Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

2022 yilda 41 ming gektar maydonda uzumzorlar barpo etildi



Ulashing :


O‘lkamizga bahor fasli kirib kelishi bilan dehqonlaru bog‘bonlar harakatga tushib qolishdi. Keng dalalarda, bog‘u-rog‘larda, ekin maydonlarida bahorgi yumushlar boshlab yuborildi.

Yaqinda Toshkent viloyatining Parkent tumaniga yo‘limiz tushib, keng maydonlardan o‘tganimizda, adirliklar uzra yastanib yotgan uzumzorlarga ko‘zimiz tushdi. Ta’miyu nomi mashhur Parkent uzumlari ana shu keng uzumzor bog‘larda yetishtirilishi xayoldan o‘tar ekan, o‘ylarimiz yurtimizda uzumchilik sohasida olib borilayotgan ishlarga ulanib ketdi.

Statistika agentligining ma’lumotlarini o‘qib qoldim: 2023 yilning yanvar oyida O‘zbekiston 30 ta xorijiy davlatga qiymati 6,3 million dollarga teng bo‘lgan 7,5 ming tonna mayiz eksport qilgan. Mayiz eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda, 464 tonnaga oshgan ekan. Bu raqamlar, albatta, uzumzorlarni kengaytirish, yangi tokzorlarni tashkil etish, serhosil uzum navlarini ko‘paytirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga borib taqaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublikamizda 48 ta uzumchilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda 156 ming gektar maydonda yangi tokzorlar barpo etish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu borada o‘tgan 2022 yilda 437 ta loyiha amalga oshirilib, 41 ming gektar maydonda uzumzorlar barpo etildi. Bu 2021 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p. Jami uzum maydonlari 134 ming gektarga yetkazildi.

Uzumchilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda jami 12,8 ming gektar uzumzorlarda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatildi va tadbirkorlarga 66,7 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratib berildi. Bu boradagi sa’y-harakatlar, o‘z navbatida, uzumchilik bilan shug‘ullanayotgan dehqon xo‘jaliklariga o‘z faoliyatini kengaytirishlarida keng imkon yaratmoqda.

Yurtimizda yetishtirilayotgan uzum va uzumchilik mahsulotlarining eksportini kengaytirish, qolaversa, sohada o‘zaro tajriba almashish maqsadida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi. Bu borada 2022 yilda 46 ta xorijiy davlatga 240 million dollarlik, shundan 136 million dollarlik uzum, 50 million dollarlik mayiz hamda soha korxonalarining 54 million dollarlik mahsulotlari eksport qilindi.

Bundan tashqari, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarda ommalashtirish maqsadida o‘tgan yili Rossiya, Tojikiston va Turkmanistonda o‘tkazilgan 5 ta xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalarda 21 ta soha korxonalari 50 xil turdagi tabiiy vino mahsulotlari bilan ishtirok etgan.

Uzumchilik va vinochilik, umuman, meva va sabzavotchilik sohasida ta’lim jarayonlarini takomillashtirish, sohada ilmiy yondashuvlarni joriy qilish masalalari ham doimiy e’tiborda. Bu borada Farg‘ona davlat universitetida “Uzumchilik, mevachilik va sabzavotchilik” qo‘shma fakulteti tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda azaldan shakllanib kelgan uzumchilik an’analarini bugungi zamon talablari darajasida yanada rivojlantirish, sohadagi ishlarni jadallashtirish dolzarb ahamiyatga ega. Sohani rivojlantirish uzum, mayiz va vinochilik mahsulotlari eksportini kengaytirishga, aholi bandligini ta’minlash hamda daromadlarini ko‘paytirishga zamin yaratadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

14 03 2023 / 15:52