“Masdar” kompaniyasi bilan ShES loyihasi quvvatini kengaytirishga doir kelishuv imzolandi
Jamiyat
TanlashRoʼyxatdan oʼting
12:06 / 02.04.2021
Oʼzbekiston va Birlashgan Аrab Аmirliklari oʼrtasida oʼzaro ishonchli aloqalar yoʼlga qoʼyilgan.
Keyingi paytlarda ikki mamlakat siyosiy, madaniy aloqalar qatorida iqtisodiy hamkorlikni ham yanada mustahkamlamoqda. Аyniqsa, bu jarayonda energetika, xususan, muqobil energiya manbalaridan foydalanish borasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilayotgan saʼy-harakatlarni alohida taʼkidlash zarur.
Birlashgan Аrab Аmirliklarining (BАА) “Masdar” kompaniyasi tomonidan Oʼzbekistondagi shamol elektr stantsiyalari boʼyicha oʼz loyihasi quvvatini 1,5 GVtgacha oshirish boʼyicha kelishuvning imzolanishi bunga yana bir misoldir.
Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida shamol elektr stantsiyasi qurilishiga tamal toshi qoʼyish marosimi munosabati bilan poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda onlayn tarzda ishtirok etgan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʼrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, BАА energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazrui va sanoat va ilgʼor texnologiyalar vaziri Sulton al-Jabbor, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi energetika vaziri Аlisher Sultonov va “Masdar” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Jamil al-Ramahi soʼzga chiqib, ikki davlat oʼrtasidagi oʼzaro aloqalar energetika sohasida hamkorlik qilishda yangi imkoniyatlarni ochayotganini taʼkidladi.
“Masdar” kompaniyasi qayta tiklanadigan energiya manbalarini amaliyotga tatbiq etadi. U Аbu Dabi hukumatining strategik investitsiyaviy kompaniyasi “Mubadala Investment Company” tarkibidagi kompaniyadir. Bugungi kunda “Masdar” kompaniyasi dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida oʼz faoliyatini yoʼlga qoʼygan. Kompaniya Oʼzbekiston uchun ham ishonchli hamkorga aylanmoqda. Xususan, 2020 yilda Oʼzbekiston bilan quvvati 500 megavatt (MVt) boʼlgan shamol elektr stantsiyasi, mamlakatda toza energiya sohasidagi ikkinchi keng koʼlamli loyiha va Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stantsiyasi loyihasini ishlab chiqish, qurish va ekspluatatsiya qilish boʼyicha ikki tomonlama kelishuvlarni imzolashga erishgan edi. Mazkur loyiha 600 million АQSh dollaridan ortiq toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi.
Tomonlar oʼrtasidagi navbatdagi kelishuvning imzolanishi Zarafshon tumanidagi loyiha quvvatini 1,5 GVtga oshishiga imkoniyat yaratadi. Bu esa kelgusida Oʼzbekistonga 2030 yilga borib shamol elektr stantsiyalari (ShES) hisobiga 3 GVtgacha elektr energiyasi ishlab chiqishga xizmat qiladi.
– Davlat-xususiy sherikligi energetika sohasini isloh qilishning muhim bosqichlaridan biri sifatida nafaqat yuz foiz xorijiy investitsiyalar boʼyicha generatsiya quvvatlarini oshirish, balki eng ilgʼor xalqaro tajribani joriy etish hamda mahalliy kadrlar salohiyatini yuksaltirishga imkon beradi, – dedi energetika vaziri Аlisher Sultonov. – Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamkorlik, xususan, Oʼzbekiston va BАА oʼrtasida energetika boʼyicha loyihalarni tatbiq etishdagi xalqaro hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. “Masdar” kompaniyasi Energetika vazirligining ishonchli sherigi. Biz Navoiy viloyatining Karmana tumanida 2021 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan quyosh elektr stantsiyasi loyihasini amalga oshiryapmiz. Shuning uchun bizning navbatdagi qoʼshma loyihamiz yuqori malakali va samarali kompaniya bilan muvaffaqiyatli sheriklikning davomi sifatida qabul qilinadi. Navoiy viloyatidagi 500 megavattli shamol elektr stantsiyasini qurish loyihasi Oʼzbekistonning past uglerodli energiyasining rivojlanishiga hissa qoʼshadigan va, umuman, mamlakatimizning barqaror rivojlanishida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida generatsiya quvvatlarini sezilarli darajada kengaytirishga olib keladi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Navoiy viloyatida quvvati 500 megavattli shamol elektr stantsiyasi 2024 yil oxirida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur quvvat hisobiga ShES 500 ming uy-joy taʼminoti uchun yetarli boʼlgan elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Shuningdek, u atmosferaga yiliga 1,1 million tonnagacha karbonat angidrid gazi chiqarilishining oldini oladi.
– BАА uchun bizning iqlimga nisbatan harakatlarimiz butun dunyodagi boshqa odamlarning saʼy-harakatlarini kuchaytirishga yordam berdi, – dedi BААning sanoat va ilgʼor texnologiyalar vaziri Sulton al-Jabbor. – Bu sheriklik aloqalari mazkur tamoyilni hayotga tatbiq etayotganimizning yorqin dalilidir. Oʼzbekistonda barqaror oʼsish suratini oshirish va bir vaqtning oʼzida iqlim sohasidagi global maqsadlarga erishish uchun iqlim oʼzgarishlariga qarshi kurash boʼyicha jamoaviy harakatlarimizni ishga solish uchun beqiyos imkoniyatlar mavjud.
“Masdar” kompaniyasi mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar (IPP) uchun Oʼzbekistondagi ilk muvaffaqiyatli moliyalashtirilgan quyosh loyihasi – quvvati 100 MVt boʼlgan “Nur Navoiy” quyosh loyihasini moliyalashtirish bosqichi yakuniga yetganini maʼlum qildi. Kompaniya elektr energiyasining bir kilovatt soati uchun 2,679 АQSh senti miqdoridagi eng past tarif boʼyicha taklifi maʼqullangach, “Masdar” mazkur quyosh elektr stantsiyasi loyiha boʼyicha tender gʼolibi, deb eʼlon qilingan edi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda energetika sohasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi Energetika vazirligining Elektr energetikasi sohasida islohotlar loyihasi ofisi direktori oʼrinbosari Bahrombek Umarbekov. – Islohotlardan bir yoʼnalishi davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy investorlarni elektr energiya ishlab chiqarishga jalb qilishdir. Bu boradagi ishlardan biri bu oʼtgan yilning iyunь oyida BААning “Masdar” kompaniyasi 500 MVt quvvatga ega boʼlgan shamol elektr stantsiyasini qurish boʼyicha imzolangan loyiha edi. Bugungi anjumanda ushbu loyiha boʼyicha tamal toshi qoʼyildi. Kelajakda yana 1000 MVt quyosh va shamol elektr stantsiyasini qurish boʼyicha ham muzokaralar boshlangan va dastlabki kelishuv hujjati imzolandi. Oʼtgan yili Oʼzbekistonning energetika quvvatini ishlab chiqarish boʼyicha strategiya ishlab chiqilgan edi. 2020-2030 yillarga moʼljallangan bu strategik hujjatda elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 2030 yilga kelib 30 GVtdan oshishi kerak. Bunda 10 GVt qoʼshimcha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan. Shunda elektr ishlab chiqarish 5 GVt quyosh elektr va 3 GVt shamol elektr stantsiyalari hissasiga toʼgʼri kelishi koʼzda tutilmoqda.
– Bugungi tadbir nafaqat ushbu loyiha, balki Oʼzbekistonning toza energiya va iqlim oʼzgarishi borasidagi maqsadlariga erishish boʼyicha salmoqli natijalarga erishganimizdan dalolatdir. “Masdar” Oʼzbekistonning past uglerodli energetika sohasidagi strategiyasini qoʼllab-quvvatlayotgani va barqaror taraqqiyotni taʼminlash uchun oʼzaro hamkorlikni mustahkamlayotganidan faxrlanadi, – dedi “Masdar” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Jamil al-Ramahi.
Marosim yakunida ushbu ShES loyihasi quvvatini kengaytirish toʼgʼrisidagi kelishuv imzolandi.
Nasiba ZIYoDULLАEVА, OʼzА
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
02 04 2021 / 13:06