara ABDIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
16 12 2022 / 11:59