Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Singapurga bo‘lajak davlat tashrifining tarixiy ahamiyati ta’kidlandi.
– Shu kunlarda ro‘y berayotgan voqealar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni barcha sohalarda yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki bo‘lib, O‘zbekiston – Singapur munosabatlari tarixida mutlaqo yangi sahifa ochadi, – dedi Gan Kim Yong. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy sohada tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu Singapur kompaniyalariga O‘zbekiston bozoriga erkin kirib, faol tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Shu munosabat bilan ularning muvaffaqiyati boshqa investorlarni ham ushbu harakatga jalb qildi.
Shu kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Singapur biznes-forumida ham ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning keng ko‘lamli ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 23 ta ikki tomonlama bitimlar imzolandi. Bunday boy natijalar Singapur ishbilarmon doiralarining deyarli barcha tarmoqlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga katta qiziqish bildirayotganidan darak beradi. - Iloji boricha ko‘proq korxonalarimiz O‘zbekiston va uning ulkan salohiyati haqida bilishini istaymiz. Buning uchun mamlakatingizga yangi investorlarni jalb etishda doimiy yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Shuningdek, biz O‘zbekiston tovarlarining Janubi-Sharqiy Osiyo va butun Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqishi uchun ko‘prik bo‘la olamiz, – dedi Singapur savdo va sanoat vaziri.
Uchrashuvdan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu tariqa, davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Singapur Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hukumatlararo memorandum imzolandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston-Singapur Savdo-sanoat palatasini tashkil etish va biznes-inkubatorlarni rivojlantirish bo‘yicha Singapur tajribasini O‘zbekistonga jalb etishni belgilovchi qator kelishuvlar qabul qilish masalasi kelishib olindi.
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
19 01 2023 / 14:40