Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Oliy Majlis Senati Raisi “Tenglik avlodi” forumida videomurojaat bilan ishtirok etdi



Ulashing :


Joriy yilning 29-31 mart kunlari Mexiko shahrida videokonferensaloqa shaklida “Tenglik avlodi” forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva videomurojaat bilan ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasining gender tenglik, xotin-qizlarning davlat va jamoat ishlaridagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni va ayollar bandligini taʼminlash, ularni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi yutuqlari, shu jumladan pandemiya davrida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida global forum ishtirokchilariga maʼlumot berildi.

Gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mamlakatimiz davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ekanligi taʼkidlandi.

Konferensiya doirasida har bir mamlakatning Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasida belgilangan strategik maqsad va vazifalarni bajarishdagi saʼy-harakatlarini yana-da kuchaytirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi. Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasida xotin-qizlarning huquqlarni va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha universal majburiyatlar shakllantirilgan.

Tadbir davomida, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi davrida gender tenglik to‘g‘risida xabardorlikni oshirish bo‘yicha yalpi va seksion majlislar tashkil etildi. Xususan, “XXI asr kun tartibi” va Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) nuqtai nazaridan gender tenglikka erishish uchun jamoatchilik ishtiroki va ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Pekin harakatlar platformasi tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha mavzular ko‘rib chiqildi.

Forum barcha mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekiston uchun gender tenglik nuqtai nazaridan eng yaxshi tajriba va fikr almashish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘tadi.

Forum yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

01 04 2021 / 14:59