O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Turkiy
tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan norasmiy
sammitida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi
prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev raislik qilgan tadbirda Qozog‘iston
Respublikasining birinchi prezidenti - Elboshi, Turkiy kengashning Faxriy raisi
Nursulton Nazarboyev, Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev,
Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi
prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli
Berdimuhamedov, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va Turkiy kengash bosh kotibi
Bag‘dod Amreyev qatnashdi.
Tadbirda tashkilot
doirasida iqtisodiyot, savdo, transport sohalaridagi ko‘p qirrali amaliy
hamkorlikni hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari
yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda barcha turkiy xalqlarning
ma'naviy yuksalishiga katta hissa qo‘shgan buyuk shoir va mutafakkir Xoja Ahmad
Yassaviy merosiga alohida e'tibor qaratildi. O‘zbekiston rahbari diniy-axloqiy
qarashlari bilan mintaqamizda ulkan e'tibor qozongan Ahmad Yassaviyga
Sohibqiron Amir Temur ixlos qo‘ygani hamda uning xotirasiga atab Turkiston shahrida
muhtasham maqbara bunyod etganini qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida
mustahkam tarixiy rishtalar, mushtarak til, madaniyat va ma'naviy qadriyatlar
asosida shakllangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mintaqaviy
hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib borayotganini alohida ta'kidlandi.
Davlat rahbari koronavirus pandemiya
ta'sirida davom etayotgan global inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish va
bartaraf etish yo‘lida kengashning yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy
hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek,
savdo, investitsiya, sanoat, transport aloqalarini tez fursatda tiklash va
yangi sharoitlarda rivojlantirish, elektron tijorat hamda raqamli
texnologiyalarni keng joriy etish, ishbilarmon doiralar va hududlararo
hamkorlik imkoniyatlaridan to‘liqroq foydalanish zarurligiga e'tibor qaratdi.
Turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida sanoat
kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish
ustuvor vazifalardan biri ekanligi, Turkiy kengash doirasida Investitsiya
jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish va ishga tushirish bo‘yicha
amaliy ishlarni jadallashtirish zarurligi ta'kidlandi.
O‘zbekiston prezidenti mintaqamizning
ulkan strategik ahamiyatga ega transport va tranzit salohiyatidan yanada unumli
foydalanishga, Osiyodagi global bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish
maqsadida Markaziy Osiyo hududida transport yo‘laklarini, shuningdek,
Ozarboyjon va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga eltuvchi yo‘nalishlarni
rivojlantirish, logistika infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha yirik
loyihalarni birgalikda amalga oshirishga chaqirdi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashga a'zo
mamlakatlardagi muqaddas qadamjolar bo‘ylab «Tabarruk ziyorat» loyihasini amalga
oshirish, shu maqsadda Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish
tashabbusini bildirdi.
Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir va davlat
arbobi Alisher Navoiyning turkiy dunyo ma'naviy-marifiy hayotiga qo‘shgan
beqiyos hissasini inobatga olib, davlatimiz rahbari fan, ta'lim, adabiyot,
san'at, ijtimoiy sohalardagi yutuqlar hamda turkiy dunyo birligini
mustahkamlash yo‘lidagi sa'y-harakatlarni rag‘batlantirish maqsadida Turkiy
kengash doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta'sis qilishni
taklif etdi.
O‘zbekiston
prezidentining tashabbuslari sammit ishtirokchilari tomonidan to‘liq
qo‘llab-quvvatlandi.
Oliy darajadagi
uchrashuv yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilinib, unda norasmiy
sammitda erishilgan asosiy kelishuvlar aks etdi.
Turkiy kengashning
sakkizinchi sammitini 2021 yilning kuzida Turkiya Respublikasida o‘tkazish
rejalashtirilmoqda.
kun.uz.dan olindi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
01 04 2021 / 12:15