Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Bu yil 30 ming gektar yerga kartoshka ekish rejalashtirilgan



Ulashing :


Dasturxonimiz to‘kinligi, bozorlarimizda narx-navoning barqarorligi hamda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda dehqon va fermerlarning mehnati, yetishtirayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari muhim o‘rin tutadi.

Yurtimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yo‘nalishidagi ishlar, bu yilgi rejalar xususida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining Sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Farhod Ashirov bilan suhbatlashdik.

— O‘tgan 2022 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish borasida agentlik tomonidan qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi?

— 2022 yilda 100 ming gektar paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan E-AUKSION elektron savdo platformasi orqali 428 ming fuqaroga ijara huquqi asosida yer maydonlari ajratib berildi. Bu maydonlarda kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar va kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan edi. Yerlarning 29,3 ming gektarida sabzavot, 17,9 ming gektarida poliz, 14,7 ming gektarida kartoshka, 9,2 ming gektarida moyli, 27,4 ming gektarida dukkakli va 1,6 ming gektarida boshqa ekinlar joylashtirildi.

Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tomonidan dehqon va fermer xo‘jaliklariga 410 tonna sarimsoq piyoz va 5,6 tonna piyoz urug‘liklari yetkazib berildi. To‘qsonbosti ekinlari bo‘yicha 2022 yilda jami 4 ming 90 gektar maydonda, jumladan 1 ming 502 gektarga sarimsoq piyoz, 2 ming 419 gektarga piyoz, 96 gektarga sabzi, 39 gektarga osh lavlagi va 34 gektarga ko‘kat ekildi.

— Bu yilgi rejalar qanday: qancha maydonga sabzavot va poliz ekinlarini ekish mo‘ljallangan?

— Albatta, bu yilgi hosil uchun ham ishlar boshlab yuborilgan. 2022-2023 yillarda ajratilishi rejalashtirilgan 195 ming gektar yer maydonining 67 ming gektari sabzavot, 33 ming gektari poliz, 23 ming gektari moyli ekinlar, 42 ming gektari dukkakli ekinlar va 30 ming gektariga kartoshka urug‘i ekish rejalashtirilgan. Buning natijasida aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga, respublikamiz bo‘yicha 1 million 490 ming aholi bandligi ham ta’minlanadi.

—Sabzavot va poliz ko‘chatlarini yetishtirish borasida qanday ishlar qilinmoqda?

— Agentlik tashabbusi bilan joylardagi mavjud issiqxona xo‘jaliklarida 400 million dona sabzavot va poliz ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi 2 gektarlik hamda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi 3 gektarlik issiqxonalarda 10 million dona sabzavot urug‘larini qadash ishlari boshlandi. Hozirda har bir konturda dehqon xo‘jaliklari bilan kelishilgan holda usta dehqon tanlab olish, har bir kontur bo‘yicha bir ekin turini ekish hamda urug‘lik va ko‘chatlarga bo‘lgan talablarni qayta o‘rganib chiqish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, yaratilgan imkoniyatlar natijasida dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar fyuchers shartnomasi asosida bozor narxida tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi korxonalar tomonidan kafolatli xarid amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Yana shuni ta’kidlash joizki, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Agroservis operator» DUK tomonidan 2023 yilda mahsulot yetishtiruvchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar yetkazib berish, shuningdek, zaruriy agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, sabzavotchilikni rivojlantirish sohasidagi islohotlar natijasida aholini zarur mahsulotlar bilan yetarli darajada ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, jahon bozorida O‘zbekistonning ushbu mahsulotlar eksportidagi ulushini oshirishga zamin yaratiladi.

Muhtarama Komilova suhbatlashdi.

O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

14 02 2023 / 12:13