20.12.2022
Assalomu
alaykum, aziz yurtdoshlar!
Hurmatli
deputat va senatorlar!
Muhtaram
mehmonlar!
Jonajon
O‘zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘ymoqda.
Hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Behisob
shukur, bu yil aholimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming
yangi avlod qo‘shilmoqda.
O‘zbekiston
deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a’zosi tinch va farovon hayot
kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yo‘lida tinimsiz izlanyapmiz.
Yakuniga
yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi, desam, har tomonlama
to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol
isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli
mehnat orqali erishiladi.
Shu bois,
pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga
qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishgan ayrim
yutuqlarimizni aytib o‘tishni o‘rinli, deb bilaman.
Keng
ko‘lamli va samarali islohotlarimiz natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk
bor 80 milliard dollardan oshdi.
Iqtisodiyotimizga
shu yilning o‘zida 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar
kirib keldi, eksportimiz esa, 19 milliard dollarga yetdi.
Bunday
katta natijalar ilgari bo‘lmagan.
Biz bu
yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini minimal
iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqdik. Misol uchun, 2017
yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga
kelib 2 milliondan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda. Ajratilayotgan
mablag‘lar esa, 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 11 trillion so‘mga yetdi.
Biz ish
haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish
siyosatini izchil davom ettiramiz.
Bu
raqamlarni aytish oson. Ularning har biri ortida mashaqqatli mehnat turibdi.
Chunki inson qadri, insonni e’zozlash – e’tiborimizdagi eng asosiy masala.
Shu
maqsadda oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi
yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurdik.
Bu davrda
qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300
mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish
bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.
Xalqimiz
sog‘lig‘ini saqlash uchun barcha tibbiy xizmatlarni eng chekka tuman va
mahallalar darajasigacha tushiryapmiz.
Odamlarimizni
kasb-hunarli qilish, ularning biznesiga keng yo‘l ochish, haqiqiy mulkdor
bo‘lib, daromad topishi uchun zarur sharoitlarni yaratmoqdamiz.
Bu yil
381 nafar sportchimiz jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va
bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida
sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani barchamizni albatta quvontiradi.
Nuroniy
otaxon va onaxonlarimiz oila davrasida, haj va umra ziyoratlarida shukronalik
duolarini qilayotgani bizga kuch va g‘ayrat bag‘ishlamoqda.
bugungi
kunda O‘zbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro
hamjamiyat buni keng e’tirof etayotgani ham ayni haqiqatdir.
Shanxay
hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda o‘nlab
yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qildik va muhim tashabbuslarni
ilgari surdik. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora ortib
borayotganidan dalolat beradi.
Mana
shunday katta yutuqlarga erishishda fidokorona mehnati bilan munosib hissa
qo‘shgan har bir yurtdoshimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Jahonning
ilm-fan, madaniyat va sport shohsupalarida bayrog‘imizni baland ko‘tarayotgan
o‘g‘il-qizlarimiz, shijoatli yoshlarimizga yangi-yangi zafarlar tilayman. Ular
bizning faxrimiz-g‘ururimizdir.
Chegaralarimiz
daxlsizligi va tinchligimizni ko‘z qorachig‘idek himoya qilib kelayotgan
Vatanimiz posbonlariga ham ezgu tilaklarimni yo‘llayman.
Qadrli
faxriylarimiz, muhtarama opa-singillarimiz, tadbirkor va fermerlarimizga
hurmat-ehtiromimni izhor etaman.
Islohotlarimizni
qo‘llab-quvvatlab kelayotgan xorijiy hamkorlarimizga, bugungi anjumanda
qatnashayotgan diplomatik korpus vakillariga ham tashakkurlarimni aytaman.
Albatta,
erishayotgan barcha yutuqlarimiz, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi
O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalardir. Biz bunyodkor
xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qo‘ygan
katta-katta marralarga albatta erishamiz.
Hurmatli
yurtdoshlar, qadrli mehmonlar!
Hammamiz
ko‘rib-bilib turibmiz – bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan
kechirmoqda. Yer yuzida iqlimning keskin o‘zgarishi, suv va boshqa tabiiy
resurslar kamayishi bilan bog‘liq muammolar katta xatarlarga aylanmoqda.
Xalqaro
munosabatlarda o‘zaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning
ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda.
Afsuski,
bunday xavf-xatarlar bizni ham chetlab o‘tmayapti.
Qoraqalpog‘istonda
shu yil yoz oyida sodir bo‘lgan noxush voqealar butun el-yurtimizni qattiq
qayg‘uga soldi. Xudoga shukur, ko‘p millatli xalqimizning oqilligi va
donishmandligi bilan vaziyat tezda izga tushdi.
Biz uchun “Qoraqalpog‘istonning
yutug‘i – butun O‘zbekistonning yutug‘i, Qoraqalpog‘istonning tashvishi – butun
O‘zbekistonning tashvishi” degan g‘oya hamisha amaliy harakat
dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Bizning
ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har
tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod
etishdir.
Asrlar
davomida et va tirnoq kabi bir bo‘lib ketgan xalqlarimiz do‘stligiga hech
qanday kuch ta’sir ko‘rsata olmaydi. Chunki bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz
ham, kelajagimiz ham bir.
Biz
jonajon Vatanimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga har
tomonlama qodirmiz. Tinch va osoyishta hayotimizni asrab, mustaqilligimizni
mustahkamlab, barqaror taraqqiyot yo‘limizni jadal davom ettiramiz!
Aziz
do‘stlar!
Bir
hayotiy haqiqatni ta’kidlamoqchiman – bugun zamon har qachongidan ham
tezlashdi. Farovonlik oshgani sayin aholimizning talab va ehtiyojlari ham ortib
bormoqda.
Mamlakatimiz
taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik
ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni
ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz
bizdan rozi bo‘lmaydi.
Shu bois, “Avval
– inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz
va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak.
Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo‘lmaydigan xavf-xatarlarni
yengib o‘tishga qodir bo‘lgan milliy davlatchiligimiz asoslarini
mustahkamlashimiz zarur.
Shularni
e’tiborga olgan holda, Asosiy qonunimizni takomillashtirish ishlari davom
ettirilmoqda. Ushbu islohotdan xalqimiz katta o‘zgarishlar kutmoqda. bugungi
kunga qadar bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani ham buning yaqqol
dalilidir.
Muhokamalar
qizg‘in davom etmoqda. Bu jarayonda deputatlarimiz, siyosiy partiyalarimiz
mas’ul va faol bo‘lib, har bir taklifga jiddiy yondashayotganini ko‘rib
turibmiz. Buning uchun ularga rahmat aytaman.
“Jamiyat
– islohotlar tashabbuskori” tamoyili
asosida barcha masalalar bo‘yicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutamiz.
Umuman,
ma’no-mazmuni inson qadrini ulug‘lash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga
munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan Konstitutsiyani har
tomonlama o‘ylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak.
Fuqarolarimiz
bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya
loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi.
Eng
muhimi – har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor bo‘lishi va “Bu
– mening Konstitutsiyam”, deb yuksak g‘urur va iftixor bilan ayta
olishi kerak.
Muhtaram
yurtdoshlar!
Kelgusi
yilga rejalarni to‘g‘ri olish uchun xalqimizning fikrini har bir yo‘nalish
bo‘yicha chuqur tahlil etib, 20 mingga yaqin takliflarni muhokama qildik.
Odamlarimiz
ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot yo‘nalishlarida aniq-aniq masalalarni
ko‘tarib, ular bo‘yicha tizimli yechimlarni ham taklif etmoqda.
Aholimiz
bizdan maktab, bog‘cha va shifoxonalarni ko‘paytirish, ta’lim va tibbiyot
sifatini oshirishni, mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolarini hal
qilishni, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar
yaratishni, adolatni ta’minlash, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyani
yo‘q qilishni kutmoqda.
Ko‘tarilgan
masalalar aniq va o‘rinlidir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz bu muammolarni
yechishimiz shart. Hech kim chetdan kelib, bularni hal qilib bermaydi.
Odamlarimizning tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish uchun barcha
sharoitlarni tug‘dirib berish asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak.
Xalqimizga
qancha imkoniyat yaratsak, buning foydasi jamiyatimizga o‘n karra, yuz karra
bo‘lib qaytadi.
Shu bois,
kirib kelayotgan yangi, 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va
sifatli ta’lim yili”, deb nom berishni taklif qilaman.
Nima
uchun yilga bunday nom beryapmiz?
Biz
O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning
manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Bu siyosat bir yil
bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom bo‘lishi barchamizga ayon.
Aslida
ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogo‘y
ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi?
Shu
yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning
sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun
qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu
yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz.
Ta’lim
sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri
yo‘lidir.
Yusuf Xos
Hojib bobomiz aytganlaridek:
“Zakovat
bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim bor
joyda buyuklik bo‘ladi”.
Shuning
uchun ushbu sohada boshlagan islohotlarimizni davom ettirishimiz, ta’lim
dargohlariga borib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib,
o‘quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish bo‘yicha ular qo‘ygan masalalarni
birgalikda hal etishimiz kerak.
Biz
kelgusi yil Davlat dasturiga xalqimiz ko‘targan barcha masalalarni aniq
yechimlari bilan kiritamiz. Ushbu jarayonlarda deputat va senatorlar, mahalla
vakillari, ziyolilar, yoshlar, tadbirkorlar va keng jamoatchiligimizdan faol
bo‘lishlarini, yangi-yangi taklif va tashabbuslar bildirishlarini so‘rayman.
Hurmatli
deputat va senatorlar!
Endi 2023
yildagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchi
yo‘nalish. Ixcham va samarali
davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qilaman.
Nima
uchun so‘zni aynan shu yo‘nalishdagi islohotdan boshlayapman?
Oldinlari
e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa
turg‘izish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil
qilishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilishga majbur edik, aks holda hozirgi
yutuqlarimiz bo‘lmas edi.
Maktabgacha
ta’lim, uy-joy kommunal, “mahallabay” ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari,
davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta natijalarga erishdik. Xususiy sektor
va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Aholimizning
faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarlarga intilishi oshib bormoqda.
Iqtisodiyotimizda kundan-kunga yangi-yangi yo‘nalish va sohalar yaratilmoqda.
Bu borada
xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish
maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli
boshqaruvga o‘tish vaqti keldi.
Ochiq
aytish kerak – hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz
shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda bugungi murakkab masalalarga
to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda.
Vazirlarning
Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, ta’bir joiz bo‘lsa, “ovozi yo‘q”. Ya’ni,
ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy etishdagi ishtiroki va
mas’uliyati yetarli emas. Endi vazirlarning bunday eskicha usulda ishlashga
haqqi yo‘q.
Agar
vazirning o‘z sohasi bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan aniq yondashuvlari bo‘lmasa,
uning faoliyati tufayli odamlarning og‘iri yengil bo‘lmasa, o‘zingiz ayting,
bunday rahbardan nima naf bor?
Shuning
uchun yangi ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim. Bunga uzoq
tayyorgarlik ko‘rdik.
Birinchi
bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi.
Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 taga
kamaytiriladi.
Endi har
bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib,
tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.
Ko‘p
vazirlar o‘zgaradi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq
rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi. O‘ylaymanki, bunday yondashuv
adolatli bo‘ladi.
Davlat
xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi. Iqtisod
qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.
Har bir
vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi
mas’uliyati oshiriladi. Bunga mos ravishda javobgarligi ham kuchaytiriladi.
Ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablag‘ beriladi.
Vazirliklar
faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘ladi.
Biz
korrupsiya haqida ko‘p gapiramiz, lekin vazirlik tizimida korrupsiyaga yo‘l
qo‘yilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? Endi so‘rov boshqacha
bo‘ladi. Vazir o‘zi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablag‘larni
samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi bo‘lib o‘zi javob beradi.
Imom
Moturidiy bobomizning: “Elu yurt bilan hamdard bo‘lib yashagin, toki
xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay”, degan hayotiy hikmati har bir
vazir, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlanishi lozim.
Davlat
vakillari o‘zining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va
fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak.
Endi
vazirlarning siyosiy mas’uliyati oshirilib, Hukumat qarorlari loyihalari,
mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar
ishtirokida kollegial hal etiladi.
Har bir
viloyatdagi muammolarni yechish uchun har oyda joyiga chiqqan holda, “Hukumat
kuni” o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Vazir har
yilning boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa
uning natijasi bo‘yicha hisobot beradi.
Ta’kidlab
aytmoqchiman – endi qaysi vazir o‘z ishini eplay olmasa, iste’foga chiqadi.
Shu
o‘rinda yana bir fikrni Parlament vakillariga yetkazmoqchiman.
So‘nggi
yillarda ko‘p vakolatlarni Oliy Majlisga o‘tkazdik, ularni yanada
kengaytirishni o‘ylayapmiz. Yangi vazirni tayinlashda ham deputatlar ishtirok
etmoqda, rejalari bilan tanishib, ma’qullayapti. Lekin, afsuski, keyinchalik
faqat tanqid bilan cheklanmoqda.
Ma’lumki,
sohalar bo‘yicha ikkala palatada ham qo‘mitalar, komissiyalar bor. Aslida, ular
vazirlarga qaysi yo‘nalishda yoki hududda ish yaxshi ketmayotganini
ko‘rsatishi, kamchiliklar bo‘yicha joyiga chiqib, aholi fikrini o‘rganib,
masalaga birgalikda yechim topishlari lozim.
Shu bois,
vazir faoliyatini samarali tashkil etishda parlamentdagi qo‘mita, komissiya va
deputatlarning ham mas’uliyatini belgilash to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblayman.
Albatta,
tanqid ham kerak. Ammo hozirgi deputatlarga berilgan katta vakolat va
imkoniyatlardan samarali foydalanish lozim.
Men ham
uzoq yillar deputat bo‘lib ishlaganman, o‘sha davrda Parlamentda hisobot bergan
vazirlarni kamdan-kam ko‘rar edik. Hozir esa vaziyat mutlaqo boshqacha-ku!
Shuning uchun eng muhim masala – yurt taqdiriga daxldor bo‘lib, xalqimizni rozi
qilish uchun hammamiz birgalikda ishlashimiz kerak.
Umuman,
Parlamentimizning ish uslubini yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirish
ham Konstitutsiyamizda o‘z aksini topishi zarur.
Ma’muriy
islohotlarning ikkinchi bosqichi sifatida kelgusi yilda hududlardagi boshqaruv
tizimi ham isloh qilinadi.
Barcha
ma’muriy islohotlar doirasidagi yangi tashabbuslar Konstitutsiyamizda albatta
belgilab qo‘yilishi lozim. O‘ylaymanki, sizlar ham bunga qo‘shilasizlar.
Bu yil
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi yangi qonunni qabul qildik. Bundan
buyon davlat lavozimlariga faqat konkurs asosida ishga qabul qilinadi. Barcha
rahbarlar faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab boriladi.
Har yili
500 nafar mutaxassisni eng nufuzli xorijiy oliygoh va markazlarda o‘qitib
kelamiz.
Kelgusi
ikki yilda har bir tuman va shahar hokimligiga respublika idoralarida yuqori
lavozimlarda ishlagan, bilimli va tajribali kadrlar qo‘yiladi.
Yangi
yildan boshlab har bir hokim o‘z tumaniga 40-50 million dollar xususiy
investitsiyalarni olib kelishi kerak bo‘ladi.
Vazirlar
faqat davlat mablag‘ini sarf qilmasdan, o‘zlari ham tashabbus ko‘rsatib,
xususiy investitsiyalarni jalb qilishlari lozim. Masalan, davlat-xususiy
sheriklik orqali qishloq, suv, o‘rmon xo‘jaliklari, transport sohalariga
bemalol yiliga 1 milliard dollargacha sarmoya olib kelish mumkin.
Ma’muriy
islohotlar doirasida yana bir muhim tashabbusni ilgari surmoqchiman.
Hozirgi
kunga kelib Markaziy Osiyoda aholisi milliondan ortiq shaharlar 7 taga
yetdi. Mintaqamizda poytaxtlar bilan bir qatorda boshqa yirik shaharlar ham
“o‘sish nuqtalari”ga aylanmoqda. Bularning orasida Samarqand va Namangan
shaharlari ham bor. Ularning har birida aholi soni bir millionga yetmoqda.
Ikkala shaharda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Samarqand
shahri dunyo taniydigan megapolisga, xalqaro turizm va biznes markaziga
aylanmoqda. Namangan ham sanoat, tadbirkorlik, ta’lim, madaniyat sohalarida
mintaqaviy markaz sifatida o‘z o‘rnini topmoqda. Shu bois, Samarqand va
Namangan shaharlarini alohida ma’muriy-hududiy birliklar sifatida respublika
bo‘ysunuviga o‘tkazishni taklif qilaman.
Bu
poytaxtimiz Toshkent bilan bir qatorda “o‘ziga tortuvchi markazlar”ni
ko‘paytirish bo‘yicha boshlagan siyosatimizda yangi amaliy qadam bo‘ladi; jon
boshiga daromad, ish joylarini ko‘paytiradi; ikkala viloyatda ham tumanlarni
rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratiladi va buyam adolatdan bo‘ladi.
Endi
ushbu viloyat hokimlari faqat yirik shaharlar bilan emas, tumanlarda
sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ham ishlashi talab etiladi.
Har
ikkala shaharni rivojlantirish dasturi Vazirlar Mahkamasida tasdiqlanib,
ularning ijrosi uchun bevosita Bosh vazir javob beradi.
Ikkinchi
yo‘nalish. Biz Yangi O‘zbekistonni
“ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni
Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak.
Ijtimoiy
davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng
imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish,
kambag‘allikni qisqartirish, demakdir.
Shu bois,
birinchi navbatda, e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya
bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz.
“Najot –
ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga
bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.
Ma’rifatparvar
jadid bobolarimizning bu so‘zlari deputat va senatorlarimiz, siyosiy
partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning
amaliy harakatiga aylanishi kerak. Shu bois, maktablarda ta’lim sifati hamda
jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini
yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi.
O‘qituvchilarning
maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada
alohida belgilash zarur, deb hisoblayman.
Kelgusi
yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan
darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Hozirgi vaqtda ular xalqaro
ekspertizadan o‘tib, o‘zimizda sinovdan o‘tkazilmoqda. Lekin yuqori
sinflarda-chi? Ochiq aytish kerak, ularda berilayotgan ta’lim va tarbiya
sifati, o‘qituvchilarning bilimi va mahoratini talab darajasida, deb bo‘lmaydi.
Bolalarimiz
maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni
o‘rganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va
madaniyatga qiziqtirishimiz lozim.
O‘quvchilarda
erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini
shakllantirish zarur.
Mana,
maktablarimizga qanday muhit kirib kelishi kerak!
Bu borada
Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda ma’qullangan “A-level” ta’lim
dasturi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda.
Bu
jarayonda har bir o‘quvchi o‘zining qobiliyatiga qarab, aniq yo‘nalishlar
bo‘yicha chuqur o‘qitiladi, dunyoning nufuzli oliygohlariga kirish
imkoniyatlari kengayadi.
Shu bois,
2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh
qilishni boshlaymiz.
Bu
ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilg‘or
ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut
va laboratoriyalar tashkil qilinadi. Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz
asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi.
Hozirgi
ochiqlik siyosati, chet el investitsiyalari va yangi korxonalarning ortib
borayotgani yoshlarimizni zamonaviy bilimlar va xorijiy tillarni o‘rganishga
undamoqda. Shu bois, maktablarga yuqori malakali xorijiy o‘qituvchilarni olib
kelishga majbur bo‘lyapmiz.
Fursatdan
foydalanib, yurtimizdagi barcha maktab jamoalariga murojaat qilmoqchiman.
Jondan
aziz bolalarimiz maktabdan chet tillarni, kasb-hunar va kompyuter
savodxonligini puxta o‘rganib chiqsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz qanday
o‘zgaradi?
Yangi
O‘zbekistonda maktab jamoalari va muallimlarining mas’uliyati – aynan ana shu
masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Va men ishonaman – siz, jonkuyar
o‘qituvchilarimiz bu vazifani sharaf bilan uddalaysizlar.
Kelgusi
yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy
investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi,
kelgusi besh yilda ularning sonini 1 mingtaga yetkazamiz.
Yil
boshidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf
o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yildi. Bu borada yetarli tajriba
orttirdik.
Kelgusi
o‘quv yilidan boshlab ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri
maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladi.
Bu jarayonlarni shaffof tizim asosida tashkil etish, farzandlarimizni sog‘lom
va sifatli ovqat bilan ta’minlashga Xalq ta’limi vaziri mas’ul va javobgar
bo‘ladi.
Ta’lim
sohasidagi navbatdagi muhim yo‘nalish, bu – yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi
uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.
Maktab
bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega
bo‘lmasdan kirib kelayotgani hammamizni o‘ylantirishi kerak. Shu bois,
700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan
samarali foydalanish zarur.
Bu
maqsadda 2023 yildan boshlab yangi dastur amalga oshiriladi. Har bir viloyatda
1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi.
Kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab
olinadi.
Shu bilan
birga, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytiramiz. Kimyo sanoati,
elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro
tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu
tizim bizda hozirgacha bo‘lmagan. Lo‘nda aytganda, yangi zamon injenerlari
tayyorlash tizimini yaratamiz.
So‘nggi
olti yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi
27 foizdan 70 foizga yetishi natijasida bugungi kunda 2 millionga
yaqin bola bog‘chaga bormoqda. Yaqinda Toshkent shahrida o‘tkazilgan
YUNESKOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha Umumjahon anjumanida ham bu
islohotlarimiz yuksak e’tirof etildi.
Shu bilan
birga, kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun 600 ming
yangi bog‘cha o‘rni kerak. Bu – juda katta marra. Shu bois, bog‘chalar sonini
ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha
besh yillik dastur qabul qilinadi. Bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha
xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi.
So‘nggi
yillarda oliygohlarimiz 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetdi, qamrov
darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi.
Biz bu
raqamlarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Lekin, ta’lim sifati nima
bo‘ladi, degan savol hammamizni o‘ylantirishi kerak.
Avvalambor,
bunga har bir oliygoh o‘zi harakat qilishi lozim, o‘shanda natija bo‘ladi.
Bu borada
41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi, ularda
transformatsiya ofislari ochildi. Oliygoh rektorlari, professor va o‘qituvchilar
bu jarayonlarda faol bo‘lishlari, yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishlari
kerak.
Kelgusi
yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar
2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratiladi.
Bu yil
ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu –
2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p, degani.
Olimlarning
ish haqi ham 4,5 barobar oshirildi.
Bularning
barchasi hisobidan nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta
yangi ilmiy yo‘nalish tashkil etildi.
Kelgusi
yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratiladi.
Endi
olimlarimiz suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik,
geologiya, sanoat, qurilish kabi bugungi kunda biz uchun dolzarb yo‘nalishlarda
aniq natijalar ko‘rsatishlari kerak.
Hurmatli
yurtdoshlar!
Xalqimizning
malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada
kengaytiramiz.
Avvalo,
bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi.
Ajratilayotgan
mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga
o‘tishni tezlashtiramiz. Kelgusi yili bu tizim Toshkent shahrida boshlanadi.
Bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi.
Shu
o‘rinda bir og‘riqli masalani aytib o‘tmoqchiman. bugungi kunda 7 million
aholimizda turli xil surunkali kasalliklar bor.
Sog‘lom
hayot tarzi haqida olti yildan beri gapiryapmiz. Lekin Sog‘liqni saqlash
vazirligi buni hali joy-joyiga qo‘ya olmayapti. Sog‘lom ovqatlanish ratsioniga
doir tavsiyalar odamlarga yetkazilmayapti, turli yoshdagi kishilar uchun
jismoniy mashqlarni o‘rgatish ishlari yo‘q. Aslida, inson salomatligi,
tibbiyotning zamini ham shular-ku! Shu bois, “To‘g‘ri ovqatlanish va
sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakatini mahalladan
boshlaymiz. Bu harakatda yoshu qari – barcha yurtdoshlarimiz o‘z o‘rnini
topishi kerak.
Aholiga
birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish ishlari davom ettiriladi.
Kelgusi ikki yilda har bir oilaviy poliklinika va shifokor punktiga eng kerakli
uskuna va jihozlar yetkazib beriladi, ekspress laboratoriyalar to‘liq
yangilanadi.
Yangi
yilda qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalari,
520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etiladi.
Shu bilan
birga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik
katta dastur amalga oshiriladi. Barcha tug‘ruq komplekslari to‘liq ta’mirlanadi
va jihozlanadi, o‘rinlar soni 35 foizga ko‘paytiriladi.
Bundan
tashqari, mamlakatimizda 15 mingga yaqin onkologik bemorlar nur yordamida
davolanishga muhtoj. Shu bois, kelgusi yilda Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda,
davlat-xususiy sheriklik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish
loyihalarini boshlaymiz.
Muhtaram
qo‘shma majlis qatnashchilari!
Ma’lumki,
barcha islohotlarimiz zamini va ko‘zgusi bu – mahalla. Jamiyatimizdagi barcha
jarayonlar mahalla hayotida o‘z ifodasi va amaliy yechimini topadi.
Mahalla –
tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya
qo‘rg‘onidir. Shuning uchun ham bundan buyon
davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushiriladi.
Avvalambor,
2023 yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr energiyasi, yo‘l,
maktab kabi yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar uchun qariyb 3 barobar ko‘p, ya’ni
8 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Har bir
mahalla o‘zining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega bo‘lishi zarur.
Mahalla
o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy
etiladi. Buning uchun yangi yilda 1 yanvardan boshlab mol-mulk va yer
soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qoladi.
Shu bilan
birga, Konstitutsiyamizga aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega
bo‘lishi to‘g‘risidagi yangi moddalarni kiritish lozim, deb hisoblayman.
Aholi
uchun yangi uy-joylar qurish hajmini 1,5 barobar oshirib, 90 mingga
yetkazamiz. Bu borada ikki yil oldin boshlangan imtiyozli shartlar asosida
ipoteka kreditlari berish davom ettiriladi.
Kelgusi
yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi
boshlanadi. Dastur doirasida, birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda
yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etiladi.
Bundan
tashqari, jamoat transportidagi vaziyat mutlaqo o‘zgaradi. Toshkent shahri
uchun qo‘shimcha ravishda 1 mingta zamonaviy avtobus sotib olinadi,
7 ta yer usti metro bekati ishga tushiriladi. Bularning hisobidan har kuni
500 mingdan ziyod poytaxt aholisi va mehmonlariga qo‘shimcha qulayliklar
yaratiladi.
Hududlarda
ham yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida yana 1 mingta avtobus
harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali jamoat transporti bo‘yicha ahvol og‘ir
bo‘lgan 300 ta mahalladagi 1 million aholining uzog‘i yaqin qilinadi.
Uchinchi
yo‘nalish. Inson huquq va erkinliklarini
ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida
belgilanishi lozim.
So‘nggi
yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ish qildik. Shu
bilan birga, odil sudlovni ta’minlash bo‘yicha hali qo‘limiz yetib bormagan
masalalar bor. Afsuski, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning
ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar
uchramoqda.
Bu
masalalar, eng avvalo, Oliy sud raisi va Bosh prokurorni tashvishga solishi
kerak.
Nima
uchun haligacha davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni elektron
tanlash tizimi ishga tushmadi? Kim bunga qarshi?
Bu
masalani alohida nazoratga olib, tez kunlarda ushbu tizimning to‘liq ishga
tushirilishini ta’minlashimiz zarur.
Shu bois,
qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil
sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratamiz. Bu masalada alohida Farmon
imzolanadi.
Eng
avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham
beriladi. Buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat
sudlarining vakolati ham, mas’uliyati ham oshiriladi.
Tintuv
o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani
prokurordan sudga o‘tkazamiz. Endi tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday
mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Axir, biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish
bo‘yicha ozmuncha harakat qilyapmizmi?
Bundan
buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi.
Tergov
sifatini oshirish bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘ramiz. Tergov shaxsni
ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun
ishlashi kerak.
Shu bilan
birga, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi
shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil
bo‘lishi qonun bilan belgilanadi.
Odil
sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib,
yetmaydigan vakolatlar beriladi.
Nima
uchun advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa
berilmaydi? Bunday holatda tenglik haqida qanday gapirish mumkin?
Endi sudlarga
jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan
birga qabul qilinadi.
Ayblanuvchining
himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan
sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi.
Oxirgi
paytlarda ayrim vaqtincha ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi
bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda.
Bizning
yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa,
qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi.
Shu bois,
bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi
joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi o‘rnatiladi.
Hech
kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun
oliy qadriyat.
Bosh
prokuror va Ichki ishlar vaziri bu haqiqatni har bir xodimiga yetkazib,
ta’sirchan nazorat o‘rnatishi shart.
Ilg‘or
xorijiy tajribalar asosida ma’muriy sudlar faoliyatini yangi bosqichga olib
chiqamiz.
Ma’muriy
sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilingan taqdirda, ishlarni
eksterritorial tartibda, ya’ni boshqa hududda ham ko‘rish amaliyoti joriy
qilinadi.
Vazirlar
ham, hokimlar ham bir haqiqatni yaxshi tushunib olishi kerak: O‘zbekistonda
mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat
Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi.
Bu borada
Xalqaro tijorat sudini O‘zbekistonda tashkil qilish bo‘yicha ham amaliy ishlar
boshlandi.
Yuqoridagi
barcha tashabbuslarni Konstitutsiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhrlab qo‘yish lozim.
Shu
o‘rinda biz uchun dolzarb muammo bo‘lgan korrupsiya masalasiga alohida
to‘xtalib o‘tmoqchiman.
O‘tgan
ikki yilda 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaga doir jinoyatlar bo‘yicha
javobgarlikka tortildi. Lekin, ochiq aytish kerak, bu – masalaning sababi bilan
emas, oqibati bilan kurashish.
Deputat
va senatorlar, mahalliy kengashlar ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib,
korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishlari kerak emasmi?
Har bir
deputat o‘zining okrugidagi byudjet hisobidan bo‘layotgan qurilishlar,
yo‘llarni, har oyda borib ko‘rsa, buyurtmachi va pudratchidan sifatni talab
qilsa, bilasizlarmi, ahvol qanday o‘zgaradi? Buning uchun sizlarda yetarli
vakolat ham, shijoat ham bor.
Korrupsiyaga
qarshi kurashish borasida alohida qonunlar qabul qilinib, huquqiy asoslar
yaratildi.
Endi
amaliy ishlarni kuchaytirish kerak. Sun’iy monopoliyaga, yopiq sxemalarga,
umuman korrupsiyaga imkon yaratadigan barcha bo‘shliqlarga barham beriladi.
To‘rtinchi
yo‘nalish ekologiya, ayniqsa, suv
masalalari global muammoga aylanib borayotgani bilan bog‘liq.
Biz
nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham o‘ylashimiz shart. Shu bois,
Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti
zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirishimiz zarur.
Bilasiz,
mamlakatimiz so‘nggi 3 yilda qurg‘oqchilikni boshdan kechirdi. Buning
ta’siri, ayniqsa, Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarimizda yaqqol sezildi.
Shu
o‘rinda Amudaryo o‘zanida yangi kanal qurilishi bo‘yicha qo‘shni
Afg‘onistonning muvaqqat hukumati hamda jahon hamjamiyati bilan birga xalqaro
me’yorlar asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olish
yuzasidan amaliy muloqotlar olib borish lozim, deb hisoblaymiz. Bunday
yondashuv qo‘shnilarimiz tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishiga ishonamiz.
Umuman,
so‘nggi 15 yilda yog‘ingarchilik 25 foizga qisqardi. Yozda o‘ta issiq
kunlar davomiyligi ortgani oldimizda hali katta sinovlar borligidan dalolat
beradi. Lekin hozirgi vaqtda ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli
yo‘qotishlar bor. Shu bois, suv xo‘jaligi tizimi isloh qilinadi.
Suvning
hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimi joriy etiladi va kelgusi uch yilda
13 mingga yaqin suv xo‘jaligi ob’ekti raqamlashtiriladi. Shu bilan birga,
16 ta yirik nasos stansiyasi davlat-xususiy sherikchilik asosida
modernizatsiya qilinadi va muqobil energiyaga o‘tkaziladi.
Bularga
qo‘shimcha ravishda suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismi tumanlarda
sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga
yo‘naltiriladi.
Hozirgi
vaqtda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham jiddiy ekologik muammolar
paydo bo‘lmoqda. Aksariyat hududlarimizda tuproq tarkibi buzilib, unumdor
yerlar qisqarib borayotgani, cho‘llanish, suv yetishmasligi, qurg‘oqchilik,
aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash shular jumlasidandir.
Tabiatimizni
asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelgusi yilda har bir
mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerak. Bu borada
mavjud vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun ekologiya va atrof-muhitni
asrash bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni, xususan, “Yashil makon”
umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarimizni kuchaytiramiz.
Hurmatli
xalq vakillari!
Biz
qishloq xo‘jaligida islohotlarni qat’iy davom ettiramiz.
Yer
munosabatlari bo‘yicha katta ishlarni boshlab, shu yilning o‘zida 100 ming
gektar ekin yerini aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berdik. Buning
hisobidan 1,5 million tonna qo‘shimcha oziq-ovqat yetishtirildi.
Eng
asosiysi, qishloqlarda 400 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil qilindi,
1 million 200 mingdan ziyod odamlarimiz band bo‘lib, daromad olyapti.
Agar shu
islohotni qilmaganimizda, bozor va do‘konlarimiz hozirgidek to‘kin bo‘larmidi,
eksport shu darajaga yetarmidi, jon boshiga daromad o‘sarmidi?
Shu bois,
2023 yilda ham suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan 100 ming gektar qo‘shimcha
ekin maydonlarini aholiga ajratamiz. Buning hisobidan qariyb 350 mingta
yangi dehqon xo‘jaligi tashkil etiladi.
Agar jami
750 mingta yangi dehqon xo‘jaligini tadbirkorga, yer egasiga aylantira
olsak, qishloqda juda ko‘p ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va
kambag‘allik masalasi yechiladi. Men bunga ishonaman.
Viloyat
va tuman hokimlari bu ishni samarali tashkil etishga mas’ul va javobgar bo‘lib,
xalq oldida doimiy hisobot berib borishlari kerak. Buning uchun kooperatsiyani
faol qo‘llab-quvvatlaymiz, kichik va o‘rta quvvatli saqlash korxonalari,
saralash va qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantiramiz.
Umuman,
agrar sohada yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish loyihalariga
2023 yilda 1 milliard dollar ajratiladi.
Beshinchi
yo‘nalish. Erkin bozor
mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini
ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Konstitutsiyada alohida o‘rin
egallashi kerak.
bugungi
kunda dunyoda sodir bo‘layotgan keskin jarayonlardan barchangiz xabardorsiz.
Jahonda murakkab geosiyosiy vaziyat, energiya resurslari tanqisligi kuchayib
bormoqda, oziq-ovqatga ehtiyoj ortib, moliyaviy resurslar qimmatlashmoqda.
Bunday
vaziyatda, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, iqtisodiy islohotlarni qat’iy davom
ettiramiz, ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilib, xususiy sektorni yanada
qo‘llab-quvvatlaymiz. Buning uchun, eng avvalo, tadbirkorlik muhitini tobora
yaxshilash bo‘yicha islohotlarni jadallashtiramiz.
Birinchi
navbatda, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha
tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar
joriy etiladi.
Biz
chuqur tahlil qildik. Kelgusi yildan boshlab tuman va shaharlar mavjud
sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga
ajratiladi. Jumladan, tadbirkorlik uchun har tomonlama rivojlangan 26 ta
tuman – 1-toifaga; infratuzilmasi yaxshi bo‘lgan 46 ta tuman – 2-toifaga;
sharoiti nisbatan qoniqarli bo‘lgan 76 ta tuman – 3-toifaga; jozibadorligi
yetarli bo‘lmagan 40 ta tuman – 4-toifaga; sharoiti og‘ir bo‘lgan
20 ta tuman – 5-toifaga to‘g‘ri keladi.
Endi
toifaga qarab, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishini belgilaymiz. Tadbirkorlar
uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib
ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi.
Misol
uchun, beshinchi toifaga kiruvchi, sharoiti eng og‘ir bo‘lgan 20 ta tuman
uchun aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq stavkalarini
1 foiz miqdorida belgilaymiz. Mazkur tumanlardagi tadbirkorlar yer va
mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini
to‘laydi. Yakka tadbirkorlar qat’iy stavkadagi soliqlarni to‘lashdan ozod
etiladi.
Xuddi
shunday, boshqa toifadagi tumanlarda kreditlarga pasaytirilgan foiz
stavkalarini qo‘llash, infratuzilma xarajatlarini davlat tomonidan qoplab
berish kabi bir qator yengilliklar beriladi.
Byudjet
xarajatlari, aholi va tadbirkorlar oldidagi majburiyatlarimizni qisqartirmagan
holda, biznesga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz.
Jumladan, 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini
15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida
yiliga kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qoladi. Lekin biznes muhitini
yaxshilash uchun faqat soliqni kamaytirishning o‘zi yetarli emas.
O‘tkazilgan
so‘rovlarda 70 foiz tadbirkorlar soliq, bojxona, hokimiyat, elektr,
kadastr, yong‘in xavfsizligi, sanitar nazorat kabi idoralar tomonidan ma’muriy
bosimlar borligini bildirgan. Shu bois, 2023 yilda nazorat qiluvchi va
ruxsat beruvchi idoralar faoliyati yana bir marta tanqidiy ko‘rib chiqiladi.
Birinchi
navbatda, ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligi jiddiy isloh
qilinadi. Bunda hamma davlat idoralarida tadbirkorlarga servis xizmati
ko‘rsatishni baholash tizimi joriy qilinadi. Kelgusi yil shu masala bilan
qattiq shug‘ullanamiz.
Ta’kidlab
aytmoqchiman: biz tadbirkorlik sohasida javobgarlikni yengillashtirish bo‘yicha
boshlagan islohotlarimizni jadal davom ettiramiz.
Hurmatli
do‘stlar!
Xalqimiz
ham, tadbirkor va investorlar ham bizdan dolzarb masala bo‘lgan energetika
sohasida aniq yechimlar kutayotgani sir emas.
Ochiq
aytish kerak, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q.
Ko‘p
yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz
tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham ayni haqiqat. Oqibatda tizimda aniq
hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi.
Shu bilan
birga, so‘nggi olti yilda aholimiz 13 foizga, sanoat korxonalari esa
2 barobar ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi. Natijada
elektr energiyasiga talab kamida 35 foiz oshdi va yildan-yilga ko‘payib
bormoqda.
Iqtisodiyotimiz
barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar
investitsiya kerak. Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali
erishish mumkin.
Shu bois,
so‘nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri
investitsiyalar jalb qilindi. Jumladan, o‘tgan haftada Buxoro, Namangan va
Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyasini qurish
bo‘yicha tanlov yakunlandi. Deputat va senatorlar tomonidan qabul qilingan
yangi qonunlar buning uchun huquqiy asos bo‘ldi.
Yil
boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasini ishga
tushirdik.
Kelgusi
yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyihani yakuniga
yetkazamiz. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona
va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari
hisobidan qo‘shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi. Bu
orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi.
Ochiq
aytish kerak, ko‘p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o‘tishni
taklif qilmoqda.
Bu –
to‘g‘ri yo‘l. Men ham buni xohlayman. Lekin xalqimizning jon boshiga daromadi,
ijtimoiy himoyasini o‘ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan,
bosqichma-bosqich qilishimiz kerak.
Eng muhim
masala – energiya resurslaridan samarali foydalanish.
Afsuski,
iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori.
Shuning uchun energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz.
Deputat va senatorlarimiz bu ishga bosh-qosh bo‘lsa, albatta ijobiy natija
bo‘ladi.
Uy,
ishxona, bog‘cha, maktab va ko‘chalarda odamlarimizga energiyaning qadriga
yetish, uni tejashni o‘rgatish kerak. Qonunlarimizda ham bu masalalarni
mustahkamlash zarur.
Shu bilan
birga, kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish
keskin oshiriladi. Misol uchun, Toshkent viloyatida Olmaliq, Bekobod
kombinatlari va boshqa yirik korxonalar o‘z ehtiyojlari uchun 1 ming
megavattli quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatsa, yiliga 2,5 milliard
kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali Toshkent viloyatining qariyb
30 foiz elektr iste’moli ta’minlanadi va 500 million kub metr gaz
tejaladi.
Xuddi
shunday asosda boshqa viloyatlar ham hisob-kitoblarini qilib, kelgusi yil uchun
aniq rejalarini belgilab olishi kerak.
Respublikaning
har bir tuman va shahar hokimi ham o‘z hududidagi xonadon va korxonalarda jami
5-10 megavattli qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirishi
shart.
Agar ana
shu masalaga jiddiy kirishsak, bu ishlar albatta natijasini beradi.
Umuman,
kelgusi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv
kollektorlari o‘rnatiladi. Ushbu maqsadlarda 2 milliard dollar miqdorida
investitsiya jalb qilinadi. Buning hisobidan ularning 60 foiz elektr va
gaz iste’moli “yashil energiya”ga o‘tkaziladi.
Aholi
xonadonlarida esa, quyosh paneli o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi
2 barobar ko‘paytiriladi.
Umuman,
“yashil energiya”ga tezroq o‘tmasak, bu borada qonunlarimizda ham aniq
mexanizmlarni belgilamasak, aholimiz va tadbirkorlarimizni rozi qila olmaymiz.
Gaz
zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘n
yillik dastur qabul qilamiz. Bunda yangi texnologiyalarni joriy etib, ilk bor
chuqur qatlamlarda gaz qazib chiqarish ishlarini boshlaymiz. Jumladan,
Ustyurtning yuqori istiqbolga ega chuqur qatlamlarida qidiruv ishlariga nufuzli
xorijiy investorlar jalb qilinadi.
Gaz qazib
chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalar qayta ko‘rib chiqiladi,
samarasiz ishlayotgan korxonalar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Oltinchi
yo‘nalish. Iqtisodiyotga mahalliy va
xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yanada
yaxshilaymiz.
Biz
so‘nggi olti yilda investitsiyalar hajmini yalpi ichki mahsulotning
30 foizidan oshirishga erishdik.
Kelgusi
yili qariyb 30 milliard dollar sarmoya jalb qilinadi, shundan
25 milliard dollar xususiy investitsiyalar bo‘ladi. Jumladan, umumiy
qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyihani ishga tushiramiz
va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanadi.
Misol
uchun, “Yoshlik” mis konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichi yakuniga
yetkazilib, 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-misni
boyitish fabrikasi ishga tushadi. Bu orqali Olmaliq kombinatining rudani qayta
ishlash quvvati hozirgi 40 milliondan 100 million tonnaga yetadi.
Shu bilan
birga, Olmaliqda misni boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi loyihalari
boshlanadi.
Navoiydagi
Pistali konida 4 million tonna oltin rudasini qayta ishlash majmuasining
qurilishi yakunlanadi.
Metallurgiya sohasida amalga
oshirilayotgan katta dasturlarimiz besh yildan keyin misni – 3 barobar,
oltinni esa yiliga 150 tonnagacha oshirish imkonini beradi.
Kimyo, avtomobilsozlik va qishloq
xo‘jaligi mashinasozligida ham katta-katta loyihalar ishga tushiriladi.
Shu bilan birga, faol
investitsiyalarni jalb qilishda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik
imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish zarur.
Kelgusi yili katta
xususiylashtirishni boshlaymiz, 1 mingga yaqin korxona savdoga
chiqariladi.
Bugun ko‘nglimdagi bir niyatimni
sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz
minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lsin. Odamlarimiz
o‘z omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega bo‘lsin.
Shuning
uchun topshiriq berdim: kelgusi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat
banklarimizning aksiyalari o‘z aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga
chiqariladi.
Bu
chinakam xalqchil IPO bo‘lishiga ishonaman.
Shu
borada ilgari ham aytgan gapimni takrorlashni o‘rinli, deb bilaman: xalq
boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi.
Navbatdagi
masala – 2023 yilda tayyor mahsulotlar eksportini qo‘shimcha
4 milliard dollarga oshirish asosiy maqsadimiz bo‘ladi.
Bu yil boshlangan “Yangi
O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi o‘z
samarasini bermoqda. Bir yilning o‘zida
2 mingga yaqin tadbirkorlar ilk bor tashqi bozorlarga chiqdi.
Kelgusi
yilda ham eksport qiluvchilarga transport va boshqa xarajatlarini kompensatsiya
qilish davom ettiriladi.
Yevropa
bozorlariga tekstil, elektr texnikasi, charm-poyabzal va boshqa tayyor
mahsulotlar eksportini kamida 2 barobar oshiramiz. Mahsulotlar eksporti
bo‘yicha hozirgi 9 ta bosqichdan iborat bojxona rasmiylashtiruvi
3 barobar qisqaradi.
Jahon
savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki
qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlarini
jadallashtiramiz.
Umuman,
2023 yilda eksport hajmi tariximizda ilk bor 23 milliard dollardan
ortadi.
Hurmatli
deputat va senatorlar!
Dunyodagi
hozirgi murakkab sharoitda ochiq va pragmatik, o‘zaro ishonch va hurmatga
asoslangan tashqi siyosatni izchil davom ettiramiz.
Bundan
keyin ham asosiy e’tiborimizni Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni mamlakatlar va
dunyodagi strategik sheriklarimiz bo‘lgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan
ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qaratamiz.
Milliy xavfsizlikni ta’minlash,
Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarimizni
yangi bosqichga olib chiqamiz.
Shu o‘rinda deputat va
senatorlarimiz, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, butun
xalqimizga qarata aytmoqchiman: eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va
osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi
avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylaylik!
Shu maqsadda biz yoshlarimizni
harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va
sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berishimiz kerak.
Yosh avlodimizni ana shunday
barkamol, el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashda biz muhtaram
nuroniylarimizga tayanamiz.
Hayotimizning fayzu farishtasi
bo‘lgan duogo‘y otaxon va onaxonlarimizning sihatgohlarda salomatligini
tiklash, ularga mahalla va jamoat maskanlarida qo‘shimcha sharoitlar yaratishni
davom ettiramiz.
Millati, tili va dinidan qat’i
nazar, O‘zbekistonni o‘zining Vatani deb biladigan, uning ravnaqi uchun hissa
qo‘shib kelayotgan har bir fuqaro bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning
e’tibori va ardog‘ida bo‘ladi.
Millatlararo do‘stlik, diniy
konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhitini yanada
mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Butun dunyoda kuchayib borayotgan
radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar,
afsuski, bizni ham chetlab o‘tmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga
saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar
yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va
ekstremizm g‘oyalariga berilganlar bo‘lishi mumkinmi?
Biz jamiyatimizda har qanday
radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga,
dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga
yo‘l qo‘ymaymiz. Buning uchun
nafaqat mas’ul tashkilotlar, balki barchamiz birgalikda muqaddas dinimizning
insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy
qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha oila, mahalla va ta’lim maskanlarida
ish olib borishimiz zarur.
Bu muhim
masalada alohida Milliy dastur qabul qilamiz.
Jamiyatimizning
ma’naviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat sohasini rivojlantirish,
ilmiy-ijodiy tashkilotlar, muhtaram ziyolilarimiz faoliyatini
qo‘llab-quvvatlash ham biz uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Biz
qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson
erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat
g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur
o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va
fidoyiligi Yangi O‘zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun
chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur.
Fransiyadagi
mashhur Luvr muzeyida shu kunlarda davom etayotgan milliy ko‘rgazma
xalqimizning noyob tarixiy merosi, betakror madaniyati va an’analariga xorijda
qiziqish qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday tarixiy va madaniy
boyliklarimizni yoshlarimizga va xorijiy turistlarga yanada kengroq
tanishtirish, muzeylarni zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha alohida
dastur amalga oshiriladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Mana,
sizlar bilan birgalikda 2023 yil uchun ulkan maqsad va vazifalarni belgilab oldik.
Albatta, dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda bu vazifalarni amalga oshirish
oson bo‘lmaydi. Lekin biz o‘tgan davrda katta bilim va tajriba to‘pladik. Eng
muhimi, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchimiz tobora ortib
bormoqda.
Shu bois,
qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz.
Ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok,
mehnatkash xalqimizga tayanamiz.
Bir tanu
bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi
O‘zbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz.
Fursatdan
foydalanib, islohotlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, barcha
sinovlarni mardona yengib, o‘zining fidokorona mehnati bilan jonajon Vatanimiz
ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shayotgan mard va olijanob, bag‘rikeng xalqimizga
yana bir bor ta’zim qilaman.
Barchangizni,
butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan
samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, fayzu baraka, oilaviy baxt tilayman.
Yurtimiz
tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Yaratganning
o‘zi barchamizni, O‘zbekistonimizni panohida asrasin!
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
21 12 2022 / 15:38